MEHR VA SAODAT OSHYONI

Mamlakatimizda “SOS bolalar mahallasi” O‘zbekiston milliy uyushmasi faoliyat ko‘rsatayotganiga ko‘p bo‘lmadi. Ammo ushbu yo‘nalishda respublikamizning turli qishloq va mahallalarida qator savobli va xayrli ishlar amalga shirilayotganining guvohi bo‘lyapmiz.

Uyushmaning Xorazm viloyati filiali tashkil topganiga uch yil bo‘ldi va qisqa davr mobaynida samarali natijalarga erishildi.

Oila mehr-muhabbatidan mosuvo bo‘lgan yohud ota-ona e’tiboriga muhtoj bolajonlarni bag‘riga olgan, muqaddas oila sharoitini yaratib berayotgan uyushma Urganch shahrida va Shovot tumanida ana shunday “SOS bolalar mahallasi”ni bunyod qildi. Ularning maqsadi – oilaviy muhitni yaratish, samarali ta’lim-tarbiya berish, oilalarni mustahkamlash, eng asosiysi bolajonlarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularning ma’naviy kamolotiga ko‘maklashishdir.

Urganch shahrida oilasini yo‘qotgan yohud ota-ona mehri-muhabbatidan chetda qolib ketgan bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga hayot tarzini yaxshilashga yordam berish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bugun o‘zining ijobiy tomonlarini ko‘rsatmoqda. Shaharda bugungi kunda ko‘ngli kemtik ana shunday 30 nafar bola o‘zining yangi oilasini topdi. Bolalarni 6 nafar ona, ikki nafar ota-ona va to‘rt nafar oila ko‘makchilari voyaga yetkazishmoqda.

Bolalar darsdan bo‘sh vaqtlarini unumli va foydali o‘tkazishlari uchun musiqa maktablari, sport to‘garaklariga muntazam qatnashmoqdalar. Maktabdagi ta’til paytlarida ekskursiyalarga chiqish, yozgi dam olish maskanlarida xordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan.

Urganch shahri va Shovot tumanida ikkita ijtimoiy markaz faoliyat olib bormoqda. Mazkur dasturdan 99 ta oila va ularning 281 bolasi manfaat topmoqda. Ularga turli yo‘nalishlarda ijtimoiy- ruhiy, moddiy, ma’rifiy va sog‘liqni saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Ota-onalar uchun esa yakshanba maktablari, biznesni yo‘lga qo‘yish, yetakchilik qobiliyatini shakllantirish mavzularida saboqlar berilmoqda. Ana shularning natijasi o‘laroq 26 ta oila o‘z daromadani oshirishga, erishdi. Bu oila bolalari bugun har doimgidan yaxshiroq sharoitga ega bo‘lib, turmushini yanada farovonlashtirishga erishdi. Olti oilaning har qaysisiga kasanachilikni yo‘lga qo‘yishlari uchun 60 ta jo‘ja berildi. 94 nafar o‘quvchilarning darslarini o‘zlashtirishlari yaxshilandi. Bu yerda ayrim bolalarga yakka tartibda shug‘ullanishlari uchun ham shart-sharoitlar yaratilgan.

Bolalarning dam olish kunlari mazmunli o‘tkazilishi uchun turli tadbirlar- ko‘rgazma va tanlovlar, mashhur kishilar bilan uchrashuv va suhbatlar uyushtirilmoqda. Viloyatning ko‘zga ko‘rinarli joylariga, tarixiy obidalariga sayohatlar uyushtiriladi. Ushbu tadbirlar ham ularning hayotga bo‘lgan qiziqishini tobora orttirmoqda.

Yana o‘qing:  San’at g‘unchalari – yosh iste’dodlar parvozi

Bolajonlar ta’lim-tarbiya topayotgan Urganch shahridagi 28-son bolalar bog‘chasi va 18-son umumiy o‘rta maktab bazasi bosqichma-bosqich mebellar bilan jihozlandi. Ta’lim muassasalariga turli mavzulardagi uslubiy qo‘llanmalar va kitoblar berildi. Shuningdek, o‘qituvchi va tarbiyachilarga “Interfaol o‘qitish uslublari” asosida o‘quv seminarlari o‘tkazildi.

Ma’lumki, insonning taqdiri, kelajagi, qo‘lga kiritadigan yutuqlari yohud muvaffaqiyatsizligi, kasb tanlashi, xatto uzoq umr ko‘rishi, kayfiyati uning oilaviy muhitiga bog‘liq. Xalqimizda “Nimani eksang, o‘shani o‘rasan”, degan yaxshi hikmat bor. Bolalarga ko‘rsatilayotgan mehr-muhabbat ertaga o‘zimizga ortig‘i bilan qaytadi, bu tabiiy. Bizda oila- muqaddas tushuncha, uni qadrlash har birimizning burchimiz, degan dunyoqarash shakllangan. Ammo o‘z jigargo‘shalariga befarq, ularni o‘z xoliga, qarovsiz tashlab qo‘ygan ota-onalar haqida nima deyish mumkin?! Vaholanki, uyushma tarbiyasiga jalb qilingan ba’zi bolalarning ota-onasi hayot bo‘la turib farzandini o‘z holiga tashlab qo‘yishgan. Oramizda ana shunday bemehr, loqayd insonlar bo‘lmasligini istaymiz. Zero, har bir ota-ona farzandi oldidagi, farzandlar esa ota-onalari oldidagi muqaddas burchini ado etishi bizning go‘zal va benazir qadriyatlarimizdan sanaladi.

Dilbar BEKCHANOVA,

Xorazm viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: