Buxoroda “Ipak va ziravorlar” festivali
Buxoroda XVI an’anaviy “Ipak va ziravorlar xalqaro festivali” bo‘lib o‘tdi. Festivalda jahonning ko‘plab davlatlaridan xalq amaliy san’ati ixlosmandlari, mutaxassislar, sayyohlik tashkilotlari vakillari, hunarmandlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasidagi ko‘rgazma-savdo rastalarida Buxoro mis-kandakorlik asarlari, kulolchilik va zargarlik buyumlari, zardo‘zlik liboslari, devoriy kashtalar, vodiyning atlasu adraslari, do‘ppilari, chinni idishlari, Surxonning jun va ipakdan ishlangan mahsulotlari, toshkentlik ustalarning yog‘och o‘ymakorlik ashyolari, Jizzaxning biser-munchoqli san’at asarlari, umuman, yurtimiz va xorijlik hunarmandlarning ipak mahsulotlari, ziravorlar, giyohlardan tayyorlangan shifobaxsh darmondorilar namoyish etildi. Buxoro rassomlik va miniatyura, zargarlik, zardo‘zlik, mis-kandakorlik, temirchilik, gilamchilik va G‘ijduvon kulolchilik maktablari ustalarining mahorat darslari tashkil etildi.
Festival doirasida o‘tkazilgan “Buxoro turistik erkin iqtisodiy hududini yaratish imkoniyatlari va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada viloyatda turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.