Dunyo polvonlari Termizda
Termiz shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XIII xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, mamlakatimiz Kurash federatsiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli turnirda dunyoning 50 yaqin davlatidan eng kuchli polvonlar g‘oliblik uchun bellashdi.
Xalqaro turnirning mutlaq vazn toifasi finalida surxondaryolik Abdulla Xoliyorov rossiyalik Artyom Osipenkoni mag‘lubiyatga uchratib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 25 000 AQSH dollarini qo‘lga kiritdi. Artyom Osipenko ikkinchi, Bekmurod Oltiboyev va Baxtiyor Mengliqulov uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa ishtirokchilari va mehmonlari Termiz shahridagi tarixiy yodgorliklar, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan zamonaviy inshootlar bilan tanishdi.