Ezgu maqsadlarimizning hayotiy ifodasi

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, o‘z taraqqiyot yo‘lini aniq belgilab oldi. Bu – demokratik huquqiy davlat, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yo‘lidir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oldimizda turgan eng ezgu maqsadlarimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatida qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.

Bu so‘zlar istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirib kelinayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatini yorqin ifodalaydi. Jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, yuksak intellektual salohiyat, zamonaviy bilimlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, ertangi kunga katta ishonch bilan qaraydigan barkamol avlodni tarbiyalash ushbu siyosatning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Respublikamiz aholisining 60 foizidan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu islohotlarning zarurati va ahamiyati o‘z-o‘zidan ravshan bo‘ladi.

Aytish joizki, yurtimizda yuritilayotgan yoshlar siyosati mustahkam huquqiy asosga ega. U O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalarida, ushbu sohaga tegishli o‘nlab qonunlarda o‘z ifodasini topgan. Mustaqil mamlakatimizning birinchi ordeni “Sog‘lom avlod uchun” deb atalgani, 1991 yilning noyabr oyidayoq O‘zbekiston Respublikasida “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilingani chuqur ramziy ma’noga ega. Davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari, ko‘plab maqsadli davlat dasturlari ham hayotga izchil tatbiq etilayotir.

Biz bir jihatdan alohida faxrlanamizki, O‘zbekistonda yoshlarni komil insonlar qilib tarbiyalash yo‘lida qancha kuch va mablag‘ zarur bo‘lsa, barchasi bekamu ko‘st yo‘naltirilayapti. Ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarida yaratilgan o‘ziga xos milliy modellarimiz jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilib, namuna sifatida ko‘rsatilmoqda. Masalan, respublikamiz ta’lim-tarbiya sohasiga har yili sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10–12 foizni tashkil qilmoqda. Bu YUNYeSKOning mamlakatni barqaror rivojlantirishni ta’minlash uchun ta’limga yo‘naltirilishi zarur bo‘lgan investitsiyalar miqdori bo‘yicha tegishli tavsiyalaridan, ya’ni 6–7 foizdan qariyb 2 barobar ko‘p. Birgina 2015 yilda mazkur sohada 384 ta ob’yektning moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha qiymati 423 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilgani, namunaviy loyihalar asosida 29 ta yangi umumta’lim maktabi barpo etilgani, 219 ta maktab rekonstruksiya qilinib, 136 tasi kapital ta’mirlangani “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” degan ezgu da’vatning hayotiy ifodalaridir.

Yana o‘qing:  Hunar – zar, hunarmand – zargar

Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bugun dunyoda qancha bola turli sabablarga ko‘ra ilm olishdan, malakali tibbiy xizmatdan mosuvo bo‘lib, umr kechirmoqda? BMT Bolalar jamg‘armasi – YUNISEFning joriy yil boshida e’lon qilgan ma’lumotiga ko‘ra, jahondagi yigirma ikkita mamlakatda yashaydigan qariyb 24 million nafar bola turli nizolar tufayli ta’lim olish imkoniyatidan mahrum ekan. Yoki jahon miqyosida yetti yoshdan kichik bo‘lgan 86, 7 million nafar o‘g‘il-qiz tug‘ilganidan beri qurolli mojarolar sharoitida yashayotgani achinarlidir. Ekspertlarning fikricha, bu ularning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti.

Bunday dalillar bilan tanishar ekanmiz, O‘zbekistonimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikka shukronalar aytib, inson manfaatlariga qaratilgan oqilona siyosatdan, bolalarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan g‘ururlanamiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yillarga nom berib, shu asosda tegishli davlat dasturlari qabul qilinib, keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish yaxshi an’anaga aylangan. Ana shu sa’y-harakatlarning barchasida oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi doimo ustuvorlik kasb etadi. Buning samarasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” konsepsiyasi xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda. Ushbu konsepsiyaning izchil amalga oshirilayotgani tufayli keyingi besh yilda mamlakatimizda har 100 ming nafar chaqaloqqa nisbatan onalar o‘limi 23, 1 dan 19 taga, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 14, 8 tadan 13, 9 taga, chaqaloqlar o‘limi 11 tadan 10, 7 taga kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishdi.

Yurtimizda “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilingan joriy yilda ham bu boradagi ezgu ishlar izchil davom ettirilmoqda. 2016 yil 9 fevralda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi tasdiqlandi. Unda “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi”, degan hayotbaxsh qadriyat va olijanob g‘oyani jamiyatimizda teran anglash hamda qaror toptirish, oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, jamiyatda onalarga alohida hurmat-ehtirom muhitini mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalash, oila institutini mustahkamlashda davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Oila institutini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish Davlat dasturida belgilangan muhim yo‘nalishlardan biridir. Xususan, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunining loyihasini tayyorlash ishlari boshlandi. Jinoyat kodeksiga farzandi uch yoshga to‘lmagan ayollarga (bola tarbiyasi uchun ta’tilga chiqishidan qat’i nazar) nisbatan jinoyat qonunchiligini yanada erkinlashtirish, ularni axloq tuzatish ishlari qo‘llanilmaydigan shaxslar toifasiga kiritishga qaratilgan tuzatishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Yana o‘qing:  Maktabgacha ta’lim muassasalari – yutuqlar debochasi

Mazkur yilda chekka qishloq tumanlarida yashayotgan aholi, birinchi navbatda, xotin-qizlar uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy sharoitlar yaratish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari barpo etish, qishloq aholisini toza ichimlik suvi, tabiiy gaz bilan ta’minlash, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish kabi qator vazifalar nazarda tutilgan.

Umuman, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish uchun 7 trillion 483, 3 milliard so‘m va 194, 4 million dollar yo‘naltirilishi “Islohot – islohot uchun emas, avvalo, inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya to‘la ro‘yobga chiqarilayotganini tasdiqlaydi.

Fasixiddin SULTANOV,

Chilonzor tumani 4-son davlat notarial idorasi katta notariusi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: