Kelajakni qaysi alifboda quramiz?
Yaqinda adabiyotshunos, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizayevning “Prezidentga maktub” nomli ochiq xati e’lon qilindi. Mazkur maqola Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkorlari bilan uchrashuvi taassurotlariga bag‘ishlangan.
Maqolada adabiyotshunos olim mamlakat rahbari bilan muloqot payti aytishga jazm qilgan mulohazalarini yozganini aytadi hamda O‘zbekiston kirill alifbosiga qaytishi kerak degan fikrni ilgari suradi. Ushbu fikr esa ko‘pchilik o‘rtasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, ushbu mavzu virtual olamning kundalik bahslaridan biriga aylandi.
Keng jamoatchilik ikki guruhga ajraldi. Ularning biri kirill alifbosini ma’qul desa, ikkinchisi lotin yozuvi tarafdorlaridir. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur imlolarning qay biri afzalligi borasida so‘rovnoma ham o‘tkazildi. Unga ko‘ra aksariyat internet foydalanuvchilari lotin yozuvini afzal bilishdi. Ovoz yo‘llaganlar orasida har ikkala yozuv ham birday qulay ekanligini tanlaganlar ham bor. Kirill yozuvi tarafdorlarining aksariyati yoshi ulug‘ hamda o‘rta yoshlilardir. Ular aynan ushbu yozuvda savod chiqarganini, mazkur alifboda chop etilgan adabiyotlar ko‘p ekanini, shu sabab bu yozuvdan voz kechish bir qancha muammolarning keltirib chiqarishini ta’kidlashmoqda. Lotin alifbosida savod chiqargan aksariyat yoshlar esa bu yozuv orqali axborot texnologiyalari, tibbiyot atamalari mavjudligi, bundan tashqari ingliz tilini o‘zlashtirish ham qulay bo‘lishini, bir so‘z bilan aytganda, “lotin tili bizni dunyo bilan yaqindan bog‘lay oladi” deb, hisoblashmoqda. Afg‘oniston, Pokiston, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni va Turkiyada tug‘ilib, voyaga yetgan o‘zbeklar lotin alifbosini dunyo o‘zbeklarini birlashtirgan omil sifatida tilga olmoqda. Ularning fikricha bizning lotin yozuvini inkor qilishimiz ular bilan bo‘lgan o‘zaro aloqaning uzilishiga olib kelishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, O‘zbekistonda so‘nggi yuz yil ichida 4 marta alifbo o‘zgardi.
1917-yilda yuz bergan bolsheviklar inqilobidan oldin Turkistonda arab imlosidan foydalanilgan. Inqilobdan so‘ng, 1929-yilda O‘zbekistonda lotin alifbosi joriy etiladi. 1940-yilga kelib esa lotinchadan kirilchaga o‘tish siyosati boshlanadi. Bu o‘zbek ziyolilarining sa’y-harakati bilan emas, turkiy xalqlarni bo‘lib tashlash uchun, ularga ergashib, lotinchaga o‘tgan Turkiyadan uzoqlashtirish uchun sovetlar tomonidan majburiy amalga oshirilgan edi. Bir paytlar, aniqrog‘i, rus podshosi davrida yagona arabcha imlo qo‘llab kelingan. Shuning uchun Samarqand-u Toshkentdagi odam Boku yoki Qozonda chop etilgan matbuotni bemalol o‘qiy olgan. Shuni nazarda tutib, kirilchaga o‘tkazilayotganda, shunday xudbin va makkorona siyosat tutildiki, har bir turk xalqi uchun bir-biridan uzoq kirill alifbosi yaratildi. Maqsad esa “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” edi. 1989-yili Davlat tili haqidagi qonun hamda bosqichma-bosqich lotin alifbosiga o‘tish qarori qabul qilindi. 1993-yil 2-sentyabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Vazirlar kengashining shu kuni qabul qilingan qarorida esa 2010-yilning 1-sentyabridan yangi alifboga to‘liq o‘tilishi belgilangan edi. Oradan olti yildan ortiq vaqt o‘tsa-da, qaror to‘laligicha o‘z tasdig‘ini topmadi.
Lotin va kirill yozuvlari masalasi yuqorida qayd etilganidek, keng jamoatchilik, xususan, jurnalist, huquqshunos, yozuvchi, shoir va hatto, qo‘shni davlatlardagi o‘zbek millatiga mansub insonlar o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda. Bu xususda ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan izohlar hamda aynan shu sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislar fikri bilan qiziqdik. Ularning ayrimlari bilan tanishtirib o‘tishni joiz deb bildik.
Xurshid DAVRON,
O‘zbekiston xalq shoiri:
– Chin yurakdan aytaman, men kirilcha rus tilidan bir umr minnatdorman. Uning beqiyos ta’sirini aslo rad etmayman. Ammo, shu bilan birga agar biz kelajakni o‘ylasak, arosatda qolgan farzandlarimizni o‘ylasak, lotinga o‘tishimiz kerak. Yana takrorlayman, umrim kirill “soyasi” ostida o‘tdi. Shuning uchun lotinchada ko‘p xato qilaman. Yana kirilchaga qaytish ketayotgan avlodni deb Mustaqillikning 26 yili davomida kirib kelgan 17 milliondan ortiq yosh avlodni qurbon qilish degani bo‘ladi. (Ayrim qisqartirilishlar bilan berildi.)
Zuhriddin ISOMIDDINOV,
adabiyotshunos:
– Oldimizdagi eng asosiy masala – lotin yozuvimi yo kirill yozuvimi degan masala emas. Bosh masala – ona tilimizni davlat tili qilib olishdir. Tilni davlat tili deb e’lon qilish boshqa, uni ro‘yobga chiqarish boshqa. Qonunni qabul qilish mumkin, lekin u ishlamasa – qonunmi?! Men nimani davlat tili deb bilaman? Davlat ishlari qaysi tilda yuritilayotgan bo‘lsa, o‘sha til davlat tili bo‘ladi.
Modomiki, O‘zbekistonda davlat idoralari bir-biriga o‘zbek tilida emas, boshqa tillarda xat yozayotgan ekan, o‘zbek tili hali tuzuk-quruq davlat tili bo‘la olmapti, deb afsus bilan e’tirof etishimizga to‘g‘ri keladi. Agar o‘zimiz mustaqil bir davlat bo‘lsag-u, boshqa tilda ish yuritsak, chalaroq bo‘lib qolmaydimi? Avvalo shu masalani ko‘rib chiqish kerak.
Ona tilimizni davlat tili qilish – bosh masala bo‘lishi kerak. Ana undan keyin, menga desa, mixxat bilan yozilsin, oromiy bilan yozilsin, arab imlosi bilan yozilsin – u ikkinchi darajali masala.
Xushnudbek XUDOYBERDIYEV,
huquqshunos:
– Har yomonning bir yaxshisi bo‘lgani kabi kirilga qaytish haqidagi iddaolarning yaxshi tarafi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilining qadrini o‘zimiz ham ancha pastda ko‘ra boshlaganimizni ko‘rsatib berdi. Xuddiki, kitob javonimizda o‘qilmasdan chang bosib yotgan sevimli kitobimizni so‘rashsa, bergimiz kelmaganidek. Lekin o‘sha kitob nega chang bosib yotibdi? Nega o‘zimiz o‘qimayapmiz? Nega o‘zimiz lotin alifbosidan kam foydalanamiz? Masalan, nega o‘zim saytimni kirilda yuritaman? Axir dastlab maqolalarimni faqat lotin yozuvida yozardimku? Kirilchada yozishimning bir nechta sabablari bor, ammo ular qonunan tasdiqlangan imlomizda yozmaslik uchun asos bo‘ladigan jiddiy sabablar emas. Hozir lotinda qolaylik, kirill kerakmas deb da’vo qilishimiz, o‘zi chekadigan insonning “chekmanglar, tamaki xavfli” deyishi bilan barobar. Agar siz haqiqatdan lotin yozuvi tarafdori bo‘lsangiz va tezroq kirildan qutilishni, arosatda yurmaslikni xohlasangiz, unda imkoni boricha lotin alifbosida yozishingizni iltimos qilaman. Unutmang, lotin yozuvida yozish aslida amaldagi qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish demak! Chunki rasman biz 2010-yildan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tganmiz. Ayniqsa, bu ishni ziyolilarimiz, mushtariylari ko‘p nashrlarimiz boshlab bersa, yomon bo‘lmasdi!
Dilnoza MIRJALILOVA,
Tokio universitetining Osiyoda axborot texnologiyalari va jamiyatni o‘rganish programmasi doktoranti:
– Hozirgi kunda O‘zbekistonda dolzarb bo‘lib turgan muammolardan biri alifbo va savodxonlik masalasidir. Dunyodagi til siyosati va alifboga e’tiborni o‘rganishim, shuningdek, davlatimizdagi kirill va lotin yozuvida yo‘l qo‘yilayotgan xatoliklarni kuzatishim natijasida shuni ta’kidlashim joizki, o‘zbek tiliga asoslangan lotin yozuvini maktabdan o‘rganib kelgan yoshlar kirill yozuvida, aksincha, kirill yozuvini o‘rgangan talabalar esa lotin yozuvida xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgani hech kimga sir emas. Aksariyat hollarda lotin yozuvini o‘rgangan yoshlar o‘rtasida ham xatoliklar yetarli. Yoshlar va o‘qituvchilar o‘rtasida lotin grafikasi bo‘yicha olib borgan so‘rovnomalarim natijalariga ko‘ra, bu kabi xatoliklar aynan tutuq va ko‘chish belgilari, grafemalar bilan bog‘liq holatlarda uchramoqda.
Ta’kidlash joiz, bitta tilga ikkita alifbo ishlatiladigan, ya’ni digrafiya O‘zbekistondan boshqa davlatda yo‘q. Kirill alifbosida matnning, ya’ni ilmiy adabiyotlarning ko‘pligi hech kimga sir emas. Lotin grafikasida esa matnlar kirilga nisbatan ancha kam. Bundan tashqari ushbu alifboning o‘zi hali to‘liq mukammallikga ega emas. Bitta tovushga ikkita harfning ishlatilishi (Ц-ts, Ч-ch, Ш-sh, Е-ye, Ё – yо, Ю-yu, Я-ya) ham ushbu sabablardan biri. Mazkur yozuv yana mukammallashtiriladigan bo‘lsa, yangi qoidalar ishlab chiqilsa, xatoliklar yana ko‘payishi mumkin. Chunki avvalgi qoidalar jamiyatda o‘z kuchini yo‘qotishi qiyin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, yozuv kirill grafikasida bo‘lganligi matn o‘qish qulayligiga, yo‘qotishlarning soni kamayishiga olib keladi, degan fikrdaman.
Xurshida HUSENOVA yozib oldi.