Haddan tashqari keng tabassum unchalik e’tiborni tortmaydi
Minnesota universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotda 800 dan ortiq ko‘ngilli ishtirok etdi. Ularga kulib turgan odamlarning animatsiyali suratlari ko‘rsatildi. Tabassumlar bir-biridan kenglik darajasi va tasvirlangan tishlar miqdori bo‘yicha farq qildi.
Qatnashchilar tabassumning samimiyligi, jozibadorligi va boshqa xususiyatlariga baho berishdi. Reytingi eng yuqori bo‘lgan tabassumlarning qanday sifatlarga ega bo‘lishi aniqlandi. Haddan tashqari keng tabassumlar ishtirokchilarga unchalik yoqmadi.
Bunga qadar Kanzas universitetida ham bir qator tajribalar o‘tkazilgandi. Unda qatnashchilarga muloyim hamda keng tabassum qiluvchilarning surati ko‘rsatilgan. Olimlar tekshiruvdan so‘ng, insonlar tabassumga qarab nafaqat samimiyat, balki bilimdonlik darajasi haqida ham fikr yuritadi degan xulosaga kelgan. Keng tabassum qiluvchilar xushmuomala va istarali, lekin bilimsizroq ko‘rinishi ma’lum bo‘lgan.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.