Mehr – MUSTAHKAM QO‘RG‘ON

Tong otdi. Saxiy quyosh o‘zining zarrin nurlari bilan deraza yonida uxlayotgan bolakayning sochlarini silaydi. Ko‘zlarini ochgan bola ona taftini tuyib, ilkis o‘rnidan turadi. Atrofga alanglaydi. Yonida o‘zi kabi onasini sog‘inib, tush ko‘rayotgan bolalarni ko‘rib, alam bilan yostiq quchadi. Shunda mehridaryo bir ayol kichkintoyni erkalab bag‘riga bosadi. Xursanoy opa shirin so‘zlari bilan ona misol ko‘ngilga malham qidiradi. Bu ayol har kuni o‘ksik qalblarga yupanch bo‘lishga intiladi. Uning asosiy vaqti mana shu bolalar davrasida o‘tadi…

Har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan matbuotda, televidenie orqali o‘qituvchilar faoliyati yoritiladi. Bugun e’tirof etmoqchi bo‘lgan qahramonimiz esa biror bir o‘quv maskanida saboq bermaydi, ammo kezi kelganda dars beruvchi ustozlardanda ziyod mehnat qiladi. Xlebushkina nomidagi 22-sonli “Mehribonlik uyi” mudirasi Xursanoy Xolova butun umrini mana shu maskanga bag‘ishlagan.

Mazkur “Mehribonlik uyi” 1942-yil tashkil etilgan. Shu kunga qadar besh mingga yaqin bolaga boshpana bo‘lgan.

Hozirda muassasada 14 ta to‘garak ochilgan. Kulolchilik, haykaltaroshlik, zardo‘zlik, tikuvchilik, pazandachilik va sportning turli yo‘nalishlarida bolalar mashg‘ulotlarda faol ishtirok etmoqda. Ularda malakali ustozlar faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy jixozlangan ikkita sport zali bor, u yerda bolalar istagan vaqtda shug‘ullanishlari mumkin. Qizlar uchun alohida oshxona mavjud. Ular bu yerda pazandalik sirlarini o‘rganishadi. Har yili bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan estafetalarda 22-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari oliy o‘rinlarni qo‘lga kiritadi. Bu esa maskanda yaratilgan sharoitlardan bolalarning unumli foydalanayotganining isbotidir. Ayni kunda 110 nafar bola bu yerda tarbiyalanadi. Xursanoy opa ana shu 110 nafar bolaning onasi hisoblanadi.

– Esimni taniganimdan beri Xursanoy onamning bag‘ridaman, – deydi 11 yoshli Muhriddin O‘rolov. – Onamiz hammamizga doim e’tiborli, ular bilan istagan paytim turli mavzularda suhbatlashaman. Men uchun hech qachon vaqtini ayamaydi. Yaqinda taekvondo bo‘yicha o‘smirlar musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Finalgacha yetib bordim. Oxirgi bellashuvga tayyorlanayotganimda Xursanoy onam hamma mashg‘ulotimni kuzatib turdi. Murabbiyimdan saboq olgan bo‘lsam, onamdan kuch-quvvat, madad oldim va musobaqada 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim.

Maktabdagi o‘qituvchidan farqli o‘laroq Mehribonlik uyidagi ustoz ertalabki yettidan kechasi o‘ngacha bolalar bilan ishlaydi. Ularga ham dunyoviy ham tarbiyaviy saboqlar beradi. Ba’zi murabbiylar kechalari ham shu yerda qolishadi. Tuni bilan bolakaylar holidan xabar oladi, to‘qqizinchi sinfda o‘qiyotgan yigit va qizlarga suhbatdosh, sirdosh bo‘ladi. Bu esa murabbiydan chinakam matonat talab etadi. Shu bois bundayin zahmatli ishni hamma ham uddalolmaydi.

Яна ўқинг:  ЯШАШНИ ЎРГАТГАН ШЕЪРИЯТ

“Mehribonlik uyi”da bolalarning yanada chuqurroq bilim egallashlari uchun Xursanoy opaning tashabbusi bilan “Xlebushkina stipendiyasi” tashkil etilgan. Eng yaxshi o‘qigan, har tomonlama jamoat ishlarida faol, axloq-odobi namunali bolaga mazkur stipendiya beriladi. Bolalarning kim o‘zarga dars tayyorlashlari, kim ko‘p kitob o‘qishga bellashishlari, albatta, ularda kelajakda ilg‘or jamoatchilar, teran fikrli tadbirkorlar yetishib chiqishidan darak beradi.

– Bir kuni o‘n yoshdagi Sevara ismli qizalog‘im maktabdan yig‘lab keldi, – deydi qahramonimiz. – Sababini so‘rasam, indamadi. Urinishlarim behuda ketdi. Bag‘rimga bosib, sochlarini siladim, erkaladim baribir gapirmadi. “Mayli ovqatingni yeb olgin, keyin bafurja gaplashamiz”, deb ortimga o‘girilsam kelib mahkam quchib oldi. “Xursanoy ona bugun men matematika darsidan to‘rt oldim. Axir bu yilgi “yil a’lochisi” faxriy yorlig‘ini men olmoqchi edim. To‘rt olsam qanday a’lochi bo‘laman”, deb yig‘ladi. Ko‘nglim tinchlanib, xavotirim aridi. Jim turib yig‘laganiga kimdir qizimning ko‘nglini og‘ritgan, qalbiga ozor berib gapirgan, xafa qilishgan deb o‘ylab, ichimdan “zil” ketgandim.

“Asal qizim, ko‘zmunchog‘im xafa bo‘lma. Bugun to‘rt olgan bo‘lsang, yana ham yaxshiroq o‘qib, ertaga besh olasan”, deya yupatdim. O‘sha kuni kechasi ancha paytgacha “Mehribonlik uyi”dagi matematika o‘qituvchisi va men Sevaraga dars tayyorlashda ko‘maklashdik. Ertasiga maktabdan kelishini intiq bo‘lib kutdim. O‘rilgan sochlariga lenta taqib olgan qizim darsdan kelib, yuzlarimdan o‘pib, “Ona bugun besh oldim” dedi. Men undanda ko‘proq sevindim. Bu yerdagi har bir bola mening bolalarim. 110 nafar bolaning hammasini ism-sharifini, nimalarni yoqtirishini, nimaga qiziqishini yoddan bilaman. Ular ham bir-birlarini aka-uka, opa-singildek ko‘radi.

Oilada ikki nafar farzandning tarbiyasini izga solguncha ota-onaning sochlariga oq oralaydi. Ana endi yuzdan ortiq bolani tarbiyalashning zaxmatini tasavvur qilyapsizmi?! Bugungi qahramonimiz ana shunday fazilatlarga ega mo‘tabar zot, ham ona, ham ustoz.

Dildora QARSHIBOYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: