«Barkamol avlod – 2017»: sport musobaqalari qizg‘in pallada
Jizzaxda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari final bosqichi boshlandi. Unda ishtirokchilar sportning o‘n yetti turi bo‘yicha medallar uchun kurash olib bormoqda.
Jizzax politexnika institutida va shu institut qoshidagi akademik litseyida «Barkamol avlod – 2017» sport musobaqalarining futbol, voleybol va shaxmat turlari bo‘ycha jamoalar o‘zaro kuch sinashdilar.
Futbol bo‘yicha Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyati jamoalari o‘rtasida murosasiz o‘tgan o‘yinda 0:2 hisobida vodiylik yosh futbolchilar g‘alaba qozonishdi. Shundan so‘ng Xorazm va Qashqadaryo viloyati vakillari yashil maydonga tushishdi. Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan o‘yinda qashqadaryoliklar 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z muxlislarining olqishiga sazovor bo‘lishdi.
Voleybol bo‘yicha qizlar o‘rtasida kechgan bahslarda Xorazm-Andijon hamda Farg‘ona-Namangan jamoalari o‘zaro kuch sinashdilar. Andijonliklar xorazmliklar ustidan 3:0 hisobida ustunlikka erishgan bo‘lsa, namanganlik sportchilar ham farg‘onaliklarni 3:0 hisobida mag‘lub etishdi.
O‘smirlar o‘rtasida o‘tgan bellashuvda esa qashqadaryolik sportchilar farg‘onaliklarni 1:3 hisobida mag‘lub etishdi. Navoiy hamda Andijon viloyatlari jamoalari o‘rtasida kechgan bahslarda navoiylik yoshlar g‘alaba qozonishdi.
Shaxmat bo‘yicha Jizzax politexnika instituti qoshidagi 1-Akademik litseyida Shveysariya sistemasida shaxmat bo‘yicha 1- va 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Musobaqada o‘smirlar hamda qizlar o‘rtasida jizzaxlik vakillarimiz E.Tuychiyev hamda M.Hakimovalar ikkinchi turda mag‘lubiyatga uchradilar.
Toshkent viloyatidan og‘ir atletika bo‘yicha 66 kg vazn toifasida 281 kg toshni ko‘targan olimpiada rekordchisi Ruslan Nuritdinovning shogirdi Ahmadjon Ergashev chempion bo‘ldi. Ushbu vazn toifasida 2-o‘rin va 3- o‘rinlar Andijon viloyatidan qatnashgan Hasanboy Tohirov 276 kg va Muhammadjon Dehqonboyev 266 kg toshlarni ko‘tarishdi. Ahmadjonning so‘zlariga qaraganda, u bugungi kunda Olimpiada-2016 chempioni Ruslan Nuritdinov bilan mashg‘ulotlar o‘tkazgan hamda bugungi musobaqada bosh sovrinni qo‘lga kiritishda Ruslanning ham mehnatlari borligini alohida e’tirof etdi.
N.NORBOBOYEV
tayyorladi