Bebaxtning badfurush savdosi

Ba’zan hayotda o‘z farzandidan voz kechayotgan onalar haqida eshitganimizda hayratdan yoqa ushlaymiz. Hatto, ongsiz jonzot ham o‘z tuqqan bolasini himoyasiga oladi, uni mehr bilan parvarishlaydi, biroq, hech qachon voz kechmaydi.

Afsuski, bugun ayrim insonlar yaxshi yashash ilinjida odamlarning ishonchiga kirib, ularni qul sifatida sotib yubormoqda. Bunday razil kimsalar safida 9 oy go‘dagini vujudida ko‘tarib, to‘lg‘oq azobini boshidan o‘tkazgan onalarning ham borligi achinarli hol. “Ona” degan muqaddas nomga dog‘ tushirayotgan, mo‘may daromad ilinjida qonunlarni chetlab o‘tayotgan, farzandtalab insonlarga chaqaloqlarni pullashga harakat qilayotgan kimsalar insoniyligini unutib qo‘yayotganini ko‘rib taajjubga tushasiz.

Saida (ism-shariflar o‘zgartirilgan) shirin orzular bilan oila qurgandi. Ikki nafar farzandi bo‘lsada, turmushning mushtlariga chiday olmay oilasi bilan ajrashdi. Ishlay desa, qo‘lida diplomi ham, biror bir hunari ham yo‘q. Uzoq sarson-sargardonliklardan so‘ng bir amallab ish ham, boshpana ham topdi. Shunday kunlarning birida u Alisher ismli yigit bilan tanishib qoldi. Ular birgalikda yashay boshladi. Ko‘p vaqt o‘tmay, Saida homilador bo‘ldi. Bu orada Alisher qayoqqadir g‘oyib bo‘lib qoldi. Bir kuni u Saidaga telefon qilib, bola o‘ziniki ekanligini tan olmadi. Barcha muammolar shundan keyin boshlandi. Saida nima qilib bo‘lsada, bu qaltis vaziyatdan chiqish yo‘lini qidirdi.

Bu paytda unga tanishi, mo‘may daromadni ko‘zlagan hamtovog‘i K. Suyunov “yordam”ga keldi. Tug‘ilajak bolani 3500 AQSH dollariga sotish masalasini u bilan kelishib oldi. “Xaridor”lar ham bu narxga rozi bo‘ldi. Saida bu qing‘ir ishi haqida dugonasi J. Rahimova (ism-shariflar o‘zgartirilgan)ga gap orasida aytadi.

Shundan so‘ng dugonasi tuman ichki ishlar bo‘limiga jinoyat xususida xabar beradi. Tezkor tadbir davomida Toshkent shahri perinatal markazi oldida Saida va uning jinoiy sherigi chaqaloqni 3500 AQSH dollariga pullayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Tintuv jarayonida Saidaning sumkasidan 3500 AQSH dollari topildi.

Qabih niyatli kimsalar sud jarayonida adashganligini, o‘z qilmishidan pushaymonligini aytib, kechirim so‘radi. Sud barcha vaziyatlarni inobatga olib, hukm chiqardi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar, Yunusobod tuman sudida ko‘rilgan jinoyat ishida sudlanuvchining qilmishlari oshkor bo‘ldi. Saida va uning jinoiy sherigi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga jazo tayinlandi.

Yana o‘qing:  ShOSHILINCH TIBBIY YORDAM: BEMOR HAYOTI UCHUN MUHIM ASOS

Odam savdosi eng qabih jinoyatlardan biridir. Bugungi globallashuv davrida keng ildiz otayotgan bu illat dunyo jamoatchiligini jiddiy tashvishga solmoqda.

Odam savdosi qurbonlari orasida yoshlar, ayniqsa, go‘daklarning borligi achinarlidir.

Bunday mudhish holatlarning oldini olish, norasida go‘daklarni g‘arazli insonlar domidan asrash esa hammamizning insoniy burchimizdir.

M. NORMETOVA,

Yunusobod tuman prokurori katta yordamchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: