Jurnalistikada tezkorlik muhim, ammo…

Bugun jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qilayotgan, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarni sustlashtirayotgan muayyan kamchilik va nuqsonlar xolis va haqqoniy tanqid qilingan materiallar soni ommaviy axborot vositalarida ortib borayotganini hammamiz kuzatib, bilib turibmiz. Bunga har kim o‘zicha, o‘z tushunchasidan kelib chiqib munosabat bildirayotganini ijtimoiy tarmoqlarga nazar tashlagan kishi yaqqol anglaydi. OAVda jurnalistik mushohada va tahlil, dadillik kuchaygani haqli suratda yurtdoshlarimiz nazariga tushmoqda. Jurnalistlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida tobora faolroq ishtirok etyapti.

Shu o‘rinda bir masalaga to‘xtalish o‘rinli. Materiallarda ko‘tarilgan muammolar tanqid qilingan soha mutasaddilari e’tiboridan chetda qolayotgan holatlar hanuz uchrab turibdi. Bu esa tashkilot va korxonalar mansabdor shaxslarining yoritilgan muammolarga loqayd qaramasligi uchun ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etadi. Bu esa o‘z navbatida tanqidiy va tahliliy materiallar soni, samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida jurnalistika jamiyat hayotida muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan edi: “…Kundalik hayotimizning ajralmas qismi bo‘lgan ommaviy axborot vositalari haqida so‘z yuritganda, biz, avvalo, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib, hayotning qaynoq nuqtalariga kirib boradigan, xolislik va haqqoniylik, Vatan va xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan olijanob va mas’uliyatli kasb egalarini tasavvur qilamiz”.

Darhaqiqat, jurnalist o‘z kasbining ijtimoiy ahamiyatini; xalq manfaatlariga, adolat va to‘g‘rilikka xizmat qilish mas’uliyatini chuqur anglash zarur. Fuqarolarning jamiyat hayotida ijtimoiy-siyosiy faol bo‘lishiga avvalo so‘z va axborot erkinligini ta’minlash orqali erishiladi. Har bir fuqaro o‘z fikrini, munosabatini ommaviy axborot vositalarida erkin ifoda eta bilishi kerak.

Ayni paytda ochiqlik, oshkoralik, fikrlar xilma-xilligini ta’minlash katta ahamiyat kasb etmoqda. Barcha sohalar kabi axborot sohasini ham zamon talablariga mos tarzda rivojlantirish jarayonlari bosqichma-bosqich va tadrijiy amalga oshirilmoqda. OAV tizimini yangilash o‘ziga xos murakkab va serqirra jarayondir. Bu masala jamiyat uchun ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va strategik ahamiyatga ega. Chunki, bir tomondan, jamiyatda shakllangan qadriyatlar va Mustaqillikdan keyingi yangicha bozor munosabatlari, ikkinchi tomondan, OAV va jurnalistlar tafakkuridagi o‘zgarishlar, uchinchidan, bugungi davr talabi jahonda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar haqidagi axborotlarning mamlakat aholisi ongiga ko‘rsatadigan ta’siri bu jarayonlarga bevosita aloqadordir.

Yana o‘qing:  Mehr – munosib hadya

Jurnalistning o‘z huquq va erkinliklariga jiddiy va ongli ravishda munosabatda bo‘lishi ko‘p jihatdan juda zarurdir. So‘z – kuchli qurol, qonunchilik jurnalistlarga bu quroldan foydalanish huquqini berishi bilan birga, uni ehtiyotkor bo‘lib ishlatish, shaxsiy manfaatlar yo‘lida, g‘ayriqonuniy tarzda foydalanmaslik mas’uliyatini ham yuklaydi. Agar jurnalistlarga, ularning haq so‘zlariga nohaq tajovuzlar bo‘lsa (bunday tajovuzlar hamisha yuzaga kelib turadi), ularni huquqiy yo‘l bilan hal etishga o‘rganishi, shunga yarasha bilim va tajriba orttirishi zarur.

Jamiyatdagi so‘z erkinligini ta’minlashning muhim bir jihat borki, bu jurnalistning shaxsan o‘ziga bog‘liq. Gap jurnalistning xuquqiy madaniyati va axloqiy ongiga taalluqli jihatlar xususida. Ya’niki, jurnalistlar jamiyatda yuz berayotgan hodisalardan, xavfli holatlardan ogoh bo‘lishi, ijtimoiy uyg‘oq fikrni shakllantirish uchun imkon qadar bexato ishlashlari kerak. Chunki, OAVda noto‘g‘ri, asoslanmagan axborotlarni, ma’naviyatimizga salbiy ta’sir qiladigan turli xil xabarlarni tarqatish, yoki tanqidni betgachoparlik deb tushunish jurnalistning omma oldidagi obro‘sini tushiradi. Bu holatlar esa nafaqat muayyan jurnalistga, balki butun OAVga, jamiyatdagi so‘z erkinligiga ishonchni kamaytiradi, deyish mumkin.

jurnalist01

Jurnalistika tezkorlikni talab qilishi ko‘p takrorlanadigan haqiqat. Biroq axborotni tezroq yetkazishni o‘ylab shoshma-shosharlik qilib ham bo‘lmaydi. Har qanday sharoitda axborotning to‘g‘riligini tekshirish lozim. Jurnalistlar millatning, mamlakatning yuzi. Ular o‘z manfaatlari deb turli xil buyurtma maqola, ko‘rsatuvlar, eshittirishlar orqali jurnalistikaning haqqoniylik va xolislik tamoyiliga zid ish qilmasliklari zarur.

Har qanday sharoitda ham jurnalist uchun o‘z kasbining ikki jihati juda muhim. Bu – haqqoniy axborot berish va xolis tahlil qilishdir. Ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi jihatlardir. Xalq uchun OAV bir tomondan munozaralar yuritiladigan minbar, ikkinchi tomondan axborot manbaidir. Jurnalist to‘g‘ri axborot berishi, haqiqatni yozishi kerak, buning uchun esa yetti o‘lchab bir kesish, Sharqqa xos bo‘lgan odob-ahloq kategoriyasining asosiy mezonlariga, xotirjamlik, o‘zgalar sha’nini hurmat qilish, to‘g‘riso‘zlik, tamasizlik kabi qoidalarga amal qilishi zarur.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: