Iftixor hissi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan shu yil 12 iyunda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar zamirida mustaqillik xalqimiz hayotida qanchalik buyuk ahamiyat kasb etishi yorqin namoyon etilgan. Unda ta’kidlanganidek, bu ulug‘ bayramning «Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!» shiori ostida o‘tishi chuqur mazmun va mohiyatga ega. Istiqlol yillarida xalqimiz, millatimiz chinakam qadr-qimmat topdi, mustaqillik ishonchli va mustahkam tayanchga, iftixorga aylandi. Buni jamiyatimizning har bir sohasida ko‘rish mumkin.

Qarorda mustaqillik baxsh etgan ne’matlarning asl mohiyatini yorqin misollarda ifoda etish, erishilgan ulkan yutuq va zafarlar mazmunini to‘laqonli ochib berish, o‘tkaziladigan tadbirlarda targ‘ibot-tashviqot ishlarining yuksak darajada bo‘lishiga e’tiborni qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Mustaqillik yillarida birgina ta’lim sohasida olib borilgan tub islohotlar, erishilgan ulkan muvaffaqiyatlar haqida qancha gapirsak shuncha oz. Bunda 1997 yilning 29 avgustida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash» milliy dasturi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Prezidentimiz istiqlolning dastlabki kunlaridanoq yosh avlodning barkamol voyaga yetishi haqida qayg‘urib, ta’lim tizimini tubdan isloh qilish g‘oyasini ilgari surdi. Dastlab oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayoniga test sinovlari kiritildi.

Oliy ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Ta’limda masofaviy o‘qitishning an’anaviy usullaridan foydalanib, laboratoriya mashg‘ulotlari, ma’ruzalar, seminarlar olib borilmoqda. O‘quv mashg‘ulotlar qatorida evristik va reproduktiv muammoli darslar o‘tish kundalik ehtiyojga aylanyapti. Shuningdek, virtual stendlar, video o‘quv axborotlari, multimedia variantlari o‘qitishning asosiy tayanchlari sanaladi. Oliy o‘quv yurtlarining barcha fakultetlarida o‘qitishning zamonaviy texnik vositalari videomagnitofon, kinoproyektor, diaproyektor, kompyuter jamlanmasidan foydalanib o‘quv, amaliy mashg‘ulotlari o‘tilmoqda.

Institutimizda eng iqtidorli talabalar Navoiy, Ulug‘bek, Beruniy nomidagi davlat stipendiyalari bilan taqdirlanib kelinmoqda. O‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi Lobarxon Suvonova, tarix fakultetidan Alisher Ahadovlar Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lishdi. Fizika-matematika fakultetidan Lola Isroilova hamda magistratura bo‘limidan Dilnavoz Kamolovalar Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasini olishga musharraf bo‘lishdi. Iqtidorli talabalarimiz orasidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari yetishib chiqdi. Respublika fan olimpiadasi g‘oliblari oliygohimiz dovrug‘ini yil sayin oshirmoqda.

Yana o‘qing:  FAVVORALAR farovonlik timsoli

Har yili mamlakatimiz va xal­qaro ilmiy jurnallarda olimlarimizning ko‘plab ilmiy maqolalari chop etilmoqda. Xalq xo‘jaligi va ta’lim tizimiga yetishtirib berayotgan kadrlarimiz sifati yil sayin yaxshilanib borayotganligida mustaqillik yillarida institutimizning ta’limning eng zamonaviy texnik vositalari bilan ta’minlanganligi katta ahamiyat kasb etmoqda.

Navoiy davlat pedagogika ins­tituti qoshidagi ikkita akademik litsey o‘tgan yillar mobaynida ulkan yutuqlarga erishdi. Jumladan, har yili o‘tkaziladigan an’anaviy fan olimpiadasi viloyat bos­qichida 1-sonli Akademik litseydan g‘olib chiqqan 13 nafar o‘quvchi respublika bosqichida qatnashdi. Respublika bosqichida 2 nafar o‘quvchi ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan yuqori natijalarga erishib, oliy o‘quv yurtlariga test sinovisiz qabul qilinishi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lishdi. Shu yilning mart oyida tabiiy fanlar yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Nigora To‘ymurodova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganligi o‘quv yurti tarixidagi unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. May oyida esa 47-xalqaro Mendeleev­ olimpiadasida 2 nafar o‘quvchi kimyo fanidan 4-o‘rinni egallab, oliy o‘quv yurtiga test sinovlarisiz qabul qilinadigan bo‘ldi. Ayni paytda institut akademik litsey bilan mustahkam aloqada. Bu yerda institut fan kafedralarining filiallari faoliyat olib bormoqda. Professor-o‘qituvchilar akademik litseyning izlanuvchan pedagoglarining ilmiy ishlariga rahbarlik qilishmoqda. Buning natijasida o‘quv yili davomida o‘n nafardan ortiq akademik litsey o‘qituvchilarining o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-uslubiy ishlanmalari institut ilmiy Kengashida muhokama etilib, respublika va mahalliy nashriyotlarda nashr etishga tavsiya qilindi va chop etildi. Ularning bu muvaffaqiyatlarga erishishida jamoamiz professor-o‘qituvchilarining ham munosib hissasi borligini alohida qayd etish lozim.

Mustaqillik tufayli far­zand­larimizga o‘zimiz istagandek bilim berishga, iqtidorli yoshlarimizning nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida dovrug‘ taratishiga muyassar bo‘ldik. Olti yoshli Islombek Sindorovning Eron poytaxti Tehron shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo birinchiligida uchta yo‘nalish bo‘yicha chempion bo‘lganligi, turli davlatlardan kelgan 275 nafar jajji shaxmatchi bolalar orasida tengsiz sanalganligi qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini jo‘shtirmaydimi?! Ana shunday salohiyatli bolalar viloyatimizda juda ko‘p. Ularning o‘z iqtidorini to‘la namoyon eta olishlari uchun cheksiz imkoniyatlar mavjud. Bularning bari mustaqillik tufaylidir. Zero, mustaqil O‘zbekiston dunyo bo‘ylab dovrug‘ tarataveradi.

Xolboy IBRAGIMOV,

Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor, senator

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: