Ozodalik – osoyishta hayotimiz kafolati

Yozning jazirama kunlarida oziq-ovqat mahsulotlari tez buziladi. Natijada aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklar, me’da-ichak tizimi xastaliklari keng tarqaladi.

Shu bois issiqda sut va go‘sht mahsulotlarini muzlatgichda saqlash va aholiga sifatli tarzda yetkazib berish lozim. Qolaversa, uy sharoitida tayyorlangan, maxsus tekshiruvdan o‘tmagan qo‘lbola oziq-ovqat mahsulotlari, chanqovbosdi ichimliklarning noqonuniy savdosiga yo‘l qo‘ymaslik ham muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda bu borada respublikamiz aholisi hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi hamda “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha e’tiborga molik ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

– Markazimiz xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 153-sonli buyrug‘iga asosan tumandagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan kunduzgi hamda yozgi oromgohlarda dam olayotgan o‘quvchilarni to‘laqonli hordiq chiqarishlarini ta’minlash maqsadida sanitariya-gigiyena nazorati o‘rnatilgan. Shuningdek, tegishli reja asosida aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda tuman “El-rizq” nomli dehqon bozoriga biriktirilgan xodimlarimiz doimiy ravishda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda hududda sanitariya-epidemologiya osoyishtaligi va uning amaldagi ijrosini ta’minlash bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini tashkil etmoqda, – deydi tuman DSENM rahbari Anvar Yangiboyev.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida To‘rtko‘l tuman DSENM tomonidan ro‘yxatga olingan 570 ta ob’yektning 104 tasida reja asosida sanitariya nazorati tadbirlari o‘tkazildi.

Jumladan, bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi bo‘yicha 71 ta, maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘yicha 21 ta, davolash va profilaktika muassasalari bo‘yicha 23 ta, dezinfeksiya bo‘limi bo‘yicha 6 ta sanitariya nazorati tadbirlari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha muassasa rahbarlari va javobgar shaxslarga nisbatan 97 ta ma’muriy choralar qo‘llanildi. Ulardan undirilishi lozim bo‘lgan jarimaning umumiy miqdori 25 million so‘mdan ziyodni tashkil etdi. Shuningdek, sanitariya talablariga javob bermaydigan 6 ta ob’yektning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga binoan, profilaktik tibbiy-ko‘rikdan o‘tish talablarini bajarmagan 19 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlashtirildi.

Yana o‘qing:  Kavkaz tog‘larida: O‘zbekiston

Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda o‘tkazilgan nazorat davomida kimyoviy laboratoriyaga aniqlash uchun oziq-ovqat mahsulotlari, suv, tayyor taomlar, atrof-muhitga tarqalayotgan chang va gazlarga 1203 ta namunaviy-kimyoviy tahlillar tekshirilib, 189 ta sinamaning talabga javob bermasligi aniqlandi va ularga eng kam ish haqining 5 barobar miqdorida jarima solinib, ularni undirish choralari ko‘rildi.

Markazning bakteriologik laboratoriyasiga oziq-ovqat mahsulotlari, toza ichimlik suvi sifatini aniqlash maqsadida olingan 825 ta sinamadan 4 tasining talabga javob bermasligi aniqlandi.

“El-rizq” nomli dehqon va buyum bozorlari ma’muriyatiga O‘zbekiston Respublikasi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonuni talablari bajarilishi, qolaversa, bozor sanitariya holatini yaxshilash, ovqatdan zaharlanish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha sanitariya tavsiyanomalari taqdim qilindi. Shuningdek, bozorda noqonuniy ravishda sotilayotgan sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olinib, bir nechta fuqaroga tegishli bo‘lgan tomat pastasi mahsulotlari qonunga binoan yo‘q qilindi.

DSENMning 7-sonli buyrug‘iga asosan tumandagi mavjud 20 ta mahalla fuqarolar yig‘ini va 15 ta ovul fuqarolar yig‘iniga biriktirilgan markaz xodimlari tegishli hududlarning gigiyenik holati, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, aholi punktlarini obodonlashtirish va maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish, ularni maxsus poligonda yo‘q qilish kabi ishlarni bajarilishi ustidan qat’iy nazorat olib bormoqda.

Ushbu ijobiy sa’y-harakatlarning barchasi, avvalo, aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish, ular o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish va inson salomatligini saqlashga qaratilgandir.

Maryam AHMEDOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: