Bolaga to‘g‘ri muomalada bo‘laylik

Biz farzand ulg‘aytirar ekanmiz, o‘z xulqimizni, yurish-turishimizni ham tarbiyalab boramiz. Dastlabki odatlaridan bizga taqlid qilayotgan bolamizga yaxshi namuna bo‘lishga harakat qilamiz. Endi u uchun o‘zimizni o‘zimiz to‘g‘ri yo‘lga solamiz. Barcha odatlarimizni “elak”dan o‘tkazib, faoliyatimiz mazmunini farzandimiz bilan bog‘laymiz. Ayniqsa, oilaviy an’analarga alohida e’tibor qaratamiz.

Masalaning yana bir tomoni borki, biz ham ma’nan, ham jismonan barkamol insonni tarbiyalab, jamiyatga qo‘shamiz, deb tinib-tinchimay yurganimizda bolalarimizga atrofdan bo‘layotgan tashqi ta’sirlar ko‘ngilni xira qiladi. Oddiygina misol. Ko‘pchilik gapga tutish uchun “Qani aytchi, dadang yaxshimi, onang?” qabilida bolaga yuzlanadi. Aqllirog‘i “ikkalasiyam”, deb javob beradi.

Buni kasal odamning qarshisida o‘tirib, virus yuqtirib olgan holatga o‘xshatish mumkin. Bola javob bera boshlagach, har bir narsani tahlil qiladigan mitti vujudi bilan bu savolni ham tahlil qiladi. Ota-onasidan o‘ziga e’tiborlisi tomon intila boshlaydi. Tabiiyki, ikkinchisiga munosabati o‘zgaradi. Bolaning ongiga arzimas savol bilan tushgan “virus” o‘ziga o‘zi immunitet hosil qilib olmaguncha aylanib yuraveradi.

Jamoat joylarida bolalar serxarxasha, e’tibortalab bo‘lib qoladi. Injiqlanadi, yig‘laydi. Shunda atrofdagilardan kimdir “Jim turmasang, ukol qilaman”, deb po‘pisa qiladi. Nima uchun bola biroz e’tibor so‘rasa, ukolni pesh qilish kerak? Bunaqa po‘pisalar bolalarning begonalardan hadiksirashga, fikrini erkin bayon qila olmasligiga sabab bo‘lmaydimi?

Yaqinda bir o‘rtog‘im qaynog‘asidan shikoyat qilib qoldi. Aytishicha, tog‘asinikiga borib-kelgan o‘g‘li so‘kinishni o‘rganib kelibdi. Yana tog‘asi bundan faxrlanib, qo‘ng‘iroq qilib bolaga so‘kinishni qayta-qayta takrorlatib, zavq qilar ekan. Bu holni esa izohlashga hojat yo‘q. Yana shunday odamlar borki, bolaning jig‘iga tegishni yaxshi ko‘radi, erkalaydi. “Hozir qulog‘ingni kesib olaman”, “bu sening dadang emas, mening dadam”, singari bekorchi gaplar bilan bolaning asabiga tegadi. Bu asabiy va jizzaki odamni voyaga yetkazish emasmi?

Biz har tomonlama sog‘lom, baxtli avlod tarbiyalash tarafdorimiz. Bolalar oilaviy an’analar ta’sirida voyaga yetadi. Biroq yuqoridagi tevarakdan ta’sir qiladigan holatlar ularning beg‘ubor ongini zararlaydi. Atrofimizdagi har bir bola o‘zimizniki. Bolaning begonasi yo‘q. Uning tarbiyasi ham har birimizga bog‘liq. Bola bizga ermak emas. U bo‘lajak shaxs, kelajak egalaridir. Ularga shu nuqtai nazardan turib muomala qilaylik.

Yana o‘qing:  Ta’limning keyingi bosqichiga yo‘llanma

Orif TINIBEKOV,

Toshkent Bank kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: