Bir daraxt soyasida

Toshkent shahrining Olmazor tumani, Kadiobod mahallasi, Qorasaroy ko‘chasining 34-xonadonini mahalla ahli «katta hovli» yoki «do‘xtirlar hovlisi» deb ataydilar. Bu xonadonda o‘tgan asrning 80-yillariga qadar uchta katta oila – shifokorlar sulolasi darg‘asi Abdurahmon aka Abdurahimov, ukasi Abdusattor va singlisi Xalimaxonlarning oilasi bilan tinch-totuv, hamjihat yashaganlar.

Katta hovlidagilarning a’moli odamlarga yordam berish, ularning salomatligi haqida qayg‘urish edi. Bu maskanda tibbiyot sohasi bilan o‘z hayotini bog‘lagan necha inson voyaga yetdi. Bugungi kunda bu oilaning farzandlari, kelinlari, kuyovlari, nevaralari ham kattalar qilgan ishlarni davom ettirishmoqda.

Biz filologiya fanlari nomzodi, Toshkent Tibbiyot Akademiyasining «O‘zbek tili, pedagogika va psixologiya» kafedrasining mudiri vazifasida faoliyat ko‘rsatgan, shu hovlining kelini Nodira Do‘stxo‘jayeva bilan qaynotasi Abdurahmon aka va amakisi Abdusattor Abdurahmonovlarning yorqin xotirasini yodga olishni niyat qildik. Chunki, N.Do‘stxo‘jayevaning hayot va faoliyati yo‘lida ushbu shifokorlar sulolasi darg‘alarining munosib hissasi bor…

Nodira opaning qaynotasi Abdurahmon Abdurahimovning talabalik davri Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan, bilimga chanqoq, izlanuvchan talabaning imkoniyatlarini ilg‘agan ustozlari talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan katta tanlov asosida uni professor F.Detengof rahbarligidagi “Psixiatriya” kafedrasida ishga olib qolishadi. U qator yillar o‘zi sevgan kasbida sidqidildan mehnat qildi. Aspiranturaga o‘qishga kirgach, A.Abdurahimov ichki kasalliklar natijasida kelib chiqadigan ruhiy kasalliklar, ularni davolash va differensiatsiya qilishga oid nomzodlik ishini yoqlaydi. E’tiborlisi, bu ilmiy ish O‘zbekistonda psixiatriya yo‘nalishida qilingan ilk ilmiy izlanish edi. Shunday qilib, Abdurahmon aka mehnat faoliyatida tibbiyot fanlari nomzodi, dotsentlik darajasigacha ko‘tariladi.

Abdurahmon aka ham amaliyotchi-shifokor, ham o‘sha vaqtdagi ToshMI (hozirgi Toshkent Tibbiyot Akademiyasi)ning “Psixiatriya” kafedrasining dotsenti sifatida talabalarga dars berar edi. Dars jarayonida «Har bir bemor o‘zgacha olam, ularga alohida yondoshish kerak», – deb uqtirar, bemorga ijobiy ta’sir qilish siralarini ham o‘rgatar edi.

Abdurahmon aka ko‘plab shogirdlar yetishtirgan, bir necha fan nomzodlariga ilmiy rahbarlik qilgan. Shogirdlari — tibbiyot fanlari doktori, professor Bahodir Abdurahmonov, tibbiyot fanlari nomzodi Hayitboy Abdullayev va boshqalar ustozlari o‘gitlariga amal qilib kelishmoqda.

Abdurahmon akaning ukasi Abdusattor Abdurahimov 1970 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, 30 yil rahbarlik lavozimida faoliyat olib borgan.

Yana o‘qing:  Har kun, har dam shukrona...

Bugungi kunda aka-uka shifokorlarning ezgu ishlarini ularning farzandlari davom ettirishmoqda. Abdurahmon akaning qizlari Ozoda Ibragimova, Adolat Yo‘ldosheva, o‘g‘li Abduvoris Abdurahimov bolalar shifokori kasbini tanlashdi. Nevara qiz Munira Zuparova ham kattalarga havas qilib, shifokor-pedagog bo‘ldi. Nevara kelin Dildora Abdurahimova chaqqonqo‘l hamshiralik kasbiga mehr qo‘ydi.

Ukasi Abdusattor akaning o‘g‘li Abdug‘affor Abdurahimov, kelini Gulchehra Abdurahimova, qizlari Saida Yoqubova, Shohista Abdurahimovalar ham terapevt- shifokor. Kuyovi Yusufjon Yoqubov tibbiyot fanlari nomzodi, onkolog. Nevarasi Dildora G‘oziyeva stamotolog kasbida faoliyat olib borib, el duosini olishmoqda.

Mohir rahbar Abdusattor aka xodimlarning tartib-intizomiga, bilim olishiga, tibbiy deontologiya (shifokorlarning bemorlarga bo‘lgan muomala madaniyati)ga katta e’tibor berardi. Uning adabiyotga, ijodga ixlosi baland bo‘lgani bois, tibbiyotga oid 60 dan ziyod ilmiy-ommaviy maqolalari respublikamiz gazeta va jurnallarida, «Ko‘ngil mulki» va «Ishq-muhabbatsiz hayot yo‘q ekan» nomli she’riy kitoblari nashr qilindi.

Tashkilotchilik qobiliyati, insonlar qalbiga yo‘l topa olishi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lgan A.Abdurahimov sakkiz yil mahalla oqsoqoli vazifasida jonbozlik ko‘rsatdi. Bundan tashqari, poytaxtimizning turli xududlarida bog‘lar yaratib, obodonlashtirish ishlariga katta hissa qo‘shdi.

Ana shunday o‘z ishining fidoyilari bo‘lgan odamoxun Abdurahmon aka va Abdusattor akalarning yorqin xotirasi shogirdlari va yaqinlari xotirasida mangu yashaydi. Xususan, ulardan qolgan ezguliklar farzandlari hayot yo‘lini doimo yoritib turishiga ishonamiz.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: