Mushtarak maqsad yo‘lidagi hamkorlik
Birlashgan millatlar tashkiloti dunyo xalqlarining tinch-totuv yashashdek ezgu maqsadining buyuk ramzi, insoniyat ma’naviy taraqqiyotining yorqin nishonasidir. O‘zbekiston ushbu nufuzli tashkilotga 1992 yil 2 mart kuni a’zo bo‘lgan edi.
O‘tgan 25 yil mobaynida BMT bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va ishonchli hamkorlik munosabatlari rivojlanib, ko‘lam jihatdan kengayib bormoqda. Xususan, shu yilning 10 iyunida Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning uchrashuvi va samimiy muloqoti ham ikki tomonlama aloqalarning yuksak darajada taraqqiy etib borayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston bilan BMT va uning tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Orol fojiasining ekologik oqibatlarini yumshatishga doir masalalar muhokama etildi. Global xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etish masalalari ko‘rib chiqildi. Muloqot davomida A.Guterrish ta’kidlaganidek, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligini yuksaltirish borasida muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa bunda inson manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilgani e’tiborga loyiq.
Bugun yurtimizda davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlari izchillik bilan amalga oshirilayotgan bir sharoitda aholi salomatligi va turmush darajasini yuksaltirish masalasiga dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda. Bunda, ayniqsa, xalqaro hamkorlik aloqalarining o‘rni ahamiyatli. Misol uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Bolalar jamg‘armasi, Aholishunoslik jamg‘armasi, BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarma, BMT Taraqqiyot dasturi, BMT OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi singari xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari bilan samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgani davlatimizning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi OIV/OITS masalalari bo‘yicha maxsus elchisi Mishel Kazachkin bilan uchrashuvi ham ayni shu maqsadda tashkil etildi.
Muloqot chog‘ida A.Shodmonov yurtimizda Prezidentimiz Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan aholi salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli va ushbu masalaga davlat darajasida qaratilayotgan e’tibor xususida ma’lumot berib, reproduktiv salomatlik, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, shuningdek, sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash masalalariga samarali va xalqchil yechim topilayotganini aytib o‘tdi.
BMT Bosh kotibining maxsus elchisi M.Kazachkin O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasida qisqa vaqt ichida erishilgan natijalarni yuqori baholab, bunda sohada qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar va albatta, davlat ham mazkur vazifalarga nisbatan kuchli siyosiy majburiyat ko‘rsatayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, u O‘zbekiston Prezidentining sohani rivojlantirishga qaratilgan Farmon va qarorlarining amaliy ahamiyatini yuqori baholab, unda xalq manfaati, inson salomatligini saqlash ustuvor maqsad sifatida qo‘yilganini alohida qayd etdi.
Uchrashuv davomida ikki tomon ham o‘zaro manfaatlarni himoya qiluvchi ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyor ekanligini bildirib o‘tdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati