Aydarko‘l sohillarida

Aydarko‘l ko‘plab suv havzalaridan iborat bo‘lib, tabiati mo‘tadil. Bu yerda erta tongdanoq qushlarning baland ovozdagi shovqin-suroni eshitilib turadi. Ayniqsa, soqaqushlar shovqini olis-olislargacha sado beradi. Biz sohil bo‘ylab borarkanmiz, suv qushlari boshimiz uzra charx urar va havoga ko‘tariladi. Ularning ko‘pligi va turli-tumanligi aqlni shoshiradi, parvozi esa ajib bir go‘zallik bag‘ishlaydi.

Bu qushlarni o‘troq va ko‘chib yuruvchilarga ajratish mumkin. Qorabuzov, oqbosh o‘rdak, qashqaldoq, qirg‘ovul kabilar o‘lkamizda muqim yashaydi. Ilgari ko‘lda qorabuzov va chag‘alaylar barmoq bilan sanarli darajada edi. Endilikda ular soni ko‘payib, boshqa suv qushlarining turi ham ortib bormoqda. Ular gala-gala bo‘lib, tovushsiz harakat qiladi. Suvning tebranishidan o‘ljasini oson topadi. Shuningdek, qirg‘oq bo‘yidagi o‘simliklar va don-dunlar bilan oziqlanib, yetarli yog‘ zahirasini to‘playdi.

Qalin chakalakzorlarda tovuqsimonlar turkimiga kiruvchi qirg‘ovullar ham ko‘zga tashlanib qoladi. Xo‘rozining ko‘zlari atrofi qizg‘ish, boshi ko‘k rangda bo‘lib, bo‘yin qismidagi oq hoshiyasi uni yanada yorqinlashtirgan. Tanasining yarmidan ortig‘i dum. Modasini o‘ziga xos qichqiriq bilan jalb qiladi. Moda qirg‘ovul uning oldida ko‘rimsiz, tana usti qum rangda bo‘lib, qo‘ng‘ir dog‘lari bor. Xavf-xatar tug‘ilgudek bo‘lsa, uchishga shaylanadi. Ammo ular dadil va tez yugura oladi. Tustovuqlarni, ayniqsa, ochiq tabiat og‘ushida kuzatish nihoyatda zavqli.

Qushlarning ko‘chib yurishi – yashash uchun kurashdan iborat. Aydarko‘lda qishda ham suv muzlamagani bois, minglab rang-barang qushlar gala-gala bo‘lib, arg‘imchoq hosil qilib, Uzoq Sibir va Ural ortidan bu yerga uchib kelishadi. Shulardan soqaqush, qorabuzov, oqbosh va olaqanot o‘rdaklar, oq peshonali va qiziltomoq g‘ozlar, noyob va kamyob oqqush hamda turnalar bir-biri bilan o‘zaro xabar almashib, ozuqa mo‘l bo‘lgan joylarni topishadi.

Yirtqich qushlardan oqdumli suvburguti hamda suvqirg‘iylar o‘tkir ko‘zli ayyor “ovchilar”dir. Ular xuddi yashindek tez harakatlanib, baliqlarni oyoq panjalari bilan osongina tuzoqqa ilintiradi. Oqqushlar – “ko‘l malikalari” hisoblanib, juda chiroyli va hurkak. Suvda suzib yuruvchi yirik qushlardan. Ko‘rinishi qordek oppoq, tumshug‘i sariq. Bo‘yni tana uzunligiga teng.

Kulrang g‘oz nodir parrandalardan hisoblanib, uchish oldidan biroz yugurib, so‘ngra istar-istamas havoga ko‘tariladi. Uning tashqi ko‘rinishi juda chiroyli. Ustki qismi kulrang, qorin tomoni oq patlar bilan qoplangan, tumshug‘i esa qizil rangda. Oyoq panjalari pardali bo‘lganidan suvda tez va yaxshi suzadi. Ularni qamishli havzalarda uchratish mumkin. Kulrang g‘ozlardan tashqari yovvoyi va ko‘k g‘ozlar ham ko‘zga tashlanib qoladi. Ular bu yerga qishlash uchun uchib kelgan.

Yana o‘qing:  “Cho‘qqi” buvam, “Hi-hi” xolam va men

O‘rdaksimonlar turkumiga kiruvchi churrak yuvvosh va hurkmas qush. Sekin harakatlanadi. Tashqi ko‘rinishi kulrang. Oyoq panjalari pardali bo‘lganligi sababli suvda tez suzib, chuqur sho‘ng‘iy oladi. Suv tagida uzoq vaqt tura olishi bilan boshqa qanotli qushlardan farq qiladi.

Aydarko‘lda baliqxo‘r qushlarning yigirmaga yaqin turi mavjud bo‘lib, ulardan qoravoy, qashqaldoq va soqaqushlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Sovuq tushishi bilan ko‘l sohillariga boshqa hududlardan ko‘plab qushlar uchib keladi. Ko‘pchiligi havza bo‘ylari va botqoq hududlariga ko‘chib kelishadi. Ular chegara bilmaydi. Shimoldan uchib kelgan bu qushlar o‘lkamizda to‘xtab, dam olib, oziqlanib, kuch to‘plab, yana kelgan joyiga qaytish tadorigini ko‘rishadi. Uzoq safar oldidan gala hosil qilib, bir xil yo‘ldan uchib ketishadi.

 

Abdulla SAIDOV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: