Jahon, bo‘ylashmoqqa yetar jur’atim
Hozir aytmoqchi bo‘lgan gaplarimga qo‘shilsangiz ham bo‘ladi, qo‘shilmasangiz ham. Men bir oddiy oilada tug‘ilganman. Shukur, bekamu ko‘st ulg‘aydim. Oilada ko‘pchilikmiz. Aka-uka, opa-singillarim ham men kabi voyaga yetishdi.
Bir bolaning ulg‘ayishi uchun oilada bosh rolni Ona o‘ynaydi. Farzand har qanday holda ham onaga suyanadi. Ona suyguvchidir, ona kechirguvchidir. Farzandlar quvonsa quvongusi, qayg‘ursa ham g‘amga sherik onaizor. U oyning timsoli, yer sharining qiyosi… Buni bilib qo‘ysangiz ham bo‘ladi, bilmasangiz ham. Axir unga beixtiyor, mutlaqo tabiiy ravishda mehr qo‘yasiz.
Dilimizga “Bahri Muhit Hindi” (Hind okeani) to‘lqinlari kabi shodlik indi. Chunki biz – hurriyat bolalarimiz. Shukronamiz cheksiz. Endi, katta-ku katta, kichiklar ham mundoq do‘ppisini boshidan olib, yoniga qo‘ysa-yu, o‘ylab ko‘rsa… Afg‘onda afg‘on chekayotganlar kammi? Shom (Suriya)ga tushgan “shom”ni ko‘rib, dili xufton bo‘layotganlarga sanoq yetmay qoladi. Qayerdadir ochlik, qayerdadir tashnalik xalq ustida qilich yalang‘ochlagan. Jug‘rofiyaga qarasangiz, yana allaqayerdadir urush ichida urush bolalari voyaga yetdi. Yigirma-o‘ttiz yil avval boshlangan xunrezlik orasida tug‘ilgan norasida bugun yigirmanchi-o‘ttizinchi bahoriga yetib keldi yoki yo‘q. Bahodir o‘g‘lonlar nima uchun kurashayotganligini ham unutdi. Kimdan nima talab qilayotganligiga aqli yetib-etmasdan, onasidan ayrildi. Esini tanib, kitobni qanday ochishni o‘rganmasidan, qurolni kitob o‘rnida ushlaydigan bo‘lganlarga umr xayf. Buni qanday tahlil qilish mumkin? Qanday tushunish va tushuntirish mumkin? O‘ylaysan, bularga achinsa ham bo‘ladi, achinmasa ham.
Jahon afkor ommasi turli “pyesa”larda qatnashayotgan va xilma-xil rollarni o‘ynayotgan bir davrda onamiz bizni “po‘palab”, “ho‘ppalab” o‘stiryapti. Inson degan nomga, shaxs otlig‘ unvonga munosib bo‘lishimizni istayapti. Dunyo oqimi o‘zanidan chiqish arafasida turgan bir davrda bizning yoshlar bir ittifoq bo‘ldi, boshi ko‘kka yetdi.
Tinchlik – ulug‘ ne’mat. Avvalo, u, odamga yashash huquqini beradi. Xotirjamlik va shodlik uchun imkoniyat. Millat uchun, xalq uchun bundan katta tuhfa bormi? Albatta, yo‘q! Buning qadriga yetmaganning yo‘li tanazzuldir. Shu zaminning zilol suvlari, dalalarni to‘ldirib turgan rizq-ro‘zi, dasturxonidagi nonining uvoli uradi. Go‘daklarning kulgusi uradi. Onalarning qarg‘ishi, otalarning ohi uradi. Suluv qizlar chiroyining uvoli tutadi. Inshoolloh, bu singari qishmish-kechirmishlar bizga begona. Bunda har bir ona “Osmonimiz musaffo bo‘lsin, tinchlik bo‘lsin”, – deya duo qiladi. Zero, onaning duosi shaksiz mustajobdir.
Odam bolasi yoshi ulg‘aygan sari ko‘rib, eshitib tajribaga boyib boradi. “Sanamay sakkiz” deyishdan tiyiladi. “Yetti o‘lchab, bir kesadi”. Ustozlar aytganiday, Ozodlik nasimini birinchi bo‘lib, shoiru yozuvchilar his etadi. Ilk shabada ularning ko‘kragiga uriladi. Zero, hazrat Navoiy degankim:
Ne navo soz aylagay bulbul gulistondin judo,
Aylamas to‘ti takallum shakkaristondin judo.
Buni ich-ichidan his etuvchi iqboli porlagan, mirzo o‘g‘lonlar baralla hayqirib, dunyo maydoniga ot qo‘yadi.
O‘zbek desam jaranglagan tor kelur,
Undan oldin nomus ila or kelur,
Burgut kelur, Lochin kelur, Sor kelur,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!
(Iqbol Mirzo)
Munisa shoiralar ularni yanada uchqur bo‘lishga, yulduzni benarvon urushga-yu, to‘siq tog‘larni talqon qilishga undaydi:
…Qancha qoning bo‘lsa Vatan uchun to‘k,
Qancha shoning bo‘lsa, Vatanni ko‘tar!
(Halima Xudoyberdiyeva)
Nayson mahali. Harbiy xizmatdagi do‘stlarimni ko‘rgani bordim. Biri Surxon elida, biri Farg‘ona vodiysida. Ular mamnun, quroldosh do‘stlari bilan tanishtirdi. Hammasi xizmatidan, yurtidan, tinchlikdan xursand. Men oynai jahonni ko‘p kuzataman. Hech bir yurtning askarlarini xursand holda ko‘rmaganman. Yuzlarida tashvish ifodasi. Ko‘zlari qisilsa, ko‘zyoshdan, yig‘idan qisilgan. Mening do‘stlarimning ko‘zlari faqat kulgudan qisiladi.
Deydi: “Vatan – aziz, Vatan – shon!”. Sevindim, do‘stlarim, ukalarim bari birdek o‘ktam, pahlavon. Ovozidan tog‘lar titraydi. Qadamidan o‘t chaqnaydi. Alpomishni, Manguberdini, Sohibqironni ko‘z o‘ngingizda gavdalantiradi.
O‘zimcha yana bir karra ishonch hosil qildim: Sizu biz ishonchli qo‘llardamiz! Xalqimiz kichik ko‘ngil, begidir, javonmard. Ajabmaski, Yaratgan shu sababli bul jannatmakon yerni biz uchun yaratgan bo‘lsa. Shubha yo‘qki, uning inoyati tasodif emas. Sizu bizni shu Vatan – Onamiz ulg‘aytirdi. Ajdodlardan or-nomus, g‘ururu andisha tuhfa etdi. Onamiz bizga birga ketayogan karvonimizning sarbonini e’zozlashga o‘rgatdi. Biz bu karvonni sarboni bilan yaxshi ko‘ramiz. Asraymiz, avaylaymiz. Dunyoda har bir narsaning sarhadi bor. Faqat shodligimiz shuki, mehrning sarhadi yo‘q. Yaxshiyam, mehr bor… Men bu Vatanni jon dilim bilan sevaman, ardoqlayman.
Biz aka-uka, opa-singillar onamizni – Vatanimizni jondan ortiq sevamiz. Zero, Vatanni sevmoq – iymondandur. Shoir aytgani kabi:
Jahon, bo‘ylashmoqqa
etar jur’atim,
Xalqim yuragida daryoning sehri.
Har zarra qumida zamin qudrati,
Ikki daryo ichra toshadi mehri.
...Sotmadim shon-shuhrat
izlab vijdonni,
Nonu tuz hurmati zaminga qasam.
Mendan xafa bo‘lmang O‘zbekistonni
Hammangizdan ko‘proq
sevaman desam…
Shavkat ODILJON