Nabiralarga g‘amxo‘rlik qilish keksalarning sog‘lig‘ini yaxshilaydi
Alsgeymer kasalligi bo‘yicha mutaxassis, olim Jonatan Lapuk tibbiy tadqiqot o‘tkazdi. Undan ma’lum bo‘lishicha, nabiralarga g‘amxo‘rlik qilish keksalarda bilish funksiyalari zaiflashishining oldini oladi va xotira bilan bog‘liq og‘ir kasalliklar xavfini kamaytiradi.
Tadqiqot natijasida, vaqtlarini birga o‘tkazish bolalar uchun ham, keksalar uchun ham foydali ekani aniqlandi. O‘zaro muloqot orqali bolalar yanada ko‘proq mehr va tajribaga, bobo va buvilar esa faol va sog‘lom bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Nabiralarga g‘amxo‘rlik qilish – aql ravshanligi va ko‘proq diqqat-e’tiborni talab etadigan yengil mehnat. Shu bilan birga, muntazam jismoniy harakat ham talab etiladi, bu esa o‘z navbatida keksalarning qomatiga, ko‘rinishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Albatta, keksalar va bolalar o‘rtasidagi munosabat me’yorida bo‘lgani yaxshi. Salbiy natijalar yuzaga kelmasligi uchun keksalar sifatli hordiq va normal ovqatlanish haqida ham unutmasligi zarur. Mutaxassislar ota-onalarga farzandlarini e’tiborsiz qoldirmaslikni, ularni haftada besh kundan ortiq butunlay keksalarning parvarishiga tashlab qo‘ymaslikni maslahat beradi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.