«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Mamlakatimizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, suv-energetika resurslarini boshqarishning yagona tizimini shakllantirish, elektr energiya ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanadigan gidroenergetika resurslari ulushini izchil oshirish, yangi ekologik toza energiya hosil qiluvchi quvvatlarni tashkil etish, mavjud gidroelektrostansiyalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, gidroenergetikani rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishni ta’minlash maqsadida:
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatining:
«O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatining gidroelektrostansiyalari, gidrotexnik va boshqa gidroenergetika bilan bog‘liq bo‘linmalari;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining «O‘zsuvenergo» birlashmasi negizida «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
- Belgilansinki, «O‘zbekgidroenergo» AJ Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.
- Quyidagilar «O‘zbekgidroenergo» AJning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish, gidrotexnik inshootlardan xavfsiz va samarali foydalanishni ta’minlash, shuningdek, gidroenergetika ob’yektlarini markazlashtirilgan texnologik boshqarish;
gidroenergetika salohiyatini kompleks o‘zlashtirish asosida gidroenergetika sohasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda respublikamizning energetika balansi tarkibida gidroenergetikaning ulushini ko‘paytirishni ta’minlash;
yirik, o‘rta, kichik va mikro gidroelektrostansiyalarni loyihalashtirish va qurish sohasida zamonaviy va har tomonlama chuqur asoslangan ilmiy-texnik yechimlar asosida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiyalash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar va moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
respublikamizning suv salohiyatiga tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishni ta’minlash, gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanishda mavjud flora va faunani saqlash, shuningdek, mamlakatimizning iqlim, tabiiy va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini samarali boshqarish;
gidroenergetika sohasida oliy va o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni tizimli asosda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
- Belgilansinki:
«O‘zbekgidroenergo» AJ «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatining gidroelektrostansiyalari, gidrotexnik va boshqa gidroenergetika bilan bog‘liq bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining «O‘zsuvenergo» birlashmasi, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlar va donor mamlakatlar bilan tuzilgan amaldagi bitimlar doirasida huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;
tashkil etilayotgan «O‘zbekgidroenergo» AJning dastlabki ustav kapitali gidroenergetika energiya hosil qiluvchi korxonalarining davlat ulushi nominal qiymat bo‘yicha berilishi, shuningdek, «Gidroloyiha» AJ, «Gidromaxsusqurilish» AJ, «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ va «Suvsanoatmash» AJning ustav kapitalidagi aksiyalarning davlat paketlari hisobiga shakllantiriladi.
- «O‘zbekgidroenergo» AJga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi PQ-2947-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ijro etuvchi va mas’ul organ vazifasi yuklansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
«O‘zbekgidroenergo» AJning gidroelektrostansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan mablag‘lar, faoliyat yuritayotgan gidroelektrostansiyalarni saqlab turish xarajatlarini chegirib tashlagan holda, qayta investitsiyalash yo‘li bilan Dasturda nazarda tutilgan yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi hamda yuridik shaxslarning foyda solig‘i soliq bazasidan chiqariladi;
«O‘zbekgidroenergo» AJning gidroelektrostansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiya uchun haq to‘lash qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda iste’molchilar uchun pirovard tarifning 85 foizi miqdorida shakllantiriladigan tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.
- Belgilansinki, energetika tizimi barqaror va ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida «O‘zbekenergo» AJ:
Milliy dispetcherlik markazi orqali «O‘zbekgidroenergo» AJ korxonalarining tezkor-dispetcher boshqaruv masalalari umumiy muvofiqlashtirilishini;
«O‘zbekenergo» AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 100 foiz xarid qilinishini amalga oshiradi.
- «O‘zbekgidroenergo» AJni tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi komissiya tashkil etilsin.
Ishchi komissiya (G‘.I.Ibragimov) chuqur va tahliliy tanqid asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini tasdiqlash uchun bir hafta muddatda belgilangan tartibda kiritsin, unda «O‘zbekgidroenergo» AJ va uning tarkibiga kiradigan korxonalarning faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlarini nazarda tutsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekenergo» AJ, «O‘zbekgidroenergo» AJ Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2017 yil 18 may