Ko‘klam qo‘shig‘i

Bir qo‘shiq yangraydi… To‘rt fasldan iborat umr otlig‘ xilqatning o‘tayotgan yana bir yilida uyg‘onish fasli – bahorni qo‘llaridan yetaklab kelayotgan umrboqiy qo‘shiq. Sehrli ohanglar og‘ushida yurakni sel qilib, kishining yetmish ikki tomirigacha junbushga keltirib yangrayotgan qo‘shiqlardan sarmast ko‘ngillarda yana yasharish, yangilanish zavqi kezadi.

Eshitayapsizmi, yana bahor! Yana qadrdon o‘sha qo‘shiq yangrayapti. Qaldirg‘ochlar halinchagi solingan samo bag‘ri yanada kengayib, go‘yo parqu bulutlar ham ohanglar og‘ushida ohista suzadi. Shu qo‘shiqdan bahra olib, oppoq o‘rik gullariga qo‘nib uchayotgan kapalaklar raqsidan dil shodlanadi. Egniga atlas libos, boshiga iroqi do‘ppi kiygan qizaloq sochiga taqqan gulchambarini ko‘z-ko‘z qilganicha, so‘ri to‘rida yonboshlab olgan bobojonining olqishidan bir olam zavq olganicha shirali ovozda yangrayotgan uyg‘onish qo‘shig‘iga gir-gir aylanib raqsga tushadi…

Bahor kelsa alvon-alvon

ochilgay gullar,

Xandon sayrab sho‘x g‘azalxon

sayrar bulbullar.

Zulfi rayhonlar, mohi tobonlar,

O‘ynab-o‘ynab raqsga tushar

go‘zal jononlar…

Esladingizmi?! Har gal tinglaganingizda ko‘nglingizga ko‘klam quvonchi beixtiyor kirib keladi. Ha, bu o‘sha kuy, o‘sha ohang…

Bu mashhur qo‘shiqni kim yozganini bilasizmi? Shoir Kamtar she’ri, O‘zbekiston Xalq artisti, bastakor Muhammadjon Mirzayev musiqasi bilan yaratilgan qo‘shiq “Yoshlar valsi” deb ataladi. Qariyb qirq besh yildan buyon gulu chechaklar yuz ochgan bahor faslini madh etuvchi umrboqiy qo‘shiq ilk marotaba O‘zbekiston Xalq artisti Gulsara Yoqubova tomonidan “Lazgi” ansambli jo‘rligida ijro etilgan.

– Sevimli ustozimiz Muhammadjon Mirzayevning (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) “Bahor valsi” kuyiga xirom etayotgan raqqosalarimizni ko‘rib shodlangan tomoshabinlar, bizning “Yoshlar valsi” qo‘shig‘imizni ham mamnuniyat va gulduros qarsaklar bilan olqishlashdi. Qo‘shiqning go‘zal matniga hamohang bastalangan kuy xalqimiz dilidan joy olganidan shodlanib, har safar o‘zgacha bir hayajon bilan kuylaganman. Endi bu qo‘shiqni ko‘plab shogirdlarim ijro etmoqda. Yaqinda yosh shogirdim Nazokat Jabborovaga ushbu qo‘shiqni o‘rgatib bir olam shodlandim. Chunki o‘zligimiz, qadim qadriyatlarimiz ildizi borib taqaladigan jamiki ezguliklar abadiy yashayveradi, – deya e’tirof etdi biz bilan suhbatda Gulsara Yoqubova.

Ha, Bahorni tarannum etuvchi uyg‘onish qo‘shig‘i bo‘lmish “Yoshlar valsi” yana xonadonlarimizni shodu xurramlikka burkab hamon yangramoqda.

Orzularday oq qorlarini mag‘rur boshlaridan silkitib sharqiroq shalolalarni jilg‘larga oqizayotgan cho‘qqilar osha olis-olislarga taralayotgan bahor qo‘shig‘i, tinchlik hukm surayotgan yurtimiz uzra qanot qoqavergin.

Yana o‘qing:  Sport tanni toblaydi

Sahifani Jamila Haydarova tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: