2017 yilning eng faol hamshirasi aniqlandi

Xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, birlamchi tibbiy sanitariya yordamini ko‘rsatish, aholini patronaj va shoshilinch tibbiy xizmat bilan qamrab olishda hamshiralarning beminnat xizmati katta ahamiyatga ega. Chunki, inson salomatligini asrashda malakali shifokorlar bilan bir qatorda mahoratli hamshiralarning ham alohida o‘rni bor.

O‘rta tibbiyot xodimlari mehnatini baholash, samarali faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni munosib rag‘batlantirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va kelajakda bilim va mahoratlarini yanada oshirishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida, mana, bir necha yildirki, “HAMSHIRA” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

O‘z mavqei va obro‘-e’tiborini yo‘qotmay, munosib tarzda tashkil etilayotgan tanlov 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da o‘zgacha tayyorgarlik va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Tanlov mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida mehnat qilayotgan o‘rta tibbiyot xodimlarining sohada qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, keng ko‘lamli o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini yanada teranroq anglash, aholining reproduktiv salomatligini asrash, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, hamshiralarning bilim darajasini oshirish hamda viloyatlarda mehnat qilayotgan hamshiralar o‘rtasida o‘zaro madaniy-do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Hamshira – 2017” ko‘rik-tanlovining yakuniy final bosqichi Toshkent shahrida o‘tkazildi. Bu galgi tanlov tashkiliy va mazmun jihatdan har yilgidanda o‘zgacha tartibda o‘tdi. Zero, sohada olib borilayotgan islohotlar jarayonida hamshiralik ishini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Shu bois, bugun hamshira faqatgina shifokor topshirig‘ini bajaruvchi emas, malakali mutaxassis, zarur holatda hamshiralik tashxisini qo‘ya oladigan tibbiyot xodimi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida ta’kidlanganidek, jahondagi ilg‘or tajribalardan kelib chiqib, mamlakatimizda o‘rta va oliy ma’lumoti hamshiralar tayyorlash tizimi yaratilgan va bu jarayon uzluksiz takomillashtirilmoqda. Hozirgi kunda Toshkent Tibbiyot Akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” bo‘limlarida anesteziologiya va reanimatsiya, xirurgiya, akusherlik va menejment yo‘nalishlari bo‘yicha uch yarim mingdan ortiq oliy ma’lumotli bakalavr hamshiralar tayyorlandi, 100 nafardan ortiq hamshiralar magistr darajasiga ega.

Joriy yilning 4 aprelida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida oliy ma’lumotli tibbiyot hamshiralari malakasini oshirish ko‘rsatib o‘tilgani ham yurtimizda ushbu soha vakillariga keng bilim olish uchun yaratib berilayotgan imkoniyatdan darak.

Yana o‘qing:  Go‘dakdan hayot isi keladi

Istiqbolda Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ixtisoslashtirishdan o‘tkazish markazini tubdan isloh qilish, bugungi zamon talablari darajasida qayta shakllantirish, o‘quv soatlarini takomillashtirish belgilangan.

Hamshiralik faoliyati samaradorligini yaxshilashga qaratilgan yana bir muhim yangilik – vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yuritiladigan jurnallar ro‘yxati qariyb 100 tadan 20 tagacha qisqartirilgani bo‘ldi. O‘rta tibbiyot xodimining ko‘proq xalq ichida bo‘lib, aholi bilan bevosita muloqot qilishi, asosiy vaqtini xalqimiz xizmatiga safarbar etishi uchun qilingan bu o‘zgarish sohaning amaliy rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning qator farmon va qarorlarida, xususan, shoshilinch yordamni takomillashtirish, aholiga birlamchi tibbiy-profilaktika va tibbiy-patronaj yordamini kengaytirish, tibbiy ta’limni takomillashtirishga doir me’yoriy hujjatlarda ham hamshiralik ishi, uning ahamiyati alohida qayd etilgan.

Shu munosabat bilan, “Hamshira – 2017” ko‘rik-tanlovining asosiy maqsadi ham kasbiy mahoratni sinovdan o‘tkazish, amaliy va nazariy bilimlar bellashuvi etib belgilandi.

Tanlovning Respublika bosqichida ishtirokchilar uch turdagi shart bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Har bir shart 10 ballik mezon asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Birinchi shartda ishtirokchilar tibbiyot sohasidagi amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida o‘tkazilgan ushbu shartda hamshiralarning bemor bilan muloqot madaniyati, uning ahvolini to‘g‘ri baholab, muolajalarni tibbiy asbob-uskunalardan unumli foydalangan holda sifatli bajarishi baholandi.

Hamshiralik ishi keng qamrovli jarayon bo‘lib, tibbiyotning biror yo‘nalishini bu mutaxassis faoliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, shoshilinch tibbiy xizmat, reanimatsiya, operatsiya bloklarida malakali hamshiraning bilim-mahorati, tajribasi, o‘z kasbiga sadoqati bemorni sog‘lom hayotga qaytarishda muhim omil bo‘ladi. Shu bois ikkinchi shartda hakamlar hay’ati ishtirokchilarning tibbiyot sohasidagi nazariy bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Bunda hamshiralarning shoshilinch tez tibbiy yordam, birlamchi patronaj tizimi, reproduktiv salomatlik va akusherlik yordami, terapiya, xirurgiya, pediatriya, geriatriya kabi 7 ta yo‘nalish bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmi baholandi.

Shundan so‘ng hamshiralarningtibbiy, ijtimoiy-siyosiy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Uchinchi shartda hakamlar ishtirokchilarning mamlakatimizda o‘tkazilayotgan tub islohotlar, xususan, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar mohiyati va unda hamshiralarning o‘rni va vazifasi, tibbiy tahlil natijalariga ko‘ra kasallik belgilarini aniqlashi va hamshiralik yordamini tashkil etish, epidemiologik holat yuz berganda ko‘riladigan chora-tadbirlar bo‘yicha nazariy bilimlari sinovdan o‘tkazishdi.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan xoli mamlakat deb tan olindi

Mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida faoliyat yurituvchi barcha hamshiralar har yili o‘zgacha hayajon va tayyorgarlik bilan kutib oladigan “Hamshira” ko‘rik-tanlovi bu yil ham do‘stona va ko‘tarinki ruhda yakunlandi. Tanlov ishtirokchilarining bilim va malakasi, kasbiy mahorati va keng dunyoqarashi xalqimizning salomatlik ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga, hamshiralik ishining yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

Toshkent Shahar shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasi hamshirasi Shahnoza Pozilova birinchi o‘rinni, Pop tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi hamshirasi Feruza Bo‘tayeva ikkinchi, Buxoro viloyat ko‘ptarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi hamshirasi Muharram Salimova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Axborot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: