Biometrik pasportning tayyor bo‘lish muddati to‘g‘risida ma’lumot beruvchi xizmat ishga tushdi
Hududiy Ichki ishlar idoralari Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlarida yoki Tashqi ishlar vazirligining chet eldagi elchixona va konsullik muassasalarida biometrik hujjat olish uchun elektron buyurtma rasmiylashtirilgan jismoniy shaxsga uning elektron buyurtmasining hozirgi holatini ko‘rsatuvchi interfaol xizmat ishga tushirildi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar qiladi.
Ushbu xizmat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan joriy qilingan bo‘lib, internet tarmog‘ining dpm.uz elektron sahifasi orqali biometrik hujjatning tayyor bo‘lganlik darajasi va elektron buyurtmaning qanday bosqichda ekani haqidagi batafsil ma’lumotlarni taqdim etishni o‘z ichiga oladi.
Elektron buyurtmaning holati haqida interfaol konsultatsiya xizmatiga so‘rov berish, ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan arizachiga taqdim etiladigan 32 xonali raqam va harflarni ketma-ketligidan tashkil topgan buyurtma raqamini tizimga kiritish yo‘li orqali amalga oshiriladi.