Sud-huquq sohasini yoritishda bilimingiz yetarlimi?
Poytaxtimizda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan “Jurnalistlarning sud-huquq sohasini yoritish va jurnalist surishtiruvini o‘tkazishga oid kasbiy malakalarini oshirish” mavzuida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Milliy matbuotda sud jarayonlarini yoritish talab darajasidami? Jurnalistlar yuridik atamalar va soha bilan bog‘liq boshqa tushunchalarni yetarli darajada o‘zlashtira olganmi? Seminarda shu kabi masalalar tahlil etildi.
Ta’kidlanganidek, mustaqil sud hokimiyati va erkin OAV jamiyatni ijtimoiy taraqqiyot sari yo‘naltiruvchi asosiy kuchlardan hisoblanadi. Shu sababli sudlar va fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, OAV o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarining izchil amalga oshirilishi mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning samaradorligiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizdagi markaziy va hududiy nashrlar, tele va radiokanallar orqali huquqiy mavzudagi ko‘rsatuvlar, tahliliy materiallar sifati kun sayin ortib, sud-huquq masalalarini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar shakllana boshladi. Davlat va xususiy teleradiokompaniyalarda, shuningdek, bosma OAVda “Jinoyat va jazo”, “Sud zalidan reportaj”, “Himoya”, “Jarayon” kabi maxsus ruknlar tashkil etilib, sud jarayonlaridan tayyorlangan xabar, reportaj, ocherk, maqola, jurnalist surishtiruvi va intervyular berib borilmoqda.
Seminar davomida sudlardan axborot olish va tarqatish, sud jarayonlarini yoritish borasida jurnalistlar duch kelayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jurnalist yuridik termin va iboralarni, protsessual qonun me’yorlarini nafaqat to‘g‘ri qo‘llashi, o‘zlashtirishi, shu bilan birga huquqiy ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida mazkur tushunchalarni keng jamoatchilikka tushunarli tarzda yetkazishi zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston va jahon matbuotida sud jarayonlarini yoritish muammolari qiyosiy tahlil etildi. Ushbu masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, ishtirokchilarga tavsiyalar berildi.
Nurillo Nasriyev,
O‘zA