O‘g‘lim xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlaganidan faxrlanaman

deydi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining oltin medali sohibi Hasanboy Do‘stmatovning otasi Ma’rufjon Hayitboyev

Braziliyaning Rio de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks bo‘yicha vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bellashuvida qatnashgan o‘zbek o‘g‘loni Hasanboy Do‘stmatov oltin medalni qo‘lga kiritdi va Olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldi.

2016 yilning 14 avgust sanasi O‘zbekiston sport olamiga yana bir yorqin sahifa bo‘lib kirdi. To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida Hasanboy Do‘stmatov sharafiga Vatanimiz bayrog‘i hilpirab, madhiyamiz yangradi. Uning g‘alabasini nafaqat yaqinlari, balki butun O‘zbekiston xalqi katta hayajon, quvonch bilan qarshi oldi.

XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan Hasanboy boks bo‘yicha vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, yurtimiz yoshlari kuch va salohiyatda, iste’dod va mahoratda hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini yana bir bor isbotladi.

Shu kuni Andijon viloyatining Buloqboshi tumani Kulla qishlog‘ida yashovchi Hayitboyevlar oilasi shodon va baxtiyor hayqiriqlarga, “Barakalla!”, “Yashavor, azamat!” degan olqishlarga to‘ldi. Barcha bu oilani farzandining ulkan g‘alabasi bilan tabrikladi.

– O‘g‘lim Olimpiadada Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlaganidan faxrlanaman, – deydi chempionning otasi Ma’rufjon Hayitboyev. – 2000 yili Sidney Olimpiadasida Muhammadqodir Abdullayev oltin medalni qo‘lga kiritganida chin dildan quvonib, unga, uning ota-onasiga havas qilgan edim. Qani edi, mening o‘g‘lim ham yurtini shunday sharaflarga burkasa, deb orzu qilgan edim. Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik farzandim timsolida ana shu orzuimni ro‘yobga chiqardi. O‘g‘limning Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabasi uni voyaga yetkazgan, tarbiyalagan, iste’dodini yuzaga chiqargan mustaqil O‘zbekiston g‘alabasidir. Zero, yurtimiz mustaqil bo‘lmaganida oddiy bir dehqon farzandi shunday yuksak marralarga erisha olarmidi?! Yo‘q, aslo! Buni tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Mahalladoshlar, yaqinlarimiz menga “Ma’rufjon, kecha kim edingu, bugun kim bo‘lding? Senga havasimiz kelayapti”, deganida men bu dunyolarga sig‘may ketdim.

Chempion Hasanboyning otasi Ma’rufjon aka fermer xo‘jaligida ishchi, onasi Dilnoza opa tumandagi 9-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga saboq beradi. Hasanboy inson aziz, uning qadri muqaddas, deb ulug‘lagan, tinch-osoyishta va xalqi farovon yurtning farzandi, yoshlarining hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan, ularning orzu-istaklari ro‘yobi yo‘lida hech narsani ayamaydigan ozod va obod Vatanning mard va jasur o‘g‘loni.

Yana o‘qing:  Qadim yurtning muhtasham darvozasi

1993 yili tug‘ilgan Hasanboyga sportga qiziqishni bobosi Do‘stmat ota va buvisi Buoyshaxon aya uyg‘otgan. Orzulari sobiq tuzum davridagi bir yoqlama siyosat tufayli paxtazorda qolib ketgan bobo va momo Hasanboyni besh yoshida qishloqdagi karate va kikboksing to‘garagiga yetaklab boradi. Tez orada tuman va viloyat miqyosidagi musobaqalarda bir necha bor g‘oliblikka erishadi. Keyinchalik buvisi Buoyshaxon nabirasini Andijon olimpiya zahiralari kollejining bolalar sport bo‘limiga olib keladi. Boladagi qat’iyat va ishonchni, harakatlaridagi shijoatni ko‘rgan murabbiylar hech ikkilanmasdan uni maktabga qabul qiladi. O‘shanda u endigina 12 yoshga to‘lgan edi. Mashg‘ulotlarda astoydil qatnashadi, boksning o‘ziga xos jihatlarini puxta o‘rganishga intiladi. Bir yil o‘tmasdan bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritadi.

Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida murabbiylar ko‘magida mahoratini doimiy oshirib borgan Hasanboy bugun jahon miqyosida erishish mumkin bo‘lgan eng yuksak cho‘qqini zabt etdi, O‘zbekiston yoshlari nimalarga qodirligini amalda ko‘rsatdi.

Olimpiya o‘yinlarida sportchimiz meksikalik Xoselito Velaskes, qozog‘istonlik Birjan Jakipov, AQSH vakili Niko Migel Xernandesni mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi. Olimpiada oltin medali uchun kechgan hal qiluvchi bahsda Hasanboy kolumbiyalik Yuberxen Martinesni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

– Nabiram Hasanboyning g‘alabasi butun O‘zbekistonimiz g‘alabasi bo‘lish bilan birga, sobiq tuzum davrida ochilmay so‘lgan, qishloqdan nariga chiqolmay armonda ketgan ne-ne iste’dodlarning orzu-umidlari ro‘yobidir, – deydi Do‘stmat ota. – Ilohim, yurtimiz doimo tinch bo‘lsin, o‘z yurtidan, farzandlari yutug‘idan faxrlanish tuyg‘usini bergan mustaqilligimizga ko‘z tegmasin. Orzularimiz ijobatiga rahnamo bo‘lib turgan Yurtboshimiz omon bo‘lsin!

– Hasanjonim Olimpiadaga ketishidan avval men albatta g‘olib bo‘laman, sizlarning, Prezidentimizning ishonchini oqlayman, degan edi, – deydi onasi Dilnozaxon. – Kechagi jangni ko‘pchilik bo‘lib tomosha qilishdi. Qilishdi deyayotganimning boisi, rosti, ona farzandining birovdan musht yeyishiga qarab turolmas ekan. Yutishiga ishonsam-da, chidolmadim, hovliga chiqib ketdim. Lekin, ruhan men ham Braziliyada, o‘sha ringda bo‘ldim. Ichkaridan yashavor, yana, degan ovozlar kelganida qo‘llarim beixtiyor siltanib ketadi, go‘yo men ham raqibga zarba berayotgandek. So‘zining ustidan chiqqan bo‘ylaringdan aylanay, bolam. Bularning barchasi davlatimiz rahbarining yurtimizdagi barcha yoshlarni mening farzandlarim deb, hamma shaharu qishloqda zamonaviy sharoitlar yaratib, ularni qo‘llab-quvvatlayotgani, marrani baland oling, ortingizda xalqingiz turibdi, dunyoda yagona bo‘lgan O‘zbekiston degan Vatan turibdi, degan da’vatlari samarasidir. Yoshlarimiz ana shu buyuk da’vatdan ruhlanmoqda, kuch-quvvat olmoqda.

Yana o‘qing:  Muzeyga tashrif

 

Faxriddin UBAYDULLAYEV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: