Mundialga kim boradi?
Kuni kecha JCH-2014 musobaqasining Osiyo qit’asi 4-saralash guruh bosqichi 8-tur uchrashuvlari doirasidagi Qatar va Eron, Livan hamda Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
4 iyun kuni Livan poytaxti Bayrutdagi Kamil Shamun nomli stadionda bo‘lib o‘tgan Livan va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 1:1 hisobidagi durang natija bilan nihoyasiga yetdi.
Avvaliga 12-daqiqada Hassan Maatuk Livan terma jamoasini oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘limda Janubiy Koreya futbolchilari qanchalik urinishmasin, hisobni tenglashtira olishmadi.
Ikkinchi bo‘limda ham deyarli shunga o‘xshagan vaziyat ko‘zga tashlandi. Koreyalik futbolchilar bir nechta qulay imkoniyatlarga ega bo‘lgan bo‘lsalar-da, ulardan foydalana olmadi. Faqatgina uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan 7 daqiqada Kim Chi Vu javob golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi va mehmonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Ushbu durang natija Janubiy Koreya terma jamoasiga ochkolari soni bo‘yicha shu vaqtgacha guruhda peshqadamlik qilib kelgan O‘zbekiston terma jamoasiga tenglashib olish imkonini berdi. Hozir har ikkala terma jamoa hisobida 11 ochkodan bor, biroq koreyslar to‘plar nisbatida ijobiyroq ko‘rsatkichga ega bo‘lishgani uchun O‘zbekiston terma jamoasi o‘z peshqadamlik o‘rnini topshirishga majbur bo‘ldi. 4-saralash bosqichining 9-turida O‘zbekiston Janubiy Koreya terma jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Shuningdek, «A» guruhi doirasida Qatar va Eron terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Rizo G‘uchannajod tomonidan urilgan yagona gol mehmonlar ochkolari sonini 10 taga yetkazib olishiga imkon berdi. 9-turda Eron terma jamoasi o‘z maydonida Livanni qabul qiladi.
Navbatdagi turda terma jamoamiz Janubiy Koreyani mag‘lubiyatga uchratadigan bo‘lsa, ochkolarimiz soni 14 taga yetadi va O‘zbekiston muddatidan avval jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Futbolchilarimizga keyingi o‘yinlarda omad tilab qolamiz.
Navro‘z NORBOBOYEV