Yangi o‘quv va xizmat markazi ochildi
Poytaxtimizda zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini o‘rganadigan va ularga texnik xizmat ko‘rsatadigan yangi markaz ochildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari vakillari, Germaniyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti, Rossiyaning “Soyuzmedservis” markazi mutaxassislari, shifokorlar, talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari B.Yusufaliyev va boshqalar mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga qaratilayotgan e’tibor inson manfaatlarini muhofazalash va xalqimizning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Joriy yilning o‘tgan davrida bu borada Prezidentimizning qator farmon va qarorlari qabul qilindi. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida muhim chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.
Birlamchi tibbiy-sanitariya bo‘g‘inini takomillashtirish, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiyot tizimini zamonaviylashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, dori-darmon ta’minotini yaxshilash, narx-navo mutanosibligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Hozirgi kunda mamlakatimiz tibbiyot tizimida zamonaviy ultratovush tahlil, rentgen apparati, kompyuter tomograf, magnit rezonans tomograf, kardiograf, endoskop, laparoskop, doppler kabi yuqori texnologiyalardan samarali foydalanilmoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Germaniyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti bu borada maxsus loyihani amalga oshirmoqda. Uning doirasida keyingi yillarda tashkil etilgan seminar-treninglarda mingdan ziyod shifokor, hamshira, tibbiyot texnikasiga servis xizmati ko‘rsatuvchi mutaxassis malaka oshirdi. Yangi markazning tashkil etilishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Markazning o‘quv va amaliyot binosi zamonaviy o‘quv-uslubiy axborot texnologiyalari va tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda tibbiyot texniklari malakasini oshirish, soha uchun mutaxassislar tayyorlash barobarida, tibbiyot texnikalariga xizmat ko‘rsatiladi. Jahon tibbiyotining bu boradagi ilg‘or yutuqlarini o‘zlashtirish maqsadida taraqqiy etgan xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yanada kengayadi.
– Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlash sohasi oldiga qo‘yilgan muhim vazifalarni o‘z vaqtida bajarish, xalqimizning tibbiy xizmat sifatidan rozi bo‘lishini ta’minlashda tibbiyotning barcha bo‘g‘inida yuqori texnologiyali usul va vositalardan foydalanish samaradorligini oshirish muhim vazifadir, – deydi Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori vazifasini bajaruvchi H.Oqilov. – Bu chora-tadbirlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor berilmoqda. Sog‘liqni saqlash muassasalari yangi diagnostika va davolash vositalari bilan jihozlanayotir. Ulardan samarali foydalanish va yaroqlilik muddatini uzaytirishda tibbiyot texnikalariga servis xizmati ko‘rsatishning ahamiyati katta. Shu maqsadda institutimizda tibbiyot texniklarini tayyorlaydigan yangi kafedra ochishni rejalashtirmoqdamiz.
Tadbirda davlat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilayotgan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga oid loyihalar xususida ma’lumot berildi.
B.XIDIROVA,
O‘zA muxbiri