Umr saodati

Shunday insonlar borki, ularning el-yurt oldidagi xizmatlari ko‘zga darhol tashlanmaydi. Umr bo‘yi shogirdlariga bag‘rikenglik, halollik, yurtga sodiqlikdan saboq berishadi. Ibratli fazilatlari bilan xalq nazariga tushgan, butun umrini ilm-ma’rifatga bag‘ishlagan kamtarin inson, mohir pedagog Ochildi Eshimov hayot bo‘lganida 72 yoshni qarshilagan bo‘lardi…

Besh yarim yoshli qizaloq edim. Buvim bilan choy ichib o‘tirsak, darvoza ochilib baland bo‘yli bir kishi kirib keldi. Buvim yugurib borib, uning yelkasiga qoqib ko‘rishdi. «O‘zim o‘rgilay, muallim o‘g‘limdan,» — deb uni to‘rga o‘tqazdi. Murg‘ak aqlim bilan angladimki, muallimlik ulug‘ maqom. Muallim buvim bilan obdon so‘rashgach, menga yuzlandi:

– Yaxshimisan, Saida qizim, maktabga borishni xohlaysanmi?

Boshim bilan «Ha» ishorasini berdim. Xayolimda «bu kishi ismimniyam bilarkan,» deya o‘yladim.

Muallim savol berishda davom etdi.

– Nechagacha sanashni bilasan?

– Yuzgacha.

– Sanab berchi.

Sanadim.

– Bu o‘qishniyam biladi, — suhbatga aralashdi buvim. Allaqachon harflarni ham bilib olgan.

Muallim muloyim kulimsirab, onasiga o‘xshaydi-da, — dedi.

Shu tariqa yangi o‘quv yilidan maktabga qatnay boshladim. Ochildi aka esa mening eng sevimli ustozlarimdan biriga aylandi.

Tajribali pedagog, tashabbuskor rahbar Ochildi Eshimov 1941 yilda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan bo‘lsa-da, 35 yillik mehnat faoliyatini Jarqo‘rg‘on tumanida olib bordi. 1959 yilda 10 yillik o‘rta ta’limni yakunlagan Ochildi aka Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining «Fizika va umumiy texnika» fakultetiga o‘qishga kirdi. 1964 yildan u kishining pedagogik faoliyati boshlandi.

– Ochildi aka, hayotni sinov deb bilardi. U shogirdlari, farzandlariga vijdonli bo‘lish, jamiyat va el-yurt oldida burch­li ekanligini uqtirardi,– deydi u kishining shogirdlaridan biri Bobomurod Qurbonov. – Buni yoshlikdan idrok etsangiz, hayot sinovlariga bardosh berib, o‘z yo‘lingizni topishga intilsangiz, niyatingizga erishasiz, derdi u kishi bizga.

G‘ayratli rahbar, mehribon ustozning xayrli ishlarini u 12 yil rahbarlik qilgan Jarqo‘rg‘on tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi hurmat bilan eslaydi. Ustoz maktab direktorligiga tayinlanganida jamoada pedagog kadrlar yetishmas, bu esa ta’lim sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatardi. Uzoqni ko‘ra bilgan direktor o‘qituvchilikka ishtiyoqi baland yoshlarni bilim yurt­lariga ergashtirib borib, o‘qishga kirishi, yetuk pedagog kadr bo‘lib yetishishi uchun qo‘lidan kelgan yordamini ayamasdi.

Yana o‘qing:  “Navro'z sadolari”ning ohanrabosi

– U kishi obodonchilikni yaxshi ko‘rardi. Menga doim turli gul ko‘chatlarini olib kelishimni tayinlar, tabiatni sevardi. Ustoz yaratgan manzara ta’lim maskanimizga hali hamon o‘zgacha chiroy bag‘ishlab turibdi, – deydi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi Zumrad Qo‘ziyeva.

Ochildi aka nafaqat mening, balki ustozlarimning ham ustozidir. Rafiqasi bilan 10 ta farzandni oliy ma’lumotli, o‘qimishli, el-yurt xizmatiga kamarbasta qilib tarbiyaladi, voya­ga yetkazdi.

Vaqt — oliy hakam deyishadi. Ochildi Eshimovdan ezgu ishlar, qobil farzandlar, shogirdlar qoldi. Shunday ekan u kishining yodi hech qachon unutilmaydi.

Saida IBODINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: