Ishtiyoq, intilish, samara

mehnatimga rag‘bat, hayotimga zavq bag‘ishlaydi, – deydi Asaka tibbiyot kolleji o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nargizaxon Qodirova

Yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro singari, mening ham butun vujudimni hayotimizu taqdirimizni o‘zgartirib yuborgan mustaqillik va uning shukuhi, beqiyos o‘zgarishlardan kun sayin gullab-yashnayotgan Vatanimiz jamolidan zavqlanish, faxrlanish hissi chulg‘ab olgan.

Bir tomondan mamlakatimizning katta to‘yini qanday yutuqlar bilan qarshi olamiz, degan savolga javob izlab, bosib o‘tgan yo‘limizga nazar tashlab, qilgan amallarimizni sarhisob qilamiz. Har bir jamoa, ishchi, tadbirkor, fermer, ziyoli, qanchadan-qancha yoshlar fikr o‘yida ana shu ezgu istak o‘z mujassamini topgan.

Mustaqillik ko‘pchilik insonlar singari mening ham hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Men ziyolilar oilasida tavallud topganman. Otam ham, onam ham uzoq yillar ta’lim sohasida samarali mehnat qilib, yosh avlod kamolotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Oilada 5 ta farzand bo‘lsak, shularning to‘ng‘ichiman. Taqdirni qarangki, O‘zbekis­ton qaytadan dunyoga kelgan tarixiy yilda, ya’ni 1991 yilda Andijon viloyati Asaka tumanidagi 3-son umumta’lim maktabini tamomladim. Shundan so‘ng hayotimda butunlay yangi davr boshlandi. Taqdirim shu yurt taqdiri bilan bog‘landi. Quvonchlisi, Andijon davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirdim. 1994-2001 yillar mobaynida shu dargohning davolash fakulteti bolalar shifokori yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldim.

Farzandlarning barkamol inson bo‘lib kamolga yetishida oiladagi sog‘lom muhit, tarbiyaning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi, ayniqsa, ota-onaning jonkuyarligi, olisni o‘ylab ish tutishi muhim ahamiyatga ega ekanligini o‘z oilam misolida ko‘rdim. Onam kelajakda vrach bo‘lib, el dardiga darmon bo‘lishimni istadi. Bolaligimdan shu kasbga muhabbat uyg‘otib tarbiyaladi. Dadam esa «Odam va uning salomatligi», «Biologiya» fanlarini chuqur bilganligi bois, shu fanlarga qiziqishim ortdi. O‘rganganlarim institutga kirishda va o‘qish jarayonida asqotdi. Vrachlik kasbini egallagan ekanman, bunda maktabdagi o‘qituvchilarim qatori ota-onamdan ham har qancha minnatdor bo‘lsam arziydi.

Hozirgi kunda Asaka tibbiyot kollejida o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman. Kollejimiz katta dargoh. Bu yerda 1443 nafar bo‘lg‘usi o‘rta tibbiyot xodimlari ta’lim oladi. Bu yil ulardan 626 nafari kollejni muvaffaqiyatli tamomlagan bo‘lsa, 56 nafar talaba bilim yurtini imtiyozli diplom bilan bitirdilar. 106 nafar o‘qituvchi va tarbiyachilar shogirdlarimiz yaxshi va to‘laqonli bilim olishlari yo‘lida bor kuch va bilimlarini ishga solishmoqda.

Yana o‘qing:  Iqboli porloq yoshlar

Ingliz tili fani o‘qituvchisi, «Shuhrat» medali sohibasi Nigoraxon Qo‘shaqova, Ulug‘bek Ismonov, terapevt Zamiraxon Sodiqova singari tajribali pedagoglarimiz faoliyati hammamiz uchun ibrat maktabiga aylangan.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ro‘yobga chiqarishda fan yutuqlaridan, yangi pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda o‘quv amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etyapmiz va kutilgan natijalarga erishmoqdamiz.

Hozirda talabalarga «Yuqumli kasalliklar va ularning oldini oilsh» fanidan saboq beryap­man. Men uchun har bir dars shogirdlarim huzuridagi bamisoli imtihonday gap. Yangilikka, jo‘yali fikrga asoslangan, ta’sirchan vositalarga tayanilgan mash­g‘ulotgina ular yodida qoladi. Shularni o‘ylab o‘qiyman, o‘rganaman. Sohaga doir davriy matbuotdagi chiqishlarni doimo kuzatib boraman. Tibbiyot sohasida ko‘pgina yangiliklar yaratgan professorlar Yusufjon Mamatov va Ismoiljon Mirzayevlar tajribasini o‘z ishimda qo‘llayman.

«Kattalarda yuqumli kasalliklar va hamshiralik parvarishi», «O‘ta xavfli karantin guruhida infeksiyalar» singari o‘quv uslubiy qo‘llanmalarimdan o‘quvchilarim foydalanayotganidan mamnunman.

Qiziqish, ishtiyoq bo‘lsa, og‘ir tuyulgan ishingiz ham oson kechadi, nazarimda. Hozirda boshlan­g‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida ham faoliyat yurityapman. Talabalarimizning asosiy qismi qizlar, qiz bola esa oilaning, Vatanning or-nomusi. Biz gulga mengzaladigan qizlarni asrab-avaylash, g‘ubor qo‘ndirmay kamolga yetkazish hamda yaxshi mutaxassis kadr etib tayyorlashga alohida e’tibor qaratganmiz.

Shu maqsadda qizlar gigiyenasi, kiyinish madaniyati, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘proq o‘tkazishga, ular ongiga milliy urf-odatlarni singdirishga harakat qilyapmiz. «Qiz bola odobi bilan», «Qiz bolaga yetti nasihat», «Qizlik uy – sarishta uy» kabi mavzulardagi davra suhbatlari ana shular jumlasidandir. Respublika miqyosida o‘tkazilgan «Eng namunaviy xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti» tanlovida ishtirok etib, ko‘rik-tanlovning «Eng namunaviy kasb-hunar kolleji, akademik litsey xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lganimiz kamtarin mehnatimizga qaratilayotgan yuksak e’tibor namunasidir.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: