Yangi usul orqali umurtqa travmasidan keyingi falajlikni davolash mumkin
Gazeta.RU sayti xabar berishicha, britaniyalik olimlar orqa miya (umurtqa) travmasidan so‘ng sezuvchan neyronlarni o‘z holiga qaytarish usulini sinovdan o‘tkazdi. Ular hujayra darajasida tiklanish qanday ro‘y berishini aniqladi. Orqa miyaning harakatlantiruvchi tomirchalarini jarrohlik yo‘li bilan tiklash mumkin. Sezuvchan tomirchalarni esa asliga qaytarishni olimlar yaqin vaqtlargacha ham uddalay olishmagandi.
Yangi usul quyidagicha amalga oshiriladi: sezuvchan tomirchalardan nerv hujayralari qismi kesib olinadi va umurtqaning sezuvchan neyronlar ko‘p bo‘lgan hududiga chuqurroq joylashtiriladi. Bemorlarda sinab ko‘rilgan bu usul yaxshi natija berdi.
Tajriba kalamushlarda qayta sinab ko‘rildi. Bunda tiklanish jarayonini yaqqol ko‘rish imkonini beruvchi elektr impulslar qo‘llanildi. Tekshiruv orqali neyronlarning tugash qismida joylashgan dendritlar (nerv hujayrasining daraxtsimon tarmoqlangan o‘simtasi) o‘rnatilgan tomirchalarga bog‘lanishi, buning natijasida neyronlar faoliyati tiklanishi ma’lum bo‘ldi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.