Tadqiqot: uzluksiz televizor ko‘rishning zararli jihatlari ko‘p
Avstraliyalik olimlar o‘tkazgan tadqiqotda 9000 nafarga yaqin odam qatnashdi. Qatnashchilar qancha vaqt televizor ko‘rishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Ko‘ngillilar uch guruhga bo‘lindi. Birinchi guruhga ikki soatdan kamroq, ikkinchi guruhga 2–4 soat, uchinchi guruhga esa to‘rt soatdan ortiq televizor ko‘radigan ishtirokchilar kiritildi, deb yozadi The Daily Mail nashri.
Ishtirokchilar 12 yil davomida nazorat qilindi. Bu vaqt ichida organizmdagi yallig‘lanish tufayli sodir bo‘lgan 130 ta o‘lim qayd etildi. Tadqiqotchilar ikki soatdan ortiq televizor ko‘rish yallig‘lanish xavfini oshirishini aniqladi. Ma’lumki, yallig‘lanish darajasi ko‘plab kasalliklar, jumladan, diabet, aqlizaiflik, Parkinson kasalliklari vaqtida ortadi.
Shuningdek, ko‘p televizor ko‘ruvchilarning ilmiy salohiyati ham past bo‘lishi aniqlandi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.