Uch avlod uchrashuvi
Jizzax Politexnika institutida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.
«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, Mudofaa ishlari boshqarmasi, «Nuroniy» jamg‘armasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi hududiy bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda urush va mehnat faxriylari o‘z hayot yo‘llari, istiqlol tufayli hayotimizning barcha sohalarida erishilayotgan ulkan yutuq va natijalar, xalqimizning tinch, farovon hayotini ta’minlash hamda yoshlarimizning har tomonlama kamol topishlari uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘zladilar.
– Mamlakatimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda, — deydi Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi Yoqubjon Siddiqov. – Yoshlar xalqimiz o‘tmishini qanchalik yaxshi bilsa, bu ularning Vatanga munosib farzandlar bo‘lib voyaga yetishida katta ahamiyat kasb etadi. O‘tganlarni xotirlash, keksalarni qadrlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimizni milliy qadriyatlarga hurmat, el-yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayni paytda viloyatning barcha joylarida ana shunday uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tadbirlarda Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 25 aprelda qabul qilingan «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni asosida urush faxriylari va nogironlariga pul mukofotlari hamda mahalliy hokimlik va homiylarning sovg‘a-salomlari topshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidan behad mamnun bo‘lgan keksa avlod vakillari ezgu tilaklarini izhor etib duo qilmoqdalar.
T.BEKNAZAROV,
O‘zA muxbiri