O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash tizimi: 2017 yil sarhisobi, 2018 yil rejasi

Ish kuni poyoniga yetganda xayolingizdan bugun uchun nimalarni reja qilgandim-u, nimalarga ulgurdim, ertaga bajarishim kerak bo‘lgan qanday ishlar bor kabi savollar o‘tadi. Ularga javob izlab buguningizdan goh ko‘ngil to‘ladi, gohida yo‘q. Ba’zida esa shunchaki bir kun o‘tgani – unda na olg‘a siljish, na orqaga ketish bo‘lganini sezasiz. Bu kun sarhisobi.

Ammo bugun bizning oldimizda bir kun emas, bir yil sarhisobi turibdi. Bir yilki, unda o‘zgarishlar, yangilanishlar, rivojlanish va olg‘a intilishlar jadal bordi, imkoniyatlar eshigi ochilib, xalq roziligi va manfaati yo‘lida qilingan har bir harakat qo‘llab-quvvatlandi. Bunday yilda shunchaki ishlab va uni shunchaki sarhisob ham qilib bo‘lmaydi…

2017 yil… O‘zbekistonimizning rivojlanish tarixi uchun muhim burilish yasalgan yil bo‘ldi.

Biz haqiqatan ham tarixiy bir yilni yashab o‘tdik. U mamlakatimizdagi barcha sohalar uchun tarixiylik kasb etdi. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomada ham bu alohida qayd etib o‘tildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, hududlar aholisi uchun qulay bo‘lgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni 2018 yilda izchil davom ettiramiz. Bu borada masofadan turib profilaktika qilishni ta’minlaydigan “Aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiy axborot markazi” konsepsiyalarini o‘z sharoitimizga moslashtirib tatbiq etishimiz kerak. Biz ushbu ishlarni o‘tgan yillar tajribasiga tayanib, undan kerakli xulosalar chiqarib davom ettiramiz.

Jumladan, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari boshlig‘ining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, bolalarda genetik sindromlarni erta tashxislash, nasliy kasalliklarga chaqaloqlarni ommaviy skrining tekshiruvlarini o‘tkazish, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari tarkibida bolalar anesteziologiyasi va reanimatsiyasi bo‘limlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 25 dekabrda qabul qilingan “2018–2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ham keyingi besh yilda irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash, diagnostika va davolash tadbirlari samaradorligini oshirish, millat genofondini yaxshilash bo‘yicha dasturilamal hujjat bo‘ldi.

Ehtiyoj o‘rganilgan holda qishloq oilaviy poliklinikalarida ginekolog va pediatr vrachlarning shtatlar jadvali qayta ko‘rib chiqilayotir.

Yana o‘qing:  Xabarlar, yangiliklar, voqealar (2014/37)

2017 yilda poliklinikalar rahbarlari va mutaxassislarining faoliyati bo‘yicha Parlament va jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yildi. Buni haqiqatan ham katta yangilik deyish mumkin. Shuningdek, shifokor qabuliga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi elektron tizim bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. Albatta, ushbu yutuqlar barchamizni quvontiradi. Biroq xalqimizning birlamchi tizim bo‘yicha talabini qondirish uchun buning o‘zi yetarli emas va ushbu yo‘nalishda 2018 yil uchun muhim rejalarimiz bor.

Aholini, ayniqsa, qishloq joylarda tizimli patronaj qamrovi sifatini yaxshilash, birlamchi tizimning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va statsionar muassasalar bilan uzviy hamkorlikni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishimiz lozim. Aniqlangan kasalliklarning dispanserizatsiyasini tizimli ravishda amalga oshirish, ona va bola skriningi hamda tibbiy genetik xizmatni yaxshilash kabi o‘ta dolzarb va ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan masalalar ustida astoydil ishlashimizni davrni o‘zi taqozo qilmoqda.

Yana bir muhim jihat – joriy yilda QVP va QOPlarni EKG, laboratoriya tahlillari uchun va sterilizatsion uskunalar, ginekologik, xirurgik va shifokorlik jamlanmalari bilan qo‘shimcha jihozlash belgilangan.

Tibbiyot sohasidagi islohotlarni ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat rivojisiz tasavvur etish mushkul. 2017 yil ayni soha uchun ham tarixiy bo‘ldi. Avvalo, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017–2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatlari shaklidagi Respublika tibbiyot markazlari davlat muassasalariga aylantirilib, ixtisoslashtirilgan markazlarning asosiy vazifalari qayta belgilandi. Endilikda ushbu markazlar mamlakatimiz va har bir mintaqa bo‘yicha kasalliklar tendensiyasini o‘rganib boruvchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini ham olib bormoqda. Shuningdek, hududlarda tor ixtisoslikdagi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olindi.

Poyoniga yetgan yilda tibbiy ta’lim tizimida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Tibbiy ta’lim bo‘yicha eng muhim voqea o‘qish muddatlarining qisqartirilgani bo‘ldi. Shuningdek, kasbiy fanlar bloki kengaytirilib, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki 7 foizgacha qisqartirildi, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmi 85 foizgacha ko‘paytirildi. Prezidentimizning qaroriga muvofiq 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab birinchi marta maqsadli qabul yo‘lga qo‘yildi va 2017 yilda tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga maqsadli qabul uchun 1 ming 180 o‘rin ajratildi.

2018 yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishining maqsadli qabul kvotasini 2017 yilga nisbatan 20 foiz oshirish, maqsadli magistraturani 10 foiz ko‘paytirish, klinik ordinatura qabul kvotasini 15 foiz oshirish belgilandi.

Joriy yil Investitsiya dasturi doirasida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining simulyasiya markazi, mazkur institut Nukus filialining 120 o‘rinli, Andijon davlat tibbiyot institutining 120 o‘rinli, Buxoro davlat tibbiyot institutining 200 o‘rinli klinikalarida qurilish va rekonstruksiya ishlarini davom ettirish uchun 31,8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Yana o‘qing:  Toliqqan haydovchi va uning izmidagi yo‘lovchilar qismati

O‘tgan yil sarhisobi yakunida tabiiy ravishda bir savol tug‘ildi: davlat rahbari boshlab berayotgan tashabbuslarga soha vakillari, ayniqsa, rahbar kadrlar amaliy harakat bilan munosib javob qaytara oldimi? Bu savolni sohaning har bir bo‘g‘inidagi rahbar o‘ziga berishi va unga ijobiy javob qaytara olishi lozim. Ana shunda tibbiyot tizimida taraqqiyot, olg‘a siljish bo‘ladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: