“Salomatlik poyezdi” Navoiy viloyatida
– Malakali shifokorlar ko‘rigiga kelib, dardim yengillashganday bo‘ldi, – deydi Qiziltepa tumanidan Flora Ismoilova. – Ko‘z gavharim bir necha yil avval jarrohlik yo‘li bilan almashtirilgan edi. Biroq keyingi paytlarda ko‘zimda dard sezayotgandim. Poytaxtdan kelgan shifokorlar viloyat markazidagi ko‘z kasalliklari shifoxonasida davolanishni tavsiya qilishdi. Biz kabi chekka hududlarda yashayotgan aholiga ham zamonaviy tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati kengaytirilayotganidan xursandmiz.
Bu “Salomatlik poyezdi”da kelgan poytaxtlik shifokorlar ko‘rigida bo‘lgan yurtdoshlarimizdan birining fikri. Navoiy viloyatining barcha tuman va shaharlarida aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yil 6 iyul kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohada mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish maqsadida “Salomatlik poyezd”lari tashkil etish topshirig‘i berilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan malakali shifokorlar guruhidan iborat “Salomatlik poyezdi” Navoiy viloyatida bo‘ldi.
– Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, yirik klinik shifoxonalar, ilmiy-tekshirish institutlarining tajribali mutaxassislaridan iborat shifokorlarimiz aholini puxta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, – deydi Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori M.Tillashayxov. – Malakali tibbiyot xodimlari bemorlarga zarur muolajalar ko‘rsatib, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha maslahatlar berdi. Kasallik turiga qarab viloyat yoki respublika tibbiyot markazlarida davolanish uchun tavsiyalar berildi.
Nuriddin Rahimov,
O‘zA