“Barkamol avlod – 2017”: natija va sarhisob
25-27 may kunlari Jizzax shahrida akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari ishtirokida “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari o‘tkazildi.
Sportning 17 turi – basketbol, voleybol, futbol, qo‘l to‘pi, shaxmat, og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, suzish, yengil atletika, tennis, stol tennisi, badminton va badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlarda yurtimizdagi litsey va kollejlarning 898 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi. Sportchilar 193 oltin, 193 kumush va 214 bronza medali uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Musobaqalarning so‘nggi kuni “So‘g‘diyona” universal sport majmuasi stadionida “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bellashuvlarda eng ko‘p medal jamg‘arib, birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi bosh mukofot – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi. Umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan Andijon viloyati va uchinchi pog‘onadan joy olgan Samarqand viloyati jamoalariga Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobillari topshirildi. Murosasiz kurashlarda alohida mahorat ko‘rsatgan, tengqurlari orasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh o‘quvchi-sportchilar maxsus sovrinlarga sazovor bo‘ldi.
Musobaqalarning yopilish marosimida “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlarining bayrog‘i tushirildi. Uni jizzaxlik sportchilar “Barkamol avlod” musobaqasining navbatdagi final bosqichiga mezbonlik qiladigan Qashqadaryo viloyati vakillariga topshirdi.
Sport o‘yinlarining yopilish marosimi sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va san’atkorlarning katta konserti bilan yakunlandi.
T. ORTIQOVA