Onalik va bolalik muhofazasi: muammolar o‘z yechimini topyaptimi?

“Sog‘lom avlod” gazetasi tahririyati va “Sog‘lom ona va bola” ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan “Onalik va bolalikni muhofaza etish” mavzuida “Stol atrofida” davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavludaxon Xodjayeva, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika reproduktiv salomatlik markazi bosh mutaxassisi Ikrom Amonov, Respublika perinatal markazi direktor o‘rinbosari Shohida Bobojonova, Respublika “Ona va bola skriningi” markazi mutaxassisi Muhammadjon Bosimov, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Onalik va bolalik bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida mutaxassislar tez tibbiy yordam xizmati, yurtimizdagi QVPlarda mehnat qilayotgan doyalar va patronaj hamshiralari faoliyati, tug‘ruq komplekslarida homilador ayollarga yaratilgan sharoitlar, asoratli tug‘ruqlar va Kesercha kesish jarrohlik amaliyoti, fenilketonuriya, tug‘ma gipotireoz, mukovitsidoz kabi irsiy xastaliklarni aniqlashda o‘tkaziladigan laboratoriya tahlillari tartibi, homilador ayollarning skrining tekshiruvidan o‘tish zarurati, shuningdek, ancha vaqtdan buyon aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan tug‘ruq jarayonida kerakli bo‘lgan birlamchi buyumlar va dori-darmonlarni sotib olish holatlari bo‘yicha berilgan barcha savollarga atroflicha javob qaytarishdi.

Tez tibbiy yordam tizimida har bir chaqiriqqa sarflanayotgan mablag‘ uch barobarga oshirildi

Mavludaxon XODJAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

– Prezident Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishi va Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan marosimda “Aholimiz uchun ikkita muhim masala bor: bu sog‘lik va tinchlik”, degan edi. Joriy yilning 24 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda esa mamlakat aholisi salomatligini Qonunchilik palatasi, tinchlik masalalarini Senat o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladi. Shundan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasida aholi salomatligini asrash, ularni dori-darmon bilan ta’minlanishi masalalari nazorati bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi parlament komissiyasi tuzildi. O‘tgan uch-to‘rt oy ichida komissiya amalga oshirgan ishlarni chuqur tahlil qilib berdi. Komissiyaga har bir viloyatdan bitta deputat kiritildi, shuningdek, Moliya va Iqtisodiyot vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari a’zo bo‘lib, spiker boshchiligida qattiq mehnat qilishdi. Tezkorlik bilan komissiyaning nizomi ishlab chiqildi. Hududlarda xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida hududiy komissiyalar ham tuzildi.

Komissiya joylarda ishni o‘rganganda tez yordam tizimida har bir chaqiriqqa sarflanayotgan mablag‘ 480 so‘mni tashkil etishi aniqlandi. Ba’zi tumanlarda esa undanda past – 450 so‘m… Ba’zilarida 500 so‘mdan oshmagan. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, juda kam mablag‘ ajratilgan. Vaholanki, katta tumanlarda 100 tagacha va undan ortiq chaqiriq bo‘lishi mumkin. Ochiq aytganda, komissiya tomonidan bu masala muhokama qilinib, tegishli vazirliklar oldiga vazifalar qo‘yildi. Mablag‘ni ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi. Mana bugungi kunda ushbu yo‘nalishga mablag‘ ajratish uch barobarga o‘sdi. Hozir har bir tez yordam chaqirig‘iga ajratilgan mablag‘ 1200 so‘mni tashkil qilmoqda. Bu ham aslida yetarli emas, raqamlar o‘sishi kerak. Bugungi talabga qaraganda kamlik qiladi. Hozir tez yordam xizmatida maxsus brigadalar uchun 41 ta, tug‘ruq brigadalari uchun 36 xil dori vositalari bo‘lishi lozim. Biroq, aholi “Tez yordam” xizmat xodimlarini chaqirganda ba’zi dori-darmonlar tugab qolish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa ehtiyoj ko‘pligini, dori-darmon ta’minotini yanada kuchaytirish zarur ekanini ko‘rsatadi. Bu borada parlament komissiyasi oldida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar talaygina…

Yana o‘qing:  AYOL OMON BO‘LSA, xonadon obod

O‘zbekistonda uy sharoitidagi tug‘ruq amaliyotiga ruxsat berilmagan

Shohida BOBOJONOVA,

Respublika perinatal markazi direktor o‘rinbosari:

– Uydagi tug‘ruq amaliyotini olib borish Yevropaning ba’zi mamlakatlarida yo‘lga qo‘yilgan. Lekin O‘zbekistonda bunga ruxsat berilmagan. Aslida, 85 foiz ayolda tug‘ruq jarayoni normal kechadi.

Lekin bu jarayonda mutaxassis hozir bo‘lishi shart. Ikkinchidan, uy sharoiti tozalikka javob berishi kerak. Bundan tashqari, shoshilinch tez tibbiy yordam anjomlari tayyor bo‘lishi talab etiladi. Chunki tug‘ruq jarayoni qanday kechishini hech kim oldindan aniq aytib berolmaydi.

Masalan, tug‘ish jarayonida onaning holati yaxshi bo‘lib, hammasi ijobiy tugaganidan so‘ng, nimadir sabab bilan yo‘ldoshi ajralmay, qon ketib qoldi, deylik. Bu vaziyatda nima qilish kerak? Birinchidan, akusher-ginekologning tezkor yordami kerak. U zudlik bilan qon ketishini to‘xtatishi zarur. Buni mutaxassisdan boshqa hech kim amalga oshirolmaydi. Uy sharoitida esa buning aslo imkoni yo‘q. Onalarning o‘limiga ko‘pincha ko‘p qon ketishlar sabab bo‘ladi.

Nuqsonli deb hisoblangan homiladorlikni rivojlantirishdan to‘xtatish yoki to‘xtatmaslik har bir ota-onaning o‘z ixtiyorida

Jumabek NUROV,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Onalik va bolalik bo‘limi boshlig‘i:

– Respublika ona va bola skriningi markazi hamda uning hududiy filiallari mamlakatimizda ona va bola salomatligi muhofazasi yo‘lida faol harakat qilmoqda. Zero, ushbu tashkilot 1998 yilda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. O‘tgan yillar davomida yurtimizda nogironlik 3,5 barobarga kamaydi. Bugun “Ona va bola skriningi” davlat dasturini amalga oshirish uchun 1 million 600 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ hukumatimiz tomonidan shu soha rivoji uchun yo‘naltirilmoqda. Skrining tekshiruvlari uchun zarur bo‘ladigan reaktivlar Finlandiyadan keltiriladi. O‘tgan yarim yilda O‘zbekiston bo‘yicha 2,5 mingta nogiron tug‘ilish ehtimoli mavjud homiladorlikni skrining markazi mutaxassislari rivojlanishdan to‘xtatishga tibbiy ko‘rsatma berdi. Lekin nuqsonli deb hisoblangan homiladorlikni rivojlantirishdan to‘xtatish yoki to‘xtatmaslik har bir ota-onaning o‘z ixtiyorida ekanligini aytib o‘tmoqchiman.

Xususiy klinikalar malakali mutaxassislarni “o‘g‘irlab” olmoqda

Ikrom AMONOV,

Respublika reproduktiv salomatlik markazi bosh mutaxassisi:

– O‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari masalasida hech qanday muammo yo‘q. Faqatgina bilim olish borasidagi sifat masalasi oldimizda turgan dolzarb masala sanaladi. Ammo, oliy ma’lumotli xodimlar yetishmasligi chindan ham tibbiyotning har bir sohasida mavjud muammodir. Akusherlik va ginekologiya sohasi ham bundan mustasno emas.

Yana o‘qing:  DUO QILASIZ

Yaqinda Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida markazdan 80 km olisda joylashgan QVPda bo‘ldim. O‘shanda bildimki, Navoiy viloyati tibbiyot muassasalarida oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlariga vakansiya juda yuqori darajada ekan. Hozirda tibbiyot oliygohlari uchun qo‘shimcha kvotalar ajratildi. Bu ham kelajakda kadrlar taqchilligining oldini olishda o‘z samarasini beradi.

Kuzatuvim davomida shunga amin bo‘ldimki, oxirgi 5 yil ichida ko‘plab tibbiyot sohasidagi mutaxassislar xususiy sektorga o‘tib ketgan. Qariyb 40 foiz shifokorlar davlat muassasalaridan xususiy klinikalarga o‘tib ishlamoqda.

Buning bir qancha sabablari bor. Birinchidan, yurtimizda xususiy klinikalar faoliyati rivojlanmoqda. Hozirda bu sektorda shifokorlar uchun 7-8 million so‘mgacha ish haqi to‘lanadi. Bu esa shifokorning moddiy manfaatdorligi oshishiga xizmat qiladi. Ikkinchidan, davlat tasarrufidagi tibbiyot muassasalari shifokorlarining o‘z vazifasidan tashqari turli jamoat ishlariga jalb etilayotgani ham bunga katta ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qo‘pol bo‘lsa ham aytish joiz, xususiy klinikalar tibbiyot muassasalarining malakali mutaxassislarini “o‘g‘irlab” olmoqda. Sababi yaxshi mutaxassislarni hamisha mijozlar ko‘p izlab keladi.

Shunday doyalar borki, hatto yosh akusher-ginekologlardan ham yaxshi bilimga ega

Ikrom AMONOV,

Respublika reproduktiv salomatlik markazi bosh mutaxassisi:

– Avval yurtimizda 3200 ta QVP bo‘lib, bugun ular 50 foizga qisqardi. Ya’ni, bu muassasalarni o‘zaro birlashtirgan holda yanada ixcham bo‘lgan oilaviy poliklinikalar tajribali tashkil qilindi.

Dastlab tug‘ruq jarayoni boshlanganidan so‘ng, o‘rtacha 8-10 soat o‘tgach, tug‘ruqning faol ikkinchi davri boshlanadi. Unga qadar esa ayollar tug‘ruq komplekslariga yetkazib boriladi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda tug‘ruqlarning 1 foizini yo‘lda, uyda sodir bo‘lgan tug‘ruqlar tashkil etadi. Bu juda katta ko‘rsatkich emas. Shu jihatdan oladigan bo‘lsak, bu borada respublikamiz tug‘ruq holatlari bo‘yicha juda yaxshi ko‘rsatkichga ega.

QVP va oilaviy poliklinikada faoliyat olib borayotgan doyalar homiladorlikning ilk kunlaridan boshlab 9 oy davomida homilador ayol salomatligini doimiy ravishda kuzatib boradi. Ammo bu – homilador ayolning salomatligi to‘laligicha doyalarga tashlab qo‘yiladi, degani emas. Homilador ayol ko‘zi yorugunga qadar akusher-ginekolog tomonidan kamida 7 marta ko‘rikdan o‘tkaziladi, doyalar ko‘rigi esa shu orada o‘tkaziladi. Bu tekshiruvlarda ayolning qon bosimi, uning umumiy ahvoli, homilaning rivojlanishi haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘linadi. O‘z tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, shunday tajribali doyalar borki, ular hatto, yosh akusher-ginekologlardan yaxshi bilimga ega. Bundan tashqari u o‘sha huddudda yashovchi ayolning ism-familiyasini aniq bilishdan tashqari, boshidan o‘tkazgan kasalliklaridan ham yaxshigina xabardor.

Yana o‘qing:  Qalb hamdamim o‘zingsan, bolam...

QVPlarda tug‘ruq jarayonini amalga oshirilmaydi. Sababi u yerda yetarli darajada shart-sharoit mavjud emas. Ushbu muassasada faoliyat olib borayotgan doyalar esa homilador ayollarning ko‘zi yorigunga qadar ularni doimiy ravishda salomatligini nazorat qilib, ularga kerakli tavsiyalar berib boradi. Yurtimizning chekka hududlaridagi QVPlar tug‘ruq komplekslaridan uzoq masofada joylashganligi sababli ushbu hududdagi homilador ayollarni QVP doyalarining ko‘rsatmalariga asoslanib, ko‘zi yorishidan vaqtli tug‘ruqxonaga yuboriladi. Chunki ushbu holatda vaqt va masofa hisobga olinadi.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda mamlakatimizda tug‘ruqlarning 1 foizini yo‘lda, uyda sodir bo‘lgan tug‘ruqlar tashkil etadi.

Homilador ayollarning barchasi skrining tekshiruvidan o‘tishi shart emas

Muhammadjon BOSIMOV,

Respublika “Ona va bola skriningi” markazi genetik-mutaxassisi:

– Bilamizki, homilador ayollar homila 18 haftaligida skrinning tekshiruvidan o‘tishi zaurur. Viloyat markazlari va uzoq qishloqlar orasidagi masofa va boshqa sabablar tufayli hamma ham bu tekshiruvlardan o‘tish imkoniga ega emas.

Asosan skrinning tekshiruvi orqali irsiy kasalliklar aniqlanadi. Jumladan, homilador ayol, 35 yoshdan oshgan er va xotin o‘rtasida yaqin qarindoshlik rishtalari bo‘lsa va oldingi farzandlarida kasallanganlar aniqlansa, bu ayollar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ayniqsa, xromosoma kasalliklari bor, Daun sindromi xavfi mavjudligi gumon qilinayotgan homilador ayollar bu tekshiruvdan o‘tishi shart. Shunday ekan yuqorida aytib o‘tilgan holatlar kuzatilmagan ayollar ushbu tekshiruvlardan o‘tishlari majburiy emas.

Tug‘ruqxona komplekslarini optimallashtirish kerak

Shohida BOBOJONOVA,

Respublika perinatal markazi direktor o‘rinbosari:

– Bugun ba’zi chekka tumanlardagi eng olis hududlarda ham tug‘ruqxonalar mavjud. Biroq, ularning barchasi ham zamonaviy talablarga javob bera olmaydi. Birida malakali mutaxassislar yetishmasa, boshqasi zaruriy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmagan.

Shu sohada uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassis sifatida tug‘ruq komplekslarini optimallashtirishni taklif etgan bo‘lardim. Bu taklif o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Dunyoning juda ko‘p rivojlangan mamlakatlarida tug‘ruqxonalar birlashtirilib, katta tibbiy markazlarga aylantirilgan. Agar 2-3 ta tumandagi tug‘ruqxonalar birlashtirilib, perinatal markazlarga aylantirilsa, u yerda yuqori malakali shifokorlarni jamlash hamda bu muassasani eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash imkoniyati yuzaga keladi. Natijada aholiga ko‘rsataliyotgan tibbiy xizmatlarning sifati va samaradorligi yanada oshadi.

Ayrimlar oraliq masofa ortib, bemorni markazga yetkazish qiyinlashadi, deb e’tiroz bildirishi mumkin. Lekin bugun homilador ayolni hech kim ot-aravada tug‘ruqxonaga olib kelmaydi. Yengil mashinalar uzoqni yaqin qilib turibdi.

Davra suhbatini Ra’no ZARIPOVA, Gulchehra ShIRINOVA,

Xurshida HUSENOVA, Charos XUSHVAQTOVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: