O‘ZBEK FUTBOLI DUNYo NIGOHIDA
Jahonga mashhur futbol telehaftaligi – “FIFA Futbol Mundial” ko‘rsatuvi ijodkorlari 3 oktyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurishlari kutilmoqda.
Ushbu tashrifdan maqsad O‘zbekiston futboli va unda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ko‘rsatuv tayyorlashdan iborat. Ko‘rsatuv ijodkorlarining ma’lum qilishlaricha, ijodiy guruh to‘rt kun davomida poytaxtimizda mehmon bo‘ladi va “FM”ning yangi soni uchun lavhalar tayyorlashadi.
To‘rt kunlik tashrifning birinchi kuni – 3 oktyabrda ko‘rsatuv ijodkorlari Osiyo chempionlar ligasi chorak final javob uchrashuvi – Toshkentning “Bunyodkor” hamda “Adelaida Yunayted” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni bevosita kuzatishlari va lavha tayyorlashlari kutilmoqda.
4 oktyabr kuni “FM” ijodkorlari O‘zbekiston Oliy Ligasinining markaziy uchrashuvlaridan biri – “Paxtakor” hamda “Neftchi” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga ham tashrif buyurishadi.
Ikki kun davomida “Futboll Mundial” ijodkorlari O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi eng kuchli klublari deya e’tirof etiladigan “Bunyodkor” hamda “Paxtakor” klublarining mashg‘ulotlarini kuzatishni, ikkala klub murabbiylari va futbolchilari bilan suhbat o‘tkazishni rejalashtirishgan.
Keyingi ikki kun davomida esa Toshkentning “Bunyodkor” klubining ikki futbolchisi – Viktor Karpenko hamda Devid Karni ko‘rsatuvning “Eksklyuziv suhbat” rukni mehmoni bo‘lishlari va ko‘rsatuv uchun ikki futbolchidan maxsus intervyular olinishi ko‘zda tutilgan.