Nega bola tunda peshob tuta olmaydi?
Ko‘pincha savol tug‘iladi: necha yoshdan bola uyqudan uyg‘onganda tagi quruq bo‘lishi kerak? Ba’zi bola bu fiziologik jarayonni 2 yoshdan nazorat qiladi. Ammo har doim ham bunday bo‘lmaydi.
Enurez yunoncha “enuresis” – “peshob oqib chiqishi” degan ma’noni anglatib, bu holat 5 yoshdan katta bo‘lgan bolalarda kuzatilsa patologik jarayon deb hisoblanadi. Agar bolakaylar 5 yoshgacha tunda peshob tuta olmasa bu fiziologik muammodir. Bu yoshdan o‘tgandan keyingina enurez – tibbiy, shu jumladan, psixologik muammoga aylanadi. Ba’zida tunda peshob tutaolmaslik holatlari kuzatilishi mumkin. Ammo buning vahimali joyi yo‘q. Peshob tuta olmaslik birlamchi va ikkilamchi bo‘ladi. Birlamchi siydik tuta olmaslik (birlamchi enurez) – ko‘nikmalarning namoyon bo‘lishining va bu fiziologik jarayonning nazorat qilishning kech hosil bo‘lishi. Asab-ruhiy rivojlanishning buzilishlari, organizmdagi turli salbiy o‘zgarishlar oqibatida bola qovug‘ini umuman nazorat qila olmasligi mumkin. Ikkilamchi siydik tuta olmaslik (ixtiyorsiz, ikkilamchi enurez) – qovuqni boshqaruvchi shakllangan shartli refleksining pasayishi yoki yo‘qotilishi (urologik yoki infeksion kasalliklar, ruhiy shikastlanish natijasida). Tungi enurez genetik, psixologik, nevrologik, urologik, endokrin omillarning o‘zaro ta’siri natijasida kelib chiqadigan holatdir.
Bemorlarning bir qismida enurez oziq-ovqat allergiyasi tufayli kelib chiqishi ham mumkin. Bu holatda ushbu kasallik migren-shaqiqa (boshning yarmi og‘rishi) yoki giperaktivlik (o‘ta faollik) sindromi va bemorda e’tiborning susayishi bilan birga kechadi. Ko‘pincha enurez kam vazn bilan tug‘ilgan, psixomotor rivojlanishi orqada qolgan bolalarda kuzatiladi. Tungi enurezni parasomniyaning bir ko‘rinishi deyish mumkin. Chunki ba’zi bolalarda enurezda o‘ta qattiq uyqu (profundosomniya) kuzatiladi. Ko‘p holatlarda u boshqa parasomniyalar: uyquda alahsirashlar, tunda uyqusirab yurishlar bilan kechadi. Ayrim holatlarda enurez uyqudagi obstruktiv apnoe bilan bog‘liq bo‘ladi. Ushbu mexanizm bodomcha bezlari va adenoidlari kattalashgan, qattiq xurrak otadigan bolalarga xosdir.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqda peshob ajratish jarayoni tabiiy holda ro‘y beradi. 6 oylikdan boshlab bolada shartli refleks shakllana boshlaydi. Bolaga to‘g‘ri tarbiya berish natijasida u bu tabiiy ehtiyojini g‘ingshib, bezovta bo‘lib kattalarga ma’lum qiladi. Biroq, go‘dak uxlaganda avvalgidek ixtiyorsiz ravishda tagini ho‘llab qo‘yaveradi. Ya’ni, shartsiz refleks mexanizmi davom etishdan to‘xtamaydi.
Siydik chiqarish jarayonining so‘nggi innervatsion mexanizmlari, shu jumladan, uyqu mobaynida, individual ravishda 2 yoshdan 4 yoshgacha davr oralig‘ida o‘rnatiladi. Peshob ushlab turish jarayoni (yig‘ilish fazasi) va bu fiziologik jarayon peshob chiqarish fazasi turlicha boshqarilib, bunda markaziy va orqa miya regulyasiya markazlari bevosita ishtirok etadi. Qovuq faoliyatini tartibga soluvchi orqa miya markazlari umurtqa pog‘onasining bel-dumg‘aza sohasida joylashgan. Aynan shu yerdan uning asab tizimi orqali simpatik va parasimpatik boshqarilishi amalga oshiriladi.
Peshob tuta olmaslikning etiologik mexanizmlari
Bemorda shartli “tungi soqchilik” refleksi shakllanishi mexanizmlarining tug‘ma buzilishlari kuzatiladi. Peshob ajratishni tartibga soluvchi ko‘nikmalarning kech shakllanishi va noqulay omillar tufayli orttirilgan siyish refleksining buzilishi hamda bu xastalikka irsiy moyillik ham sabab bo‘ladi. Agarda ota-onalardan biri enurez bilan kasallangan bo‘lsa, bolada bu xastalikning paydo bo‘lish ehtimoli 40-50 foiz ularning ikkalasida ham bolalikdan bu dard kuzatilgan bo‘lsa, farzandida ushbu xastalik 70-80 foiz holatda mavjud bo‘ladi. O‘g‘il bolalarda enurez qizlarga qaraganda ko‘proq kuzatiladi.
Taxminiy belgilangan me’yorlar:
– 1,5 yoshga borib bola tagligi ho‘l bo‘lganligi haqida kattalarga ma’lum qilishga o‘rganadi.
– U 20-30 oy orasida kun davomida peshobini tuta oladi.
– 30-40 oy orasida (ya’ni, 3,5 yoshda) o‘g‘il-qizlar beixtiyor peshob ajratishdan o‘zini tiya oladi.
– 3-4 yosh orasidagi bolalardan har ikkinchisi ba’zida uyquda tagini ho‘llab qo‘yadi. Bu oddiy holdir.
– 4-5 yoshga borib esa bola mustaqil ravishda ozodalik ko‘nikmalarini orttiradi.
Kunduzgi va tungi peshob ajratish mexanizmlari bir-biridan keskin farqlanadi. Uyquda bemorning tagini ho‘llab qo‘yish holatining o‘ziga xosligi – bu jarayon to‘satdan, paroksizma ko‘rinishda, katta miqdorda peshob ajralishi bilan ro‘y beradi. Bu jarayon xastada nafasni ushlab turish, motor-vegetativ ko‘rinishlar, oyoq-qo‘llarning klonik tortishishlari bilan kechadi. Odatda mazkur kasallikning ikki asosiy sababi ajratiladi: qovuq o‘zining tuzilishiga ko‘ra hajmi haddan ziyod kichik bo‘ladi yoki bolada yetarli miqdorda antidiuretik gormon ishlab chiqarilmaydi. Bu gormon tungi paytda organizmda suv va tuzlar ajralishini boshqarib turadi.
Shartli ravishda siydik chiqarishning buzilishi ikkiga bo‘linadi: organik va funksional. Organik yoki dizontogenetik shakllar urogenital sohadagi turli “qo‘pol” va “kichik” nuqsonlar bilan bog‘liq. Bolalarda siydik chiqarish buzilishining obstruktiv turiga o‘z vaqtida tashxis qo‘yishga alohida ahamiyat beriladi. Funksional shakllar bola o‘sishidagi nomutanosiblik uning yoki yetilishi bilan bog‘liq nuqsonlar sababli kuzatiladi.
(Davomi bor)
Tohir HOJIMETOV,
tibbiyot fanlari nomzodi,
Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi mutaxassisi