Ko‘ngillarga solingan ko‘prik
XXI asr – intellektual yoshlar asri, ma’naviyat va ma’rifat asri, axborot texnologiyalari asri, deya Yurtboshimizning bergan ta’rifi zamirida bugungi davr yoshlarining teran va yuqori salohiyatlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shu bois mamlakat kelajagi o‘sib kelayotgan yosh avlodning aqliy salohiyati, chet tillarini, fan va texnika hamda texnologiyalar yutuqlarini qay darajada o‘zlashtirayotgani bilan bog‘liqdir.
Mamlakatimizda ta’lim tizimida erishilayotgan yutuqlar, kadrlar tayyorlash milliy dasturining asosiy mazmun-mohiyati zamon talablariga to‘liq javob bera oladigan ma’rifatli, ma’naviyatli, salohiyati, o‘z bilim va ko‘nikmalari bilan ona Vatan istiqboli yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsata oladigan kadrlarni tayyorlashdan iborat.
Jizzax viloyat «Umid» ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab- internati ham Jizzax shahridagi ana shunday navqiron ta’lim maskanlaridan. Chet tillari chuqur o‘rgatiladigan bu maskanda o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.
Ayni paytda 742 nafar iqtidorli o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olayotgan ushbu ta’lim maskanini bu yil o‘ninchi marotaba «qaldirg‘ochlar» bitirmoqda. Ayni davrda ular Ukraina, Rossiya, Angliya, Amerika, Fransiya kabi davlatlarda, shuningdek, Vatanimizning turli oliygohlarida tahsil olib, faoliyat ko‘rsatmoqda.
Qayta rekonstruksiyadan chiqarilib, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan maktab-internatda asosan ingliz tili, nemis, fransuz va arab tillari chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatiladi. Zamon talablari darajasidagi kimyo, biologiya, fizika laboratoriyalari, kompyuter xonalari, shuningdek, turli fan, sport va san’at yo‘nalishidagi to‘garaklar yosh avlodni iqtidorini shakllantirishda xizmat qilmoqda.
– Til bilgan dunyoni anglar, – deydi maktab direktori, Xalq ta’limi a’lochisi Sanobar Suyarova. – Hozirgi davr yoshlari nihoyatda intiluvchan va tirishqoq. Ayniqsa, ularning chet tillarini o‘zlashtirishdagi ishtiyoq va salohiyatlari quvonarli. Chet tillarini o‘rganishda alohida o‘rin tutadigan ta’lim usullari, ko‘niktirma va mashg‘ulotlar, sahna ko‘rinishlari, muloqot hamda qo‘g‘irchoq teatrining o‘rni beqiyos. Chet tillari so‘zlashuviga asoslangan bunday mashg‘ulotlarga o‘quvchilar ijobiy yondashadilar. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarni mazmunli tashkil etishda ham ularni teatr va muzeylarga olib borish, ota-onalar homiyligidagi bir piyola choy ustidagi suhbatlar o‘tkazish ham ingliz tilidagi suhbat asnosida olib boriladi. Ayniqsa, ertaklar asosida muloqotga kirishish, epizod va qahramonlar xarakteriga ingliz tilida baho berish ham o‘quvchilarning erkin va o‘zaro muloqotlarini ta’minlamoqda.
Ha, o‘quv maskanida har bir dars, mavzu, o‘quv fanining o‘ziga xos texnologiyasi, o‘tish mazusi va rejasi mavjud. O‘quv jarayonidagi pedagogik texnologiya — o‘quvchi talab-ehtiyojidan kelib chiqib, bir maqsadga yo‘naltirilgan, oldindan loyihalashtirilgan va kutilgan natijalarga erishishga qaratilgan pedagogik jarayon hisoblanadi.
Shu bois zamonaviy metodlar va ta’lim samaradorligini oshirishga yordam beruvchi texnologik treninglar, mashg‘ulot va suhbatlar hamda o‘yinlar o‘quvchilarda qobiliyatni rivojlantirish va tafakkurni keng shakllantirishga zamin yaratadi.
«Umid» ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktab-internatida hamkorlik asosida kelib, pedagogik faoliyat ko‘rsatayotgan yaponiyalik o‘qituvchi – Kojis Yamamotaning sport va san’at sohasidagi bilimlari ham o‘quvchilarni sport va san’at sohasini Yevropa darajasiga olib chiqishda, «Yapon tili muloqot klubi» esa yapon va o‘zbek madaniyati o‘rtasidagi o‘zaro uyg‘unlik, ta’lim tizimidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ta’lim maskanida pedagoglar salohiyatini yanada oshirish, yosh kadrlarga e’tibor, «Ustoz-shogird» an’analariga amal qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Sohada faoliyat ko‘rsatayotgan 50 nafar pedagoglarning 12 nafarini chet tillari mutaxassislari tashkil etgan holda faoliyat ko‘rsatayotgan 4 nafar “O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochi”lari, tajribali o‘qituvchilar 20 nafar yosh pedagoglarga ustozlik qilmoqda. Shu bois pedagoglar qo‘lga kiritgan yutuqlar tahsinga sazovor.
Jumladan, joriy yilda «Eng yaxshi fan o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritgan Inna Amanovskayaning respublika bosqichiga yo‘llanma olgani, ingliz tili fani o‘qituvchilari Gulchehra Suyundukovaning Buyuk Britaniya elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Ingliz tili – sevimli tilim» ko‘rik-tanlovida 1-darajali diplom bilan taqdirlangani, shuningdek, Feruza Toshpo‘latova, Diana Mustafinalarning sohada erishgan yutuqlar diqqatga sazovor.
O‘quvchilar erishayotgan yutuqlar esa bundan-da quvonarli. 9-sinf o‘quvchisi Ilfina Nazifova, Navvotoy Mirzayeva, 8-sinf o‘quvchisi Nodira Ochilova, Yorqin Mamatqulov, 5-sinf o‘quvchisi Farangiz No‘monjonova, Adiba Jamilova kabi iqtidorli o‘quvchilarning nafaqat ingliz tilini, balki boshqa xorij tillari va fanlarni yuqori darajada o‘zlashtirayotganlari yoshlarning tirishqoq, bilimdonligidan darakdir.
Shuningdek, 8-sinf o‘quvchilarining «O‘yla, izla, top» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib chiqib, respublika final bosqichida ishtirok etgani, respublika miqyosidagi «Umid nihollari» sport musobaqasi gimnastika yo‘nalishida Lida Petrovaning oltin medalga sazovor bo‘lgani, Bobur Hayitovning o‘zbek jang san’ati, Malika Sa’dullayevaning suzish, Ruslan Nurillayevning stol tennisi, Nafisa Rahmatovaning gimnastika yo‘nalishlari bo‘yicha shahar, viloyat va respublika bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlari quvonarli.
Maktab-internatida uzoq-yaqindan kelib ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilar uchun mavjud 100 o‘rinli yotoqxonada dars tayyorlash, bo‘sh vaqtlarni mazmunli o‘tkazish uchun 12 nafar tarbiyachi, shifokor va hamshira mas’ul. Yotoqxonada yashovchi o‘quvchilar uchun ota-onalar hamkorligida uch mahal issiq ovqat tashkil etilgan bo‘lib, kutubxona, o‘quv zali, dam olish va boshqa xonalar ularning xizmatida.
O‘quv dargohi qoshida tashkil etilgan «Ota-onalar universiteti» ota-onalarning maktabda o‘tkaziladigan tadbir, suhbat va tantanalarda ishtirok etishlarini ta’minlab, yosh avlodning yutuq va ta’lim ko‘rsatkichlaridan voqif etib boradi. Ota-onalar va «Zargarlik» mahallasi hamda o‘quv maskani homiyligida olib borilayotgan obodonchilik, bunyodkorlik ishlari esa maktab, mahalla va oila hamjihatligini yanada mustahkamlamoqda.
Ta’lim maskani jamoasining kelgusi rejalari bisyor. Yosh avlodga chet tillarini, ayniqsa, ingliz tilini yanada chuqur va mukammal o‘rgatish hamda o‘zlashtirishda zamin yaratadigan, oliy o‘quv yurtlariga tayyorlaydigan «O‘quv tayyorlov kursi» ochishni, shuningdek, yordamchi xo‘jalik sifatida issiqxona tashkil etishni rejalashtirgan.
Ezgu ishning ertasi yorug‘dir. Shunday ekan ta’lim maskani o‘qituvchilari va o‘quvchilari ertangi kun uchun bugundan zamin hozirlamoqda.
Maryam AHMEDOVA