Xalq ta’limi: islohotlarning yangi bosqichi

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi shunday nomlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov, vazir o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, poytaxtimizdagi qator maktablarning direktorlari va boshqa mutasaddi xodimlar yangi o‘quv yilida tizimda joriy etilayotgan yangiliklar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Davlatimiz rahbari raisligida 2017 yil 2 avgust va 16 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlagan holda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikning borishi, xususan, 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish bilan bog‘liq ishlar holati atroflicha muhokama qilinib, tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi.

Xalq ta’limi vaziri ma’lum qilishicha, yangi islohotlar bilan boshlanish arafasida turgan o‘quv yiliga alohida tayyorgarlik ko‘rilib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu yil 650 ming o‘g‘il-qiz umumta’lim maktablarining 1-sinfiga o‘qishga boradi. Ularga “Prezident sovg‘asi” – 12 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tayyorlanib, joylarga to‘liq yetkazildi. Bu sovg‘alar o‘quv yilining birinchi kuni o‘quvchilarga tantanali topshiriladi.

Yangi o‘quv yili oldidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida 1 ming 300 dan ziyod maktab bozori tashkil etildi. Tog‘li qishloqlarga 98 ko‘chma avtodo‘kon yo‘naltirildi. Ularda o‘quvchilar uchun zarur 26 turdagi asosiy o‘quv qurollari, maktab formasi va sport kiyimlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni kunlarda davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan maktab darsliklari, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar chop etilib, ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda.

Xalqaro press-klub sessiyasida 2016/2017 o‘quv yilida 9-sinfni bitirgan 467 ming o‘quvchidan 352 ming o‘g‘il-qiz 10-sinfda o‘qishni davom ettirish istagini bildirgani qayd etildi. Jurnalistlar mazkur jarayonga tayyorgarlikning borishi bilan qiziqdi.

– 11 yillik o‘rta ta’lim tizimi xalqimizning xohishini inobatga olgan holda Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilmoqda, – dedi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov. – Maktablarda 10-sinflar ochilishi qo‘shimcha 22 ming stavka o‘qituvchiga ehtiyojni yuzaga keltirdi. 9,5 ming mutaxassis oliy ta’lim bitiruvchilari, 13 ming mutaxassis akademik litsey va kasb-hunar kollejlari fan o‘qituvchilari hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Yangi o‘quv rejamizga muvofiq 10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun umumta’lim fanlarini, 1 kun kasbiy fanlarni o‘rganishi belgilangan. O‘quvchilarga kasb o‘rgatadigan o‘quv-ishlab chiqarish majmualari maktab yoki unga yaqin kasb-hunar kollejlarida tashkil etiladi.

Joriy yilning 11-12 avgust kunlari mamlakatimizning barcha hududlaridan saralab olingan 10-sinflarda dars beradigan o‘qituvchilarning kasbga oid bilimlarini yangilash va chuqurlashtirish maqsadida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari o‘tkazildi. Ularda malaka oshirgan o‘qituvchilar o‘z ko‘nikmalarini har bir maktab o‘qituvchisiga yetkazadi. 10-sinf o‘quvchilari uchun 8,5 million nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, ayni paytda ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda.

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish ham dolzarb vazifalardan sanaladi. Shu maqsadda bu yil axborot-resurs markazlari va umumta’lim maktablari kutubxonalariga 28 nomdagi 1,2 million nusxa badiiy adabiyot, ensiklopediyalar taqdim etildi.

Yana o‘qing:  Birga kitob o‘qiylik!

O‘z navbatida maktab o‘quvchilari o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularning davomatini yaxshilash borasida ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xalq ta’limi vazirligida yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tashkil qilindi, har bir maktabda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilari shtati joriy etildi. Ular bevosita yoshlar ta’lim-tarbiyasi, davomati, darslarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari bilan shug‘ullanadi, o‘quvchilar psixologiyasini o‘rganib, o‘y-fikrlari, kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashib boradi.

Xalq ta’limi tizimidagi islohotlardan yana biri maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari farzandlarimizga maktabgacha bo‘lgan davrda har tomonlama puxta ta’lim-tarbiya berishga, ularni sog‘lom kamol toptirishga g‘oyat muhim masala sifatida qarab keladi. Bu borada tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bolalarni maktabga tayyorlashning alternativ shakllarini joriy etish maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalarining bo‘sh o‘rinlaridan foydalangan holda qisqa muddatli guruhlar tashkil etilib, ularga 61 ming bola qo‘shimcha qamrab olindi. Ularda kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishni barvaqt uyg‘otish uchun maktabgacha ta’lim muassasalari ertak kitoblar, intellektual rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar bilan ta’minlandi.

Ulug‘bek Asrorov,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: