Tarbiyaning muhim me’yori

Har bir sinfda qobiliyatli o‘quvchilar bilan birga berilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajara olmaydiganlar ham uchraydi. Bunday holni o‘z imkoniyatiga ishonmaydigan bolalarda kuzatish mumkin. Ba’zida bunday bolalar mohir masxarabozdek sho‘xliklari bilan o‘qituvchilar e’tiborini o‘ziga jalb etishi mumkin. Buning ortida esa o‘z imkoniyatlariga ishonchsizlik yashirin bo‘lishi ham mumkin. Bolaning bu darajaga tushishiga nima sabab bo‘ladi? Bunda ota-onalar nima qilishi kerak?

Ota-onalar qanday xatoga yo‘l qo‘yishadi?

Afsuski, ko‘pgina ota-onalar aksariyat hollarda chegaradan chiqib ketishadi. Masalan, farzand­larini o‘ta erkalatib yuborishadi. Natijada bola o‘ziga yuqori baho beradigan bo‘lib ulg‘ayadi. U o‘zini bu olamda yagonadek his etadi, «hamma atrofimda parvona bo‘lishga majbur, hamma narsa menga tegishli» deb o‘ylaydi. Bunday tarbiya usuli kelajakda hafsalasi pir bo‘lishi, umidsizlikka tushishga olib keladi. Negaki hayot hamisha bir xil kechmaydi.

Ushbu vaziyatga tamoman teskari holat mavjud. Ya’ni, shunday ota-onalar ham borki, ular bolaning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi. Eng yomoni buni o‘zlari bilmagan holda qilishadi.

Tarbiya – nozik jarayon. Bir tomonidan «mening aytganim bo‘lishi kerak», deb hisoblaydigan insonni o‘z holiga tashlab qo‘yish, chek-chegarasiz o‘stirish mumkin emas. Boshqa tomondan esa bolani «sindirib» qo‘ymaslik va unga bosim o‘tkazmaslik lozim.

Ota-onaning bolaga nima haqida gapirayotganiga e’tibor bersangiz, ba’zida tarbiyaga yot manzaraga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, ular farzandini muntazam tanqid qilaverib, uning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini so‘ndirib qo‘yishi hech gap emas.

Ular birmuncha «xavfli» so‘zlarni ham qo‘llashadi. Lekin aslida o‘sha so‘zlar bolani xatolardan asrash uchun aytilgan bo‘ladi. Xo‘sh, bu qanday so‘zlar?

Bola bilan gaplashganda nimalarga e’tibor berish kerak?

«Ajoyib, lekin bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi», deyishadi ota-onalar bola o‘z yutug‘ini faxr bilan namoyish etganida. Bunda qanday holat kuzatiladi? Bolaning yutug‘i shundoqqina ko‘z o‘ngida qadrsizlanadi.

«Kel, qanday bajarishni ko‘r­sataman! Shoshma, men senga yordam beraman! Tegma! Buzib qo‘yasan!» Har gal bola biror ishga kirishganida ota-onalar yordamiga oshiqadi va bolani mustaqil ish qilishga qo‘yishmaydi. Natijada, bolada o‘ziga ishonch yo‘qoladi.

«Qo‘shnimiz Malikani qara! A’lochi, dutorniyam zo‘r chaladi! Sen esa kompyuter oldida o‘tirganing-o‘tirgan!» Bolani ancha iqtidorli, aqlli, harakatchan bolalar bilan doim taqqoslayverish uning ruhiyati uchun kuchli zarba bo‘ladi. U hatto ulg‘ayganida ham o‘sha Malikani yomon ko‘radi. Uning uchun bolaning layoqatini ayniqsa, aka-uka yoki opa-singillar yutuqlari bilan taqqoslayverish ham bo‘lmaydi.

Yana o‘qing:  Katta oilaning katta umidi

«Chalg‘ima! Bo‘yab tashlama! Yoz! Diqqat bilan qara! Qachon mas’uliyatli, es-hushli bo‘lasan-a?» Bunda ikki tomonlama qarama-qarshilik bor: buyruq bilan mas’uliyatli bo‘lish kerakligini aytasiz, lekin mas’uliyatli inson nimanidir o‘zi mustaqil qilishini taqozo etadi! Siz esa farzandingizga bunday qilishga imkon bermaysiz.

Kichkintoy bilan qanday suhbatlashish zarur?

Farzandingizni yutuqlari uchun shunchaki maqtamay uni rag‘batlantirishni ham unutmang. Uning yordami siz uchun qanchalik qadrli ekanini ayting: «Barakalla, qara, polni qanday zo‘r artding! Mening yordamchim, sen juda yaxshisan», deng.

Bola qanday yutuqqa erishsa, buni nishonlang. Uni sizga ko‘maklashishini so‘rang. Bolaning ikki yoshdan boshlab uy-ro‘zg‘orda kichik majburiyatlari bo‘lgani yaxshi. Agar u onasiga, masalan, dasturxon tuzashda yordam berganida uni «hamma ishni zo‘r bajarding» deb maqtab qo‘yilsa, kichkintoy o‘zini kerakli va foydali insondek his qiladi. Bu majburiyatlar bolaning yoshiga qarab «kattalashib» boraverishi kerak.

Farzandingizga saboq berayotib, sabrli bo‘ling. Har bir ota-ona farzandi uddaburon bo‘lishini hayotda, muvaffaqiyatga erishishini istaydi. Lekin, bola o‘zi uchun muhim bir ishga kirishar-kirishmas, ular zudlik bilan unga yordamga oshiqishadi. Yoki uning o‘rniga hammasini o‘zlari bajarib qo‘yishadi. Keyin esa bola mustaqil ravishda hech bir ishni qila olmasligi ayon bo‘lgach, hafsalalari pir bo‘ladi: «Hech bir ish qo‘lingdan kelmaydi-ya» agar topshiriq qiyin bo‘lsa va farzandingiz sizning yordamingizsiz eplay olmasligiga ishonchingiz komil bo‘lsa, buni bolaning o‘rniga emas, u bilan birga bajaring.

Farzandlaringizga nisbatan iltifotli bo‘ling. Chunki, eng iqtidorli inson ham nimanidir eplay olmasligi mumkin. Bolaning topshiriqni noto‘g‘ri bajarib qo‘yishiga, baholari har doim ham siz kutganidek bo‘lavermasligi mumkinligiga tayyor turing. Buning hech qanday vahimali joyi yo‘q.

Ota-ona nima qilishi kerak?

Agar farzandim baxtli bo‘lib ulg‘aysin desangiz, unga ko‘proq e’tibor qarating.

Ko‘proq suhbatlashing, birgalikda orzu qiling. Unga orzu qilishga imkon bering.

Tarbiya masalasida ham me’yor zarur. Agar o‘zingiz qattiqqo‘l ota-onaning tarbiyasini olgan va bu sizga yoqmagan bo‘lsa, farzandingizga haddan ortiq erk bermang. Aks holda bunday muhitda ulg‘aygan farzand miyasiga «menga hamma narsa mumkin» degan tushuncha o‘rnashib qoladi. Va u maktabdayoq muammolarga duch keladi.

Yana o‘qing:  Har daqiqa – sergak va ogoh

Bola nimanidir talab qilsa va «Siz yomon onasiz! Menga yana bitta qo‘g‘irchoq olib bermayapsiz!» deb baqirsa, ba’zi onalar «qulog‘im tinch bo‘lsin» deb qo‘g‘irchoq sotib oladi. O‘zingizni qo‘lga oling.

Bolani sabrli bo‘lishga o‘rgating. Tantiq bolalar og‘riqni ham, stress (ruhiy zo‘riqish)ni ham ko‘tara olmaydi. Ularning xohlaganlari o‘sha zahotiyoq muhayyo bo‘lishi kerak. Bolalarga hayotda hammasi u o‘ylaganday bo‘lavermasligi, ba’zida kutishga to‘g‘ri kelishini tushuntirish zarur. Chunki, hamma narsada «oltin me’yor» qoidasi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Maryam AHMEDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: