O‘zbekiston – onalar va bolalar salomatligiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan mamlakat
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aholi salomatligini mustahkamlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish xususida qabul qilingan qarorlar va dasturlar ijrosini ta’minlash bugunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Ana shu ezgu ishlarni amalga oshirishda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bir qator xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. 1993 yilda tashkil etilib, ayni vaqtda el salomatligi yo‘lida kamarbasta bo‘layotgan jamg‘armaning 20 yilligini nishonlash uchun qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Dunyoning qator mamlakatlaridan kelayotgan delegatsiyalar bugun yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuksak baho berishmoqda.
Tomas Yakobs, “Fridenzdorf Interneyshnl” xalqaro tashkiloti rahbari (Germaniya):
– Har gal yurtingizga kelganimda bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib lol qolaman. Ayniqsa, mamlakatingiz poytaxti qisqa davr oralig‘ida tanib bo‘lmas darajada o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Qolaversa, bugun O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan tub islohotlar, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir qilinayotgan amaliy ishlar nafaqat yurtingizda, balki xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda, chuqur o‘rganilmoqda. Yurtingizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” xalqaro simpoziumi, tibbiyotga doir ko‘rgazmalar buning yaqqol tasdig‘idir.
Ayni paytda dunyoning juda ko‘plab mamlakatlariga ekologik muammolar, turli kasalliklar, onalar va bolalar o‘limi jiddiy xavf solmoqda. Bu esa nafaqat o‘sha mamlakatlarning, balki butun insoniyat oldida yechimini kutib turgan jiddiy muammolardir. Quvonarlisi, mamlakatingiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq bu boradagi muammolarni bartaraf etishga jiddiy e’tibor qaratdi. Natijada, O‘zbekiston onalar va bolalar salomatligiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylandi.
Pak Pyong Ryol, “KOFIH” xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti Vitse-prezidenti (Koreya):
– Men bir necha bor O‘zbekistonda bo‘lganman. Har gal kelganimda yurtingizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ilhomlanaman, yangi g‘oyalar olaman. Hukumatingiz tomonidan tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar esa tahsinga loyiq.
O‘zbekiston va Koreya davlatlari o‘rtasida ko‘plab sohalar singari sog‘liqni saqlash jabhasida ham mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tishni istardim-ki, ikki tomonlama hamkorlik aloqalari natijasida har ikki davlat sog‘liqni saqlash sohasida fikr va tajriba almashish, shifokorlar malakasini oshirish tibbiy xizmat sifatining yuksalishiga yordam bermoqda. Barcha sa’y-harakatlarimiz onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan.
Men bugun “KOFIH” kompaniyasi nomidan O‘zbekiston hukumati, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga samarali va do‘stona hamkorlik uchun chuqur minnatdorlik izhor qilaman.
Jamila HAYDAROVA