Yaxshiliklar shahri

Sirojiddin SAYYID, O‘zbekiston xalq shoiri

Asl farzand oqil bo‘lar,

Egri yo‘ldan ketmaydi…

To‘g‘ri yo‘ldan ketgan farzand

Biling, eldan ketmaydi.

Kim aytadi bu kuch-quvvat

Bir kun beldan ketmaydi?

Bir yaxshilik, bir yomonlik

Aslo dildan ketmaydi.

Bobolardan qolgan bog‘u

Bo‘stonlarning naqshidir.

Yaxshiliklar shahridir bu,

Yaxshiliklar shahridir.

Bozoriga kirsang ko‘zing

Qamashtirgay rastalar.

Rastalardan qiqirlaydi

Senga xandon pistalar.

Ayniqsa shod, baxtiyordir

Sumak sotgan ustalar.

Bir mo‘ysafid sumak olar

Bir emas, sakkiztalar.

Yoshmi qari, mardmi, juvon

Bir niyatning ahlidir.

Yaxshiliklar shahridir bu,

Yaxshiliklar shahridir.

Inson umri bu olamda

Bir imtihon, bir sinov.

Qo‘rg‘onlarining kechalari

Tushimga kirar, Denov.

Mayli, kimdir yer haydasin

Uy qurib o‘tsin birov.

Qolsin deyman har odamdan

Bir mash’ala, bir olov.

Orzularing bulog‘idir,

Ummonidir, nahridir.

Yaxshiliklar shahridir bu,

Yaxshiliklar shahridir.

Yerdan faqat don unsinu

Mehr yog‘sin osmonlar.

Derazalar alla aytsin,

Nur taratsin ayvonlar.

Bu maskanda iqbol topar

Yaxshi ahdu paymonlar.

Chunki, bunda yaxshilik bor,

Yashar yaxshi insonlar.

Ulug‘ yurtning bir timsoli,

Kamolidir, faxridir.

Yaxshiliklar shahridir bu,

Yaxshiliklar shahridir.

Yana o‘qing:  Ikki qosh orasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: