Mardlik, burch va sadoqat

Yurtimizda keksalarni e’zozlash, yoshi ulug‘ insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 16 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbiri to‘g‘risida”gi qarori asosida joylarda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 110 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi istiqomat qiladi. Shu bilan birga 4 ming nafardan ziyod front ortida mehnat qilgan, boquvchisini yo‘qotgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ro‘yxati shakllantirildi. “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona viloyat bo‘limi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinib, o‘tganlar xotirasi yana bir eslandi.

 

Joylardagi ishchi guruhlar tomonidan “Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas”, “Mardlik, burch va sadoqat” shiorlari ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, “Nuroniy” jamg‘armasi shahar, tuman bo‘limlari faollari tomonidan o‘quv maskanlari, mahalla guzarlari va korxona tashkilotlarda faol faxriylar ishtirokida xotira kechalari, uch avlod uchrashuvlari o‘tkazilmoqda, – deydi jamg‘armaning viloyat bo‘limi rais o‘rinbosari Xursanboy Sharafiddinov. – Shu bilan bir qatorda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining uylariga borib, ularning ijtimoiy ahvoli o‘rganilib, ehtiyojmand fuqarolarga nogironlik aravachalari, eshitish apparati va boshqa tibbiy jihozlar taqdim etilmoqda.

 

Urush qatnashchilarining istaklari asosida o‘zlari jang qilgan mamlakatlarga bir nafar yaqini bilan sayohat qilishni tashkil etish hamda Kislovodsk shahridagi “O‘zbekiston”sanatoriysi va respublikamizdagi boshqa dam olish maskanlarida bepul davolanishlarini ta’minlash bo‘yicha ham qator amaliy ishlar qilinmoqda.

O‘zbekiston tumanining Dehqonobod qishlog‘ida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mirzayor ota Mahkamov ham urushning eng qonli nuqtalarida jang qilgan. U 1952 yilda urushdan qaytgach, ichki ishlar sohasida samarali mehnat qildi. Turmush o‘rtog‘i bilan 9 farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Ota farzandlarining barchasini el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyaladi. Ularni kasb-korli qildi. 3 nafar o‘g‘il ota kasbini davom ettirdi. Otaxon har bir so‘zida mahalladagi yosh o‘g‘il-qizlarga bugungi tinch va dorulomon kunlarning qadriga yetish lozimligini uqtiradi.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “San’at g‘unchalari” II xalqaro tanlovi bo‘lib o‘tmoqda

 

– Urushni biz ko‘rdik, sizlar ko‘rmanglar. Bir-biringizni qadrlang. O‘zbekistonimiz ravnaqiga hissa qo‘shishni katta baxt deb biling, – deydi 93 yoshni qarshi olgan Mirzayor bobo.

 

Tinchlik yo‘lida o‘z jonini fido qilgan vatandoshlarimizni xotirlash, jangohlardan omon qaytgan va bugun oramizda bo‘lgan, front ortida matonat ko‘rsatganlarni e’zozlash, ularning duolarini olish barchamizning insoniy burchimizdir. Zero, bobolarimizning ko‘rgan-kechirgan og‘ir mashaqqatlari zamirida istiqlol ne’matlarini naqadar qadrli ekanini anglaymiz.

 

Xurshida TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: