Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan oliy ta’lim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash bo‘yicha Oliy ta’lim tizimini 2017-2021 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Shu bilan birga, respublikamiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni o‘z vaqtida zarur ixtisosliklar bo‘yicha iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqqan holda tayyorlash, oliy ta’lim mazmunini bevosita korxonalar, muassasalardagi texnika, texnologiya, ishlab chiqarish munosabatlariga hamda istiqbolli rivojlanish dasturlariga muvofiq shakllantirish, kadrlarni egallagan kasbi va mutaxascisligi bo‘yicha ishga joylashtirishga doir qator dolzarb masalalar to‘liq yechimini topmagan.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi (UNESCO) va konsalting tashkiloti (DGP Research & Consulting) hamkorligida jalb qilingan nufuzli xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan 2017 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimini kompleks o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijalari asosida berilgan xulosalarda oliy ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot yaxlitligi ta’minlanmaganligi, talabalarning malakaviy amaliyotlarini ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazish samarali tashkil etilmagani oqibatida bitiruvchilarning aksariyat qismi tayyor mutaxassis bo‘lib chiqish o‘rniga, ishga joylashgandan keyin qaytadan o‘z kasbini, mutaxassisligini o‘rganayotganligi, shuningdek, ta’lim sifatini nazorat qilish mexanizmi zamonaviy talablarga javob bermasligi, ta’lim muassasalarida malakali pedagog va boshqaruv kadrlarining yetishmasligi, xorijiy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganligi kabi kamchiliklar qayd etilgan.

Bundan tashqari, iqtisodiyot sohalarining istiqbolda kadrlar tayyorlashga buyurtmalarini shakllantirish, bitiruvchilarga qo‘yiladigan malakaviy talablarni ishlab chiqish, tarmoqqa zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash sifatini ta’minlash jarayonidagi ishtiroki talabga javob bermaydi. Oliy ta’lim dasturlarining o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga hamohangligini ta’minlash uchun ish beruvchilar tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmayapti.

Oliy ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish o‘rtasida uzilishlar mavjud, integratsiya ta’minlanmagan. Ilmiy-tadqiqot institutlari oliy ta’limda kadrlar tayyorlash jarayoniga zarur darajada jalb etilmagan, ularda ilmiy izlanishlar iqtisodiyot sohalarining real ehtiyojlaridan kelib chiqmasdan amalga oshirilmoqda. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning tizimli tayyorlanmasligi oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatining pasayishiga olib kelmoqda.

Xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan taklif etilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish orqali respublika oliy ta’lim tizimida yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning mazmunini mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollari, jamiyat ehtiyojlari, ilm-fan, madaniyat, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda tubdan takomillashtirish maqsadida:

  1. Qayd etilsinki, Oliy ta’lim tizimini 2017-2021 yillarda kompleks rivojlantirish dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5121-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 515-son qarori qabul qilindi.
  1. Iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarini oliy ta’lim tizimidagi kadrlar tayyorlash jarayoniga keng jalb etish, ularning ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun respublika oliy ta’lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Bosh vazirning o‘rinbosarlari – kompleks rahbarlari, mutasaddi rahbarlarga tarmoq(soha)lar bo‘yicha tegishligiga ko‘ra 1-ilovaga muvofiq biriktirilsin.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar:

bir oy muddatda kadrlar buyurtmachilari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash mazmuni, bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmasiga qo‘yiladigan talablarni mujassamlashtiruvchi oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining malakaviy talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini soha ehtiyojidan kelib chiqib, yangidan ishlab chiqish hamda tasdiqlash;

ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarining mutaxassislar tayyorlash sifatiga bo‘lgan talablarini bevosita ta’lim mazmunini shakllantirish bilan shug‘ullanadigan oliy ta’lim muassasalari profil kafedralarining professor-o‘qituvchilari tomonidan tizimli o‘rganib borilishini tashkil etish maqsadida stajirovkalar joriy qilish;

joriy yilning 1 sentyabrigacha rivojlangan xorijiy davlatlarning eng ilg‘or tajribasini chuqur o‘rgangan holda o‘quv rejalari va fan dasturlari, o‘quv adabiyotlari, shu jumladan, o‘quv-metodik komplekslarining xalqaro standartlar asosida zamonaviy, mutlaqo yangi talablar asosida ishlab chiqilishi va bosqichma-bosqich joriy etilishini tashkil qilish;

olti oy muddatda komplekslar tarkibidagi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli tarmoq (soha) hamda hududlarning joriy va istiqbolli rivojlanish dasturlarini hisobga olib, oliy malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni yillar kesimida aniq manzilli, kasb va ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarini ko‘rsatgan holda, aniq balans beradigan hisob-kitoblar asosida ishlab chiqish;

oliy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha har bir talabasining 2-kursdan boshlab tegishli tarmoq (soha)ning muayyan tashkilotlari va korxonalarida malakaviy amaliyotlari tizimli ravishda o‘tkazilishini, shuningdek, ularning amaliy mashg‘ulotlarini bevosita ishlab chiqarishda tashkillashtirish hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish;

ishlab chiqarish, ilm-fan va ta’lim o‘rtasida integratsiyani chuqurlashtirish uchun komplekslar tarkibidagi vazirliklar va idoralarga qarashli tarmoqlar (sohalar)ni ilmiy-texnik rivojlantirish yo‘nalishlari muammolariga bag‘ishlangan mavzular bazasini shakllantirish hamda bu muammolarni oliy ta’lim muassasalari bilan xo‘jalik shartnomalari tuzgan holda hal etishga ularning ilmiy salohiyatini, ayniqsa, yosh olimlar va tadqiqotchilarni tizimli tarzda jalb etish;

iqtidorli yosh pedagoglar va doktorantlarni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalariga tajriba orttirishga yuborish, ular uchun maxsus stipendiyalar ta’sis etish, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va talabalarining xalqaro tajriba almashinuvlarini tashkil etish orqali ilmiy va pedagogik salohiyatini oshirish;

o‘qitishning zamonaviy shakllari va metodlarini, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-laboratoriya anjomlari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, oliy ta’lim muassasalarining zamonaviy ilmiy laboratoriyalarini tashkil etish va rivojlantirish choralarini ko‘rish;

har oyda Kompleks rahbari, tegishli vazirlik va idora rahbari biriktirilgan har bir oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan tarmoqqa (sohaga) oid yangiliklar, rivojlantirish istiqbollari, ta’lim mazmunini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va kelgusidagi vazifalarni belgilab olish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazib borish.

  1. Quyidagilar:

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini ta’minlash borasida o‘quv yili davomida amalga oshiriladigan harakatlarning namunaviy rejasi (Yo‘l xaritasi) 2-ilovaga muvofiq;

Yana o‘qing:  42 oilaga yangilangan namunaviy loyihadagi uylar topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari tarkibidagi vazirliklar va idoralarning oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yuzasidan buyurtmalarni shakllantirish, tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlash darajasi va sifatini tubdan yaxshilash hamda tizimdagi korxonalar va tashkilotlarda talabalar amaliyotlarini o‘tkazish, ilmiy ishlarni hamkorlikda bajarish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashishini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga quyidagi vazifalar yuklansin:

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab har bir oliy ta’lim muassasasida barcha kurslarda kamida 2 ta guruhda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitishni bosqichma-bosqich tashkil etish, ingliz tilida dars o‘tadigan professor-o‘qituvchilarni maqsadli tayyorlash, ularning xorijda tegishli tayyorgarlikdan o‘tishini tashkil etish, shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, mashg‘ulotlarni rivojlangan davlatlar oliy ta’lim muassasalarida bugungi kunda foydalanilayotgan zamonaviy o‘quv adabiyotlari asosida o‘tilishini yo‘lga qo‘yish;

istiqbolli ilmiy-pedagogik kadrlarni, birinchi navbatda, muhandislik-texnika va arxitektura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari pedagoglarining rivojlangan davlatlar, xususan, Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniyada 2-3 oylik kurslarda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha tuzilgan shartnomalar, homiylik va xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malakasini oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olishini tashkillashtirish “Iste’dod” jamg‘armasi orqali mutaxassisligi bo‘yicha yangi bilimlarni egallashga yo‘naltirilgan malaka oshirishlarini tashkil etish, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga yetakchi xorijiy mutaxassislarni muntazam ravishda jalb etish;

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab magistraturada kadrlar tayyorlash tizimini tanqidiy tahlil qilish, magistratura ta’limi jarayonining barcha bosqichlarini takomillashtirish, ularni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish choralarini ko‘rish;

doktorantlar, magistratura talabalarini korxona (muassasa)larning muammoli masalalariga bag‘ishlangan dissertatsiya mavzulari ustida ishlashini, shuningdek, tajriba-sinovlarni korxona (muassasa)larda o‘tkazish, amaliyotga tatbiq etilgan ishlar mualliflari bo‘lgan hamda ixtirochilik patentini qo‘lga kiritgan doktorant va magistrlarni o‘qituvchi lavozimi bo‘yicha oylik ish haqi miqdorining 10 barobarigacha korxona va tashkilotlar hisobidan moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;

ikki oy muddatda respublika oliy ta’lim muassasalarining har yilgi reytingini aniqlash bo‘yicha milliy tizimni takomillashtirish, bunda asosiy ustuvor ko‘rsatkich sifatida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozorida talabgorligi va professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida ishlab topilgan moliyaviy mablag‘larning salmog‘iga alohida e’tibor qaratish, shuningdek, milliy reyting tizimida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan oliy ta’lim muassasalariga o‘quv jarayonining alohida me’yoriy-huquqiy hujjatlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash vakolatini berish orqali akademik erkinlik bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlash yuzasidan takliflarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari kafedralarining maqomini ko‘tarish, bunda ularning ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish, kafedra va professor-o‘qituvchilar tomonidan yuritiladigan turli statistik va boshqa hisobotlar sonini optimallashtirish orqali ularni tayyorlash jarayonlarini elektron formatga o‘tkazish choralarini ko‘rish.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda doktorantlarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishiga moddiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ularning stipendiyasining 50 foizigacha moddiy rag‘batlantirilishi ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari hisobidan amalga oshirilishini, doktorantura bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlariga yo‘llanma asosida yuborilishini, ularning mehnat faoliyatini rag‘batlantirish uchun bazaviy doktoranturaning 2-kursidan imtiyozli ipoteka kreditini 25 yil muddatga ajratish mexanizmi joriy etilishini nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
  1. Oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirliklar va idoralar rahbarlari ikki oy muddatda:

tegishli vazirliklar va idoralar huzurida oliy ta’lim muassasalarida o‘quv-metodik rahbarlikni amalga oshirish, shu jumladan, o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy ishlarning samarali olib borilishini tashkil qilish kabi vazifalarni amalga oshirish uchun oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, sohaning yetuk mutaxassislari, professor-o‘qituvchilaridan iborat tarkibdagi Muvofiqlashtiruvchi kengashlarini tashkil etsin;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib biriktirilgan har bir oliy ta’lim muassasasini 2030 yilgacha bo‘lgan davrda rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, qarorda oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha belgilangan parametrlarni so‘zsiz bajarish, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, professor-o‘qituvchilarni xorijiy ta’lim muassasalariga malaka oshirish va stajirovkaga, iqtidorli bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga yuborish, shuningdek, o‘quv laboratoriya bazasini yangilash bo‘yicha belgilangan topshiriqlarning bajarilishini har chorak yakuni bo‘yicha muntazam muhokama qilib borishni yo‘lga qo‘ysin;

2021 yilgacha biriktirilgan oliy ta’lim muassasalaridan kamida bittasining nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’tirof etilishini (reyting ro‘yxatida e’lon qilinishini) ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.

  1. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi birgalikda to‘rt oy muddatda:

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida ta’lim muassasalarining boshqaruvi mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;

pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilishda abituriyentlarni kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasbiy layoqatini aniqlash bo‘yicha ijodiy suhbat o‘tkazish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish;

hududlarning pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash tizimini takomillashtirish maqsadida pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga davlat grantlari asosidagi qabul kvotalari ulushini oshirish orqali maqsadli qabulni tashkil etish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifalari topshirilsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi bir oy muddatda:

o‘quv-metodik va moddiy-texnika bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan, oliy ta’lim muassasalaridan uzoqda joylashgan, ta’lim sifati va bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan akademik litseylarni tugatish, akademik litseylarni faqat yuqori ilmiy va pedagogik salohiyatga ega oliy ta’lim muassasalari tarkibida bittadan qoldirish;

o‘z faoliyatini davom ettiradigan akademik litseylarga umumta’lim maktablarini bitirgan eng bilimli, qobiliyatli yoshlarni qabul qilish mexanizmini ishlab chiqish va 2018/2019 o‘quv yilidan joriy qilish;

akademik litseylarda o‘qitish sifatini tubdan o‘zgartirish, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish, bunda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha taklif tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tayanch oliy ta’lim muassasalari huzuridagi pedagog va rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida dars beradigan pedagoglar, jalb etilgan mutaxassislarning faoliyatini tahlil qilish asosida samarali dars berayotgan professor-o‘qituvchilar, mutaxassislarni rag‘batlantirish mexanizmini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bilan birgalikda:
Yana o‘qing:  Profilaktika kuni ogohlikka chorlamoqda

professor-o‘qituvchilar tomonidan talabalar bilan olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni har bir muayyan talaba bilan olib borish, ularda mafkuraviy immunitetni oshirishning ta’sirchan choralarini ko‘rish yuzasidan uslubiy asoslarni yaratsin;

talaba-yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ularda yuksak axloqiy sifatlarni tarbiyalash, ularning kasbiy kompetentligi bilan insoniy fazilatlarini uyg‘unlashtirish, professor-o‘qituvchilarning tarbiyaviy mas’uliyatini oshirish, ta’lim va tarbiya uyg‘unligini amalda ta’minlash uchun fanlarning har bir mavzusidagi tarbiyaviy maqsaddan unumli foydalanilishini ta’minlash mexanizmlarini ikki oy muddatda ishlab chiqsin;

bugungi kunda yoshlar tarbiyasi o‘ta dolzarb masala ekanini inobatga olib, oliy ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlarning funksional vazifalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning davriy malakasini oshirish choralarini ishlab chiqsin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda uch oy muddatda:

oliy ta’lim muassasasi uchun psixolog va har bir talabalar turar joyi uchun tarbiyachi-pedagog shtatini joriy etish;

mehnatga haq to‘lash razryadi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘ining lavozim razryadini 16-razryadga, bo‘lim xodimlarining lavozim razryadini 14-razryadga ko‘tarish;

oliy ta’lim muassasalari guruh murabbiylarining faoliyati samaradorligi va mas’uliyatini yanada oshirish, ularning doimiy rag‘batlantirib borilishini ta’minlash maqsadida har bir guruh murabbiyiga (jumladan, murabbiylar kengashi rahbarlariga) oylik maoshining 25 foizigacha miqdorda ustama haq to‘lanishini ta’minlash;

har o‘quv yilida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni moliyalashtirish maqsadida ta’lim muassasasi xarajatlari smetasining kamida 5 foizini yuqorida nazarda tutilgan xarajatlar uchun ajratish choralarini ko‘rsin. Ushbu mablag‘larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat oliy ta’lim muassasasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori zimmasiga yuklanishi belgilab qo‘yilsin.

  1. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Markaziy bank, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga birgalikda uch oy muddatda ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, jamiyatda pedagogik faoliyatning obro‘sini yuksaltirish, pedagoglarni yoshlarga namuna va o‘rnak darajasiga ko‘tarish, shuningdek, turli tanlovlar va konkurslarda sovrindor bo‘lgan, o‘quvchi-talabalari respublika va xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan pedagoglarga uy-joy, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil, maishiy-xo‘jalik jihozlari sotib olishlari uchun imtiyozli ipoteka va iste’mol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish yuzasidan takliflarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilsin.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ijarada, qarindoshi yoki tanishining uyida yashovchi talabalarni ro‘yxatga olish tartibining qulay va soddalashtirilgan shaklini ishlab chiqsin va ikki oy muddatda amaliyotga joriy qilsin.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi mamlakatimizda ijtimoiy sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlar tarbiyasining ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, shaxsning ma’naviy kamol topishini psixologik qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, soha mutaxassislarining psixologik bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, mazkur jarayonlarning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish va metodik ta’minotini ishlab chiqish hamda jamiyatda psixologik bilimlarni keng targ‘ib etish maqsadida Toshkent davlat pedagogika universiteti tarkibida Psixologiya o‘quv-ilmiy markazini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda taklif kiritsin.
  1. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017 yil 27 iyul

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

“Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini

oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini

yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga

ShARH

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarori qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan oliy ta’lim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash bo‘yicha Oliy ta’lim tizimini 2017-2021 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlangan.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi (UNESCO) va konsalting tashkiloti (DGP Research & Consulting) hamkorligida jalb qilingan nufuzli xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan 2017 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimini kompleks o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijalarining xulosalariga ko‘ra oliy ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot yaxlitligi ta’minlanmaganligi, talabalarning malakaviy amaliyotlarini ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazish samarali tashkil etilmagani oqibatida ayrim bitiruvchilar ishga joylashgandan keyin o‘z kasbini, mutaxassisligini qo‘shimcha o‘rganayotganligi, shuningdek, ta’lim sifatining nazorati zamonaviy talablarga javob bermasligi, ta’lim muassasalarida malakali pedagog va boshqaruv kadrlarining yetishmasligi, xorijiy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganligi kabi kamchiliklar qayd etilgan.

Mamlakatimizning iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarini raqobatbardosh kadrlar bilan ta’minlash masalalarini tubdan o‘zgartirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, respublikamiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni o‘z vaqtida zarur ixtisosliklar bo‘yicha iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqqan holda tayyorlash, oliy ta’lim mazmunini korxonalarning ishlab chiqarish munosabatlariga va istiqbolli rivojlanish dasturlariga muvofiq shakllantirish, bitiruvchilarni mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish maqsadida “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarini oliy ta’lim tizimidagi kadrlar tayyorlash jarayoniga keng jalb etish, ularning ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Bosh vazirning o‘rinbosarlari – kompleks rahbarlari, mutasaddi rahbarlar tarmoq(soha)lar bo‘yicha tegishligiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan.

Qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga kadrlar buyurtmachilari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash mazmuni, bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmasiga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi oliy ta’lim yo‘nalishlari malakaviy talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini soha ehtiyojidan kelib chiqib, yangidan ishlab chiqish va tasdiqlash, ishlab chiqarish stajirovkalarini joriy etish, eng ilg‘or xorij tajribasiga tayangan holda o‘quv adabiyotlari, o‘quv-metodik komplekslarini ishlab chiqish va joriy etish, istiqbolli yosh pedagoglar va doktorantlarni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalariga stajirovkaga yuborish, ular uchun maxsus stipendiyalar ajratish kabi vazifalar yuklatilgan.

Yana o‘qing:  Xalq salomatligi – yurt boyligi

Qaror komplekslar tarkibidagi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli tarmoq (soha) hamda hududlarning joriy va istiqbolli rivojlanish dasturlarini hisobga olib, oliy malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni yillar kesimida aniq balans beradigan hisob-kitoblar asosida ishlab chiqishni nazarda tutadi. Shu bilan birga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lami bugungi kun bitiruvchilaridan ushbu ijobiy o‘zgarishlarda faol ishtirok etishni talab qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ularning bilim va malakalari darajasiga muayyan, jiddiy talablarni qo‘ymoqda.

Qabul qilingan qaror yangi o‘quv yilidan boshlab har bir oliy ta’lim muassasasida barcha kurslarda kamida 2 ta guruhda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitishni bosqichma-bosqich tashkil etishni, o‘z navbatida ingliz tilida dars o‘tadigan professor-o‘qituvchilarni maqsadli tayyorlash jarayoniga boshqacha yondashuvni talab qiladi. Shu maqsadda professor-o‘qituvchilarning xorijda tegishli tayyorgarlikdan o‘tishini tashkil etish, mashg‘ulotlarni olib borishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratilgan.

Istiqbolli ilmiy-pedagogik kadrlarni, birinchi navbatda, muhandislik-texnika va arxitektura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari pedagoglarini rivojlangan davlatlarda homiylik va xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlar malakasini oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olishini tashkillashtirish “Iste’dod” jamg‘armasi orqali malaka oshirishlarini tashkil etish vazifasi qarorda ta’kidlab o‘tilgan.

Joriy o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalari talabalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha muayyan tashkilotlar va korxonalarda malakaviy amaliyotlari tizimli ravishda o‘tkazilishini, shuningdek, ularning amaliy mashg‘ulotlarini bevosita ishlab chiqarishda tashkillashtirish hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish belgilab qo‘yilgan.

Asosiy masalalardan biri sifatida ishlab chiqarish, ilm-fan va ta’lim o‘rtasida integratsiyani chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan islohotlar ta’kidlab o‘tilgan. Ushbu islohotlar oliy ta’lim tizimidagi ilmiy salohiyatni oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, yosh olimlar va tadqiqotchilarni tizimli tayyorlash masalalari bilan chambarchas bog‘liq.

Kompleks rahbari, tegishli vazirlik va idora rahbari biriktirilgan har bir oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan tarmoqqa (sohaga) oid yangiliklar, istiqbollarni belgilab olish, ta’lim mazmunini takomillashtirish kabi masalalar muhokamasini kamida oyda bir marta o‘tkazishi ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Ijtimoiy sohada yosh olimlar, izlanuvchilar va doktorantlar uchun keng imkoniyatlar yaratish ham qarorda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unda amaliyotga tatbiq etilgan ish mualliflarini, ixtiro egalarini moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozorida talabgorligi va professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari amaliyotga joriy etilishi samaradorligiga e’tibor qaratilgan bo‘lib, bunda milliy reyting tizimida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan oliy ta’lim muassasalariga o‘quv jarayonining alohida me’yoriy-huquqiy hujjatlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlashda akademik erkinlik berilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, qarorda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda doktorantlarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishiga moddiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ularning oylik stipendiyasining 50 foizigacha miqdorda moddiy rag‘batlantirilishi ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari hisobidan amalga oshirilishini, doktorantura bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlariga ishga joylashishi, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish uchun bazaviy doktoranturaning 2-kursidan imtiyozli ipoteka kreditini 25 yil muddatga ajratish mexanizmi joriy etilishini nazarda tutgan Hukumat qarorini qabul qilish vazifasi topshirilgan.

Qarorda yana bir muammo – magistraturada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ularni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida ta’lim muassasalarining boshqaruvi mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish; pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilishda abituriyentlar bilan kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasbiy layoqatini aniqlash bo‘yicha ijodiy suhbat o‘tkazish, pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga davlat grantlari asosidagi qabul kvotalari ulushini oshirish orqali maqsadli qabulni tashkil etish yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda takliflarni ishlab chiqib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi belgilangan.

Qarorda zamonaviy talablarga javob bermaydigan, oliy ta’lim muassasalaridan yiroqda joylashgan, bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan akademik litseylarni tugatish, ularni faqat yuqori ilmiy-pedagogik salohiyatga ega oliy ta’lim muassasalari tarkibida bittadan qoldirish masalalari qayd etilgan.

Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Markaziy bank, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga birgalikda uch oy muddatda ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, jamiyatda pedagogik faoliyatning obro‘sini yuksaltirish, pedagoglarni yoshlarga namuna va o‘rnak darajasiga ko‘tarish, shuningdek, turli tanlovlar va konkurslarda sovrindor bo‘lgan, o‘quvchi-talabalari respublika va xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan pedagoglarga uy-joy, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil, maishiy-xo‘jalik jihozlari sotib olishlari uchun imtiyozli ipoteka va iste’mol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish yuzasidan takliflarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilgan.

Bugungi kunda yoshlar tarbiyasi o‘ta dolzarb masala ekanini inobatga olgan holda qarorda talaba-yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ta’lim va tarbiya uyg‘unligini amalda ta’minlash borasidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratilgan. Yoshlarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ijarada turuvchi talabalarni ro‘yxatga olish tartibining soddalashtirilgan shaklini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bir oy muddat ichida mamlakatimizda ijtimoiy sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlar tarbiyasining ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, shaxsning ma’naviy kamol topishini psixologik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, soha mutaxassislarining psixologik bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish maqsadida Toshkent davlat pedagogika universiteti tarkibida Psixologiya o‘quv-ilmiy markazini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritishlari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori respublika oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash, ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani ta’minlash, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish uchun yo‘naltirilgan yana bir muhim amaliy sa’y-harakatlardandir.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: