Andijondagi poliklinikalarga maxsus jihozlangan avtomobillar topshirildi
Andijonda oilaviy hamda ko‘p tarmoqli poliklinikalarga zamonaviy ambulans – maxsus jihozlangan 25 “Damas” avtomashinasi topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Andijon shahridagi 8 oilaviy poliklinika, 17 tuman va shahardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga “Damas” rusumli maxsus jihozlangan zamonaviy ambulans avtomashinalari Prezident sovg‘asi sifatida topshirildi.
– Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda, –deydi Andijon shahridagi 3-oilaviy poliklinika mudirasi Muharram Rahmonova. – Davlatimiz tomonidan taqdim etilgan yangi avtomobillar aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA