Yosh iste’dodlarning Ispaniyadagi yutug‘i
Ispaniyaning Lloret-de-Mar shahrida 17-23 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Sea Sun Festival” (“Dengiz, quyosh, festival”) nomli xalqaro festival-tanlovda o‘zbekistonlik yosh musiqachilar ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Yosh ijodkor bolalar ishtirokidagi san’at bayrami bir necha bosqichda o‘tkazilib, unda qatnashchilar xoreografiya, raqs san’ati, cholg‘u ijrochiligi, xonandalik, tasviriy va amaliy san’at, video va fotoijodiyot, modalar teatri kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Festival-tanlovda AQSH, Bolgariya, Ozarbayjon, Rossiya, Gruziya, Slovakiya, Litva, Qozog‘iston kabi 12 davlatdan ko‘plab iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi. Mazkur ijodiy bellashuvda Namangan shahridagi 11-bolalar musiqa va san’at maktabining o‘quvchilari Gulshoda Halimjonova va Shirin Nabiyeva fortepiano bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu maktabda bilim olayotgan Ahrormirzo Rahmonov skripka ijrochiligi bo‘yicha 2-o‘ringa munosib topildi. Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 17-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Muhriddin Akramov mis puflama soz – truba ijrochiligi bo‘yicha 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.