Bolalar quvonsa, borliq yashnaydi
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida oilalar, onalik va bolalik manfaatlarini himoyalash, tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, maktabgacha tarbiya maskanlari ishini zamon ruhiga mos tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan keng qamrovli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar o‘g‘il-qizlar qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhini qaror toptirishi, shubhasiz.
Har yili yozning ilk kunlarida respublikamiz bo‘ylab kelajagimiz egalari uchun turli konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, sayillar, sport musobaqalari o‘tkaziladi. Ular har qachongidan ham ko‘proq mehr-muruvvatdan, e’tibordan bahramand bo‘ladi.
Kuni kecha ana shunday tadbirlardan biri 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab poytaxtimizdagi “Toshkent-Lend” istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Maxsus haftalik doirasida o‘tkazilgan tadbir “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Ko‘ngilochar aksiya orqali poytaxtimiz, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab-internatlarining tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari qamrab olindi.
Xalqimiz nafaqat o‘z farzandi, balki har bir murg‘ak qalb iqboli uchun qayg‘uradi. Keksalarimiz har safar duoga qo‘l ocharkan, Yaratgandan ertamizning tayanchi – yosh avlodning baxtu saodatini so‘raydi. Farzand kamolini ko‘rishni hayotining mazmuni, deb biladi. Zero, “Bolaning begonasi bo‘lmaydi”, “Bol shirin, boldan bola shirin”, “Farzanding – davlating”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” kabi hikmatli so‘z va maqollar necha asrlardan buyon tildan tilga, dildan dilga o‘tib, yashab kelayotgani bejiz emas.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kunining mohiyati uning bayrog‘ida o‘z ifodasini topgan. Bayroqda yashil fonda yer shari, beshta turli rangdagi bolakay va ularning oyoqchalari hosil etgan yulduzcha tasvirlangan. Bunda yashil rang – tiriklik, taraqqiyot timsoli. Yer shari barchamizning umumiy uyimiz ekanini anglatadi. Uning ko‘k rangdaligi tinchlik ifodasidir. Turli rangdagi bolakaylar besh qit’adagi barcha irqqa mansub millat va elatlarning tengligi ramzi bo‘lsa, ularning oyoqchalari hosil etgan yulduzcha bolalar baxt-saodati uchun birlashishga da’vatdir.
– Bolalar nihollar kabi parvarishga munosib bo‘y cho‘zadi. Vaqtida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilsa, ular jamiyatning ishonchi va tayanchiga aylanadi. O‘zbekiston ana shunday mustahkam tayanchga ega mamlakat. Bunday yurtning bolalari hech qachon hech kimdan kam bo‘lmay, shodon va sog‘lom ulg‘ayadi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Nozimjon Ergashev.
Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini mamlakatimizning kelajagi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillari hayotga dadil kirib kelmoqda. Bir necha xorijiy tilni o‘rgangan, zamonaviy texnika va texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, mustaqil fikrlaydigan, bir so‘z bilan aytganda, el-yurt xizmatiga shay, yuragi yonib, ko‘zlari chaqnab turgan navqiron o‘g‘il-qizlarni ko‘rib, qalbingizda ishonch, g‘urur-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi.
– Har yili bolalarimiz bu so‘lim maskanga kelib, maroqli hordiq chiqarishadi. Ularning yuz-ko‘zidagi quvonchni ko‘rib, ham ona, ham pedagog sifatida xursand bo‘laman, – deydi Guliston shahridagi “Bolalar shaharchasi” direktori Pokiza Ahmadjonova. – Yurtimizdagi barcha bolalar kabi bizning tarbiya muassasamizdagi bolalar uchun ham hamma sharoit yaratilgan. Ilohim, diyorimizdagi tinchlik va osoyishtalikka ko‘z tegmasin.
Aksiya doirasida bog‘dagi barcha attraksionlar bolalarga bepul xizmat ko‘rsatdi. Kichkintoylarga tashkilotchilar tomonidan sovg‘alar ulashildi.
Navro‘z NORBOBOYEV