Behuda orzu-havas yoxud qo‘shnining sabog‘i

Erta tong eshik qo‘ng‘irog‘ining baland ovozidan barchamiz sergak tortdik. Borib ochsak, yon qo‘shnimiz, onamning yaqin dugonasi Shohsanam xola chiqqan ekan. Xavotirga tushgan onam qo‘shni ayoldan hol-ahvol so‘radi:

Keling, Shohsanamxon tinchlikmi, erta tongdan bezovta ko‘rinasiz?! Bolalaringiz yaxshimi? Nevarangiz tuzalib qoldimi?

– Tinchlik, tinchlik Sanobarxon, o‘zim shunchaki. Kecha qo‘shnilardan to‘y boshlamoqchi ekanligingiz haqida eshitdim-u, siz bilan muhim masalada gaplashib olishni o‘yladim. Ishonsangiz, bazo‘r tong otishini kutdim, kechasi bilan uxlolmadim.

Onam hayron bo‘lib, qo‘shni ayolni mehmonxonaga boshladi…

Shohsanam uch yil oldin qizi Nafosatni o‘ziga to‘q oilaga uzatdi. To‘y oldidan qizga qilinadigan sarpo-suruqni “birozgina” oshirib yubordi. Bu isrofgarchiliklarning guvohi bo‘lgan yaqinlari uni yo‘ldan qaytarishga urindi. Bunga javoban Shohsanam xola “Boshimda birgina qizim bo‘lsa, o‘zimga yarasha orzu-havasli insonman. Bundan tashqari “to‘yni qanday o‘tkazarkan” deb ko‘z tikib turgan do‘st-u dushmanlarim bor. Yoki to‘yni yaxshi o‘tkazayotganimni ko‘ra olmayapsizlarmi?!”, – deya qarindoshlaridan xafa ham bo‘lgan edi.

Dang‘illama to‘ydan so‘ng, xolaning “do‘stlar”i “hali hech kim bunaqa to‘y qilmaganini, bu kabi dabdabaga hammaning ham qurbi yetmasligini”, – aytishganida, u go‘yo osmonlarda uchdi.

Bundan ruhlangan Shohsanam opa yaqinlashib kelayotgan Hayit bayrami haqida jiddiy bosh qotirdi. O‘ylay-o‘ylay qizining kam-ko‘stini topa olmagan “bechora ona” 20 kun oldin Nafosatning uyiga ilingan pardalarni “yangilab” berishga qaror qildi. “Ha nima qipti, uyida bir kun qora qozon qaynamasa qaynamapti-da. Baribir birov bundan xabar topmaydi. Erta-indin xo‘jayini maosh oladi. Axir, bayram bayramdek bo‘lsin, dushmanlarim ko‘rib qo‘ysin”, deya ko‘ngliga tugdi.

Afsuski, dushmanlarni kuydirishning ham o‘zi bo‘lmadi. Sababi Hayit ketidan tug‘ilgan kunlar boshlanib ketdi. Bayramlar bayramlarga ulandi. Bu orada xolaning qon bosimi tez-tez ko‘tariladigan bo‘lib qoldi. Eng yomoni Shohsanam xolaning o‘g‘li Suhrobning dabdurustdan uylanaman degan kundan boshlandi. Sevgan qizining uzatilib ketishidan xavotirga tushgan o‘g‘il ota-onasini qo‘yarga-qo‘ymay, to‘yga tayyorgarlik ko‘rishga undadi. Onaizor o‘g‘liga “u deb ko‘rdi, bu deb ko‘rdi”, lekin foydasi bo‘lmadi. To‘y xarajatlariga kelganda ota-ona anchayin ikkilanib qoldi. Axir, bir yilda ikkita to‘y, buning ustiga dang‘illama to‘y qilish oson ekanmi?! Eskilar “Qiz uzatganga qirq yil tegma” deb bejiz aytishmagan-ku axir.

Yana o‘qing:  Toshkent shahrida o‘tkaziladigan to‘y-hasham va oilaviy tadbirlarni ixchamlashtirishga doir tavsiyaviy tartib ishlab chiqildi

Shohsanam xola yakka-yu yagona o‘g‘lining to‘yini qizinikidan kam qilmadi. Bolam o‘ksimasin, dedi. Ko‘ziga o‘zlari yashab turgan xonadon ham ko‘rinmadi. Uni sotishga to‘g‘ri keldi. Sotib olgan yangi uy egasi bilan kelishib, boshpanasiz qolgan oila o‘z uylariga ijarachi bo‘lib joylashishdi…

Ro‘zg‘or xarajatlari, ijara to‘lovlari, shundoq ham moliyaviy inqiroz arafasiga kelgan oilani anchayin qiynab qo‘ydi. Iqtisodiy qiyinchiliklarga o‘rganmagan yosh kelinning ovozi ko‘chaga qattiq-qattiq eshitiladigan bo‘ldi. Oilaviy janjallarning birida kelinning qaynonasiga qarata – “yashashga uyingiz yo‘q-ku, yana menga aql o‘rgatishingiz nimasi?!” – deya iddao qilishi qaynonaning shundoq ham tilka-pora bo‘lgan yuragini parchalab tashladi…

Shohsanam opa birovga dardini aytay desa, andisha qiladi, axir “do‘st-bor, dushman bor”. Qizig‘i, dang‘illama to‘y qilganda og‘iz ko‘pirtirib maqtagan “do‘stlar” qiynalib yurgan kezlari ostona hatlab hol-ahvol so‘rashni unutdi. Koriga o‘sha “yaxshi to‘y o‘tqizganini ko‘ra olmagan,” uni isrofgarchilikdan saqlab qolmoqchi bo‘lgan qarindoshlari yaradi. Uch yil boshpanasizlikdan so‘ng, kichik bo‘lsada, xolaga uy olishga ko‘maklashishdi…

Kelgan mehmonga choy olib kirganimda, u to‘y boshlash arafasida turgan onamga to‘yni iloji boricha kamxarj o‘tkazish, ortiqcha isrofgarchilikning oxiri “voy” bo‘lishi to‘g‘risida tinmay gapirayotgan edi…

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: