Tuzni me’yoridan ortiq iste’mol qilish yurak yetishmovchiligiga olib keladi
Finlandiyalik olimlar 25 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan 4630 nafar odamning ma’lumotlarini tahlil qilib chiqdi. Ishtirokchilar 12 yil davomida nazorat qilib borildi. Mutaxassislar ularning qancha tuz iste’mol qilganini aniqlash uchun siydik namunalarini o‘rganishdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar 5 guruhga bo‘lindi, deb yozadi The Hindustan Times nashri.
Birinchi guruhga eng kam (kuniga 6,8 grammdan kamroq), beshinchi guruhga esa eng ko‘p (13,7 grammdan ortiqroq) tuz iste’mol qiluvchilar kiritildi. Tadqiqot davomida 121 nafar ishtirokchida yurak yetishmovchiligi paydo bo‘ldi. Kuniga 13,7 grammdan ortiq tuz iste’mol qiladigan ishtirokchilar yurak yetishmovchiligiga boshqalardan ko‘ra 2,1 marta ko‘proq duch kelgani ma’lum bo‘ldi.
Kuniga 10,96–13,7 gramm tuzdan foydalanuvchilarda xastalik rivojlanishi xavfi 1,7 marta yuqori bo‘ldi. Mutaxassislar ishtirokchilarning arteriya qon bosimini ham hisobga oldi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kuniga 5 grammdan ortiq tuz iste’mol qilmaslikni maslahat bermoqda.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.