Kulsang, dunyo kular – ko‘ngillar to‘lar

Har yili 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ko‘pgina mamlakatlar qatori yurtimizda ham shodlik, quvonch va baxtiyorlik bayrami sifatida keng tarzda nishonlanadi. Bu sana ilk marotaba 1925 yilda Jenevada bolalar manfaatlari masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan “Xalqaro bolalar kuni” (International shildren’s day)ga borib taqaladi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin bolalar salomatligi va manfaatlarini himoya qilish o‘ta muhim darajaga ko‘tarildi va 1949 yilda Parij shahrida bo‘lib o‘tgan ayollar kongressida bolalar tinchligini asrash borasida kurashga chaqiruvchi ahd yangradi. Xuddi shu yili Moskvada bo‘lib o‘tgan Xalqaro ayollar demokratik federatsiyasi kengashining sessiyasida bu bayram yuqoridagi kongress qaroriga uyg‘un holda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida ta’sis etildi. Bir yildan so‘ng – 1950 yilning 1 iyunida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni keng bayram sifatida nishonlandi.

Ushbu sananing o‘z bayrog‘i bo‘lib, unda yuksalish, uyg‘unlik, musaffolik va unumdorlik timsoli – yashil rang fonida chizilgan Yer shari atrofida turli irqqa mansub bolakaylar tasvirlangan. Yer shari esa insoniyatning umumiy uyidir.

Bolalar bayrami esa har yili mamlakatlarda o‘ziga xos tarzda, har bir xalqning qadriyat va an’analariga uyg‘un holda nishonlanadi. Shu kuni istirohat bog‘lari va xiyobonlarda bolajonlarning tasavvurga boy olamiga monand turli tomoshalar tashkil qilinadi, baquvchisini yo‘qotgan bolalar holidan xabar olinadi, xayr-saxovat tadbirlari uyushtiriladi.

Ammo bugungi kunda dunyoning qaysidir burchagida ochlik, tashnalikdan azob chekayotgan, yana qaysidir hududda notinchlik sabab ota-onasi, yaqinlaridan bevaqt judo bo‘layotgan va mutaassiblikning qurboniga aylanayotgan bolakaylar ham borligi sir emas. Shuning uchun bu kunning ahamiyatini yanada oshirish, bolalarni turli yuqumli xastaliklardan asrashimiz lozim. Zero, yoshlar – kelajak egalari. Ularning sog‘ligi bashariyat hayotining davom etishini ta’minlaydi.

Har bir bolaning bepul ta’lim olishi bizning yurtda kafolatlab qo‘yilgan, ammo, uning kelajakda mustahkam moddiy tayanchga ega bo‘lishi, o‘zi va oilasini ta’minlay olishi uchun ularni to‘g‘ri yo‘naltirish ota-onalarning eng muhim vazifasi sanaladi.

Biroq hozirda kompyuter o‘yinlari, internet va hatto o‘yinchoqlar orqali bolalar ongiga hujum qilayotgan, ularni o‘z ta’siriga og‘dirayotgan yot g‘oyalar ko‘paygandan ko‘paymoqda. G‘ayri axborotlar farzandlarimiz ongu tafakkuriga soya solmasligi uchun, eng avvalo, ota-onalar, ustoz-murabbiylarning bu illatlarga qarshi turmog‘i shart. Shundagina murg‘ak qalbning tuganmas savollariga to‘g‘ri javob berish, ularga nima yaxshi-yu, nima yomonligini anglatish mumkin.

Yana o‘qing:  Savodxonlik OAV nigohida: ilmiy-anjuman shu mavzuga bag‘ishlandi

Ha, bugunning bolalari ko‘p narsani bilishadi. Hali yozishni bilmaydiganlari ham telefon kodini bir zumda ochib berishadi, kompyuterni mustaqil yoqib, o‘zlari yaxshi ko‘radigan multfilmni qo‘yib ko‘ra olishadi. Biroq ming bilimdon va aqlli bo‘lmasin, bola – baribir bola. Uning tiyrak nigohlari atrofidan ideal insonni izlashini, yuragida muhabbati, tuganmas shijoati qaynab turishini, ongi esa yozilmagan qog‘oz singari top-toza va pok ekanligini unutib bo‘lmaydi. Demak, biz kattalar shunga monand yo‘l tutishimiz, bolalardan bir qadam oldinda, ularga o‘rnak bo‘lishga harakat qilishimiz kerak.

 

Xurshida ABDULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: